Jahon | 14:40 / 06.12.2017
7369
3 daqiqa o‘qiladi

Yana KXDR muammosi. Janubiy Koreya prezidenti Xitoyga boradi

Foto: AP

Koreya Respublikasi prezidenti Mun Chje In Xitoyga 13-16 dekabr kunlari davlat tashrifi bilan boradi. Bu haqda idora rasmiy vakili Lu Kanning XXR TIV saytida joylashtirilgan bayonotida aytiladi.

Hujjatda ta'kidlanishicha, tashrif XXR raisi Si Tszinpinning taklifi bo‘yicha amalga oshiriladi. Janubiy Koreya prezidentining Xitoyga tashrifi dasturi nimalardan iborat ekani ochiqlanmagan.

Shu bilan birga, Janubiy Koreya yetakchisi ma'muriyatining tarqatgan xabariga ko‘ra, prezident Xitoyda KXDR raketa-yadro muammosini muhokama qiladi.

"Kutilishicha, Mun Chje In uch kunlik davlat tashrifi davomida XXR rais Si Tszinpin bilan o‘zaro muzokaralarda KXDR raketa-yadro dasturi mavzusini tilga oladi", - deya ta'kidlanadi xabarda.

Koreya yarim orolidagi keskinlik KXDR raketa va yadro dasturini faol rivojlantirayotgani, shuningdek AQSh hamda uning mintaqadagi ittifoqchilarining harbiy mashg‘ulotlari tufayli saqlanib turibdi. KXDR iyulda ikki marta ballistik raketa sinovini o‘tkazdi, 29 avgust va 15 sentabr kuni esa yana ikkita raketani uchirdi, ular Yaponiya hududi ustidan uchib o‘tgan, 3 sentabrda esa vodorod zaryadi muvaffaqiyatli sinalgani haqida e'lon qildi. BMT Xavfsizlik kengashi shu sababdan respublikaga nisbatan xalqaro sanksiyalar rejimini keskin kuchaytirdi. 

KXDR sentabr oyi o‘rtalaridan boshlab, 75 kun davomida qandaydir provokatsiya harakatlaridan tiyilib turdi, biroq 29 noyabr kuni "Xvason-15" qit'alararo ballistik raketasini uchirdi. Ekspertlarning fikriga ko‘ra, bu prinsipial jihatdan yangi raketa 13 ming kilometrga qadar bo‘lgan masofani bosib o‘tishi mumkin. AQShning deyarli barcha hududi nishonga aylanishi ham mumkinligi istisno etilmadi.

Pekin va Seul munosabatlari esa so‘nggi vaqtlarda raketalarga qarshi mudofaa muammolari tufayli unchalik yaxshi emas. 2016 yilning iyunida Janubiy Koreya hukumati o‘z hududida Amerikaning THAAD zenit-raketa majmuasini joylashtirish haqida qaror qabul qildi. Yer usti raketalarga qarshi mudofaa tizimi parvoz trayektoriyasining o‘rta bosqichi yakuniy nuqtasida va nishonga yaqinlashganida ballistik raketalarning bosh qismini tutib olishi mumkin. 

Koreya yarim orolida THAAD tizimini joylashtirishga KXDR tomonidan keluvchi raketa-yadro tahdidiga doimiy ravishda qarshi turish asos bo‘lib xizmat qildi. Xitoy va Rossiya bunga qat'iy qarshi chiqdi, ularning fikricha, bu qadam o‘zlarining strategik xavfsizligiga tahdid uyg‘otadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid