Jamiyat | 09:56 / 24.07.2017
12235
4 daqiqa o‘qiladi

Asakada benzin muammosi viloyat mutasaddisi bilan birgalikda o‘rganildi

Kun.uz tahririyati tomonidan e'lon qilinadigan ijobiy va tanqidiy maqolalar ommaga taqdim qilinishidan  oldin, albatta, tahlil qilib chiqiladi. Chunki turli sohalardagi kamchiliklar yuzasidan berilgan har bir murojaat joyiga borib o‘rganilganidan so‘ng o‘sha muammo haqida to‘liq ma'lumotga ega bo‘lasiz. Joylardan murojaat kelib tushgach, avvalo, o‘sha soha mutasaddisiga yuzlaniladi.

Andijon viloyati, Asaka shahrida yashovchi fuqaro o‘zi yashaydigan hududda joylashgan avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchasi (AYoQSh) faoliyatidan norozi ekanligi yuzasidan murojaat qildi. Uning arzida shoxobchada yoqilg‘ining muntazam bo‘lmasligi, maskanda ishlaydigan xodimlarning muomala  madaniyati yaxshi emasligi haqida yozilib, shoxobchada benzin tugashi bilan atrofdagi xonadonlarda noqonuniy sotilayotgani aytilgan edi. Ushbu muammoni batafsil o‘rganish, umuman Andijon viloyatidagi AYoQShlar faoliyati bo‘yicha “Andijon neft baza” unitar korxonasi ma'muriyatiga aloqaga chiqdik. Korxona rahbari holatni joyida o‘rganish uchun birga borishimiz haqida aytgach, bizga murojaat qilgan fuqaro ham o‘sha AYoQShga keldi. Asaka shahridagi 5 AYoQSh rahbari Ibrohimjon Oxunov va  xodimlari tomonidan olib borilayotgan faoliyat maskani fuqarolar guvohligida tahlil qilindi. AYoQSh rahbari va xodimlarga yuqoridagi kamchiliklarni bartaraf qilish yuzasidan ish olib borilishi uqtirib o‘tildi.

- Har bir hududning o‘ziga xos jihatlari bor. Asaka sanoat shahri hisoblanadi va uning hududida smenali ish tashkil qilinadigan korxonalar faoliyat yuritadi, - deydi “Andijon neft baza” unitar korxonasi rahbari Sultonbek Abdurahmonhojiyev. – Aholi tomonidan kechki paytda ishdan chiqqanidan so‘ng shoxobchada benzin yoqilg‘isi tugab qolayotgani haqidagi e'tirozini o‘rganib chiqdik. Ko‘rib turganingizdek, ushbu murojaatni ijobiy hal qildik. Aholi tomonidan sohadagi kamchiliklar yuzasidan qilingan har bir e'tirozni o‘rganib chiqish harakatidamiz.

Shundan so‘ng Andijon tumanidagi 3-yoqilg‘i quyish shoxobchasida bo‘lib, u yerdagi holatni o‘rgandik. 

“Andijon neft baza” unitar korxonasi viloyatdagi 128ta yoqilg‘i quyish shoxobchasiga xizmat ko‘rsatadi.  Hozirda 128 ta AYoQShdan 98 tasi muntazam faoliyat ko‘rsatmoqda. 

Korxona mutasaddisining bildirishicha, har bir AYoQShda neft baza tomonidan yetkazib berilgan avtobenzin miqdorlarini aholiga to‘liq sotilishi, nostandart idishlarga mahsulot quyilmasligi, belgilangan narxdan oshirib sotishga yo‘l qo‘ymaslik hamda suyultirilgan va siqilgan gazda harakatlanuvchi avtotransport vositalariga neft mahsulotlarini avtomashina bakiga me'yorida quyilishini nazorat qilish maqsadida har bir xususiy AYoQShga korxona ishchi-xodimlaridan vakillar biriktirilib, vakolatli davlat idoralari bilan hamkorlikda kunlik monitoring tadbirlari olib borilmoqda.

Yuqoridagi o‘rganish viloyatdagi ikkita AYoQSh misolida olib borilganini hisobga olgan holda, bu bilan Andijondagi barcha shoxobchalarda muammoli holat tugatildi, degan xulosaga kelmaslik kerak. Chunonchi, bugungi kunda har bir yo‘nalishdagi kamchiliklarni hal etishda murojaatlar o‘rganilib, mavjud holatlar birin-ketin hal qilib boriladi. Mutasaddilar aholining e'tirozlarini o‘rgansa, hal qilsa, aholiga qulaylik tug‘dirilishi aniq.       

Kun.uz muxbiri Elmurod Ermatov, Andijon

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid