Jahon | 22:00 / 03.04.2018
12892
3 daqiqa o‘qiladi

Saakashvili Gruziyaga qaytib, mafiyadan o‘ch olmoqchi

Foto: RIA Novosti

Gruziyaning sobiq prezidenti Mixail Saakashvili vatanga qaytib, hozirgi hukumatni almashtirmoqchi. Siyosatchining videomurojaati Facebook tarmog‘idagi «Yedinogo natsionalnoye dvijyeniya» sahifasida e'lon qilingan.

«Bugun Gruziyadagi iqtisodiy vaziyat halokatli darajaga kelib qolgan. Sababi — mamlakatda Ivanishvili [sobiq bosh vazir] boshchiligidagi mafiya quturgan», — degan gruzinlarning sobiq prezidenti.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat bank mafiyasi qo‘lida garovda qolgan. «Ivanishvili Rossiyada nima qilgan bo‘lsa, Gruziyada ham shuni qildi — bir necha bank orqali har bir gruzin oilasini qarzdorga aylantirdi», — deya qo‘shimcha qilgan u

«Men bu mafiyaga qarata aytaman, biz ularning boshqaruvini yo‘qqa chiqaramiz. Biz gruzin oilalariga, har bir gruzinga, haqiqiy gruziyalik tadbirkorlarga, o‘rta va kichik tadbirkorlik vakillariga iqtisodiy hokimiyatni qaytaramiz», — deya va'da bergan Saakashvili.

Siyosatchi mamlakatni qutqarish rejalari bilan o‘rtoqlashgan. «Yuzaga kelgan xavfni faqat iqtisodiy o‘sish va hayot darajasini ko‘tarish bilan bartaraf etish mumkin. Men bu ish bilan shaxsan shug‘ullanmoqchiman. Hozirda menga Gruziyaga qaytmasligim uchun ayblovlar e'lon qilishmoqda. Meni kuting. Men Gruziyaga qaytaman va o‘z jamoam bilan birgalikda o‘z dasturimni amalga oshiraman. Men gruzin xalqini g‘amda qoldirmayman», — degan u va Gruziyada 2018 yilning o‘zidayoq hukumat o‘zgarishiga va'da qilgan.

Mart oyida Saakashvili «Yedinogo natsionalnoye dvijyeniya»dagi tarafdorlarini prezidentlik sayloviga tayyorlanishga chaqirgan va yana Gruziyada hukumat tepasiga kelish niyatida ekanini bildirgandi.

Gruziya prezidentligi uchun navbatdagi saylovlar 2018 yil oktabriga mo‘ljallangan. Amaldagi davlat rahbari Georgiy Margvelashvili ikkinchi muddatga saylanishi ham mumkin.

Mixail Saakashvili 2004-2013 yillarda Gruziya prezidenti bo‘lgan, u asos solgan «Yedinoye natsionalnoye dvijyeniye» partiyasi bu davrda hukumatni boshqargan. 2014 yilda Saakashviliga qarshi Gruziyada bir necha jinoiy ish ochilgan, unga qidiruv e'lon qilingan.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid