O‘zbekiston | 19:10 / 07.04.2018
7110
2 daqiqa o‘qiladi

Bo‘sh turgan davlat sport obektlari «xususiy shaxslar»ga beriladi

Foto: Norma.uz

Bu Vazirlar Mahkamasining 28.03.2018 yildagi «Jismoniy tarbiya va sport sohasida tadbirkorlikni hamda xususiy sektorni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 248-son qarorida nazarda tutilgan, deb yozmoqda Norma.
 
Jismoniy tarbiya va sport vazirligining jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish va sport inshootlari, shu jumladan bo‘sh turgan va faoliyat ko‘rsatmayotgan inshootlari, shuningdek, suzish havzalari bazasida jismoniy tarbiya-sport hamda sog‘lomlashtirish xizmatlari davlat-xususiy sheriklik (DXSh) asosida ko‘rsatila boshlaydi. Hujjatdan kelib chiqishicha, bu quyidagicha amalga oshiriladi:
 
a) DXSh asosida tashkil etilgan sub'yektlarga ijara to‘lovi bo‘yicha imtiyozlar bergan holda bunday obektlarni ijaraga berish yo‘li bilan; 
 
b) davlat mulki bo‘lgan va foydalanilmayotgan binolar, obektlar hamda inshootlarni sog‘lomlashtirish xizmatlarini ko‘rsatish faoliyati bilan shug‘ullanadigan yuridik shaxslarga sotish yo‘li bilan.
 
Xususan, u yerda pullik sport to‘garaklari, seksiyalari ochiladi va boshqa sport-sog‘lomlashtirish tadbirlari tashkil etiladi. Bu pullik sog‘lomlashtirish xizmatlari bozorini rivojlantirish, odamlarga ularni muqobil tarzda olish imkonini beradi.
 
Sport inshootlarida aholiga sog‘lomlashtirish xizmatlarini ko‘rsatish tartibi 2 oy muddatda alohida nizomda aks ettiriladi. Biroq 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar, nogironlar va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj boshqa toifalariga imtiyozli shartlar asosida yoki bepul xizmatlar ko‘rsatilishi hozirdan ma'lum.
 
Hujjat 31.03.2018 yildan kuchga kirdi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid