Sport | 13:10 / 23.01.2018
15786
2 daqiqa o‘qiladi

Qishki olimpiadada O‘zbekiston sharafini himoya qiladigan sportchilar nomi ma'lum

Yana 17 kundan so‘ng Koreya Respublikasining Pyongchang shahrida XXIII qishki Olimpiya o‘yinlari start oladi. Unda sayyoramizning 90ta davlatidan 6500dan ziyod sportchi va rasmiy shaxslar ishtirok etishi kutilmoqda, deb yozadi MOQ rasmiy sayti.

2018 yilgi qishki Olimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston sharafini ikki nafar sportchi himoya qiladi. Bular — figurali uchish bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a'zosi Misha Ge va tog‘ chang‘isi sporti bo‘yicha mamlakat terma jamoasi yetakchisi Komiljon To‘xtayev. 

Musobaqalarga birinchi bo‘lib Misha Ge kirishadi. U 16 fevral kuni «Gangneung Ice Arena» muz saroyida figurali uchishning qisqa dasturida chiqish qilsa, ertasiga, 17 fevralda erkin dasturda o‘z omadini sinab ko‘radi.

Komiljon To‘xtayev 18 fevral kuni tog‘ chang‘isining gigant slalom bahslarida ishtirok etadi. 22 fevralda esa slalom bo‘yicha musobaqada qatnashadi. Tog‘ chang‘isi bo‘yicha bellashuvlar «Yongpyong Alpine Centre» majmuasida bo‘lib o‘tadi.

Ma'lumot uchun, XXIII qishki Olimpiya o‘yinlari Koreya Respublikasining Pyongchang shahrida 9–25 fevral kunlari davomida bo‘lib o‘tadi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid