O‘zbekiston | 17:50 / 22.09.2017
15763
2 daqiqa o‘qiladi

«Fidoyi yoshlar otryadlari» Toshkent viloyatida namunaviy tarzda tashkil etiladi

Foto: O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi

Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan yoshlar masalalari bo‘yicha respublika idoralararo kengashi majlisining Bosh vazir A.Aripov tomonidan 2017 yilning 19 sentabr kuni tasdiqlangan bayonida qayd etilishicha, Yoshlar ittifoqi, Madaniyat vazirligi, «O‘zbekkonsert» davlat muassasasi bilan birga paxta terimiga jalb etilmagan uyushmagan yoshlar otryadlari a'zolarini rag‘batlantirish, ularning dam olish vaqtlarini maroqli o‘tkazishi uchun turli madaniy-ma'rifiy tadbirlarni yuqori saviyada tashkil etib boradi.

Shuningdek, Sog‘liqni saqlash vazirligi, «Dori-darmon» kompaniyasiga uyushmagan yoshlar otryadlari a'zolari uchun yotoqxona va (palatka) shiyponlarda kechayu-kunduz sog‘liqni saqlash xodimlaridan iborat navbatchilik tashkil etish hamda zarur bo‘lgan dori-darmon vositalarini yetkazib berish choralarini ko‘rish topshirildi.

O‘zbekiston fermerlari Kengashiga uyushmagan yoshlar otryadlari faoliyat olib boradigan fermer xo‘jaliklarida ular uchun zaruriy sharoitlarni yaratish tavsiya etildi.

«Fidoyi yoshlar otryadlari»ni Toshkent viloyatida namunaviy tarzda tashkil etilishi ko‘rsatib o‘tilgan.

Toshkent viloyati hokimligi bir kun muddatda uyushmagan yoshlarni (18-30 yoshgacha) uyushmagan yoshlar otryadiga to‘liq jalb qilish, jumladan Toshkent viloyati tarkibidagi tuman (shahar)lar kesimida har bir otryadga 200 nafargacha a'zolarni biriktirilishi bo‘yicha choralarini ko‘rishi belgilab qo‘yilgan.

KUN.UZ’ga vaziyat bilan tanish manbalarning tasdiqlashicha, uyushmagan yoshlar deganda hech qayerda ishlamayotgan, o‘qimayotgan yoshlar tushuniladi. Aynan ulardan otryadlarga jalb etiladi. «Fidoyi yoshlar otryadlari»ga baribir talabalar majburiy jalb etilishi haqidagi mish-mishlar asossizdir.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid