Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yakkabog‘ tumani rahbarlari yosh tadbirkorga nega “ko‘cha”chasiga shart qo‘ymoqda?
Singapur haqda eshitganmisiz? Janubiy Koreya yoki Germaniya haqda-chi? Eshitgansiz va tinglab yoki televizordan tomosha qilib huzur qilgansiz. Rivojlangan, farovon, chiroyli davlatlar-a? Qiziq, O‘zbekistonimiz qachon shu darajaga yetarkan? Gapning ochig‘ini aytaymi, tadbirkorlarni bo‘g‘adigan bo‘lsak, hech qachon! Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumani misolida gapimni davom ettiraman.
Aynan mana shu tumanda “Yakkabog‘ marmari” degan korxona faoliyat yuritadi. Rahbari endigina 32 yoshni qarshilagan Sanjar Safarov degan yigit. Yosh, navqiron, rejalari va maqsadlari bisyor tadbirkor. Ammo u boshlagan ish bugun o‘z yechimini kutmoqda, uning ishlari esa o‘lda-jo‘lda...

Gap shundaki, Sanjar Safarov o‘z biznesini yanada kengaytirish, qo‘shimcha ishchi o‘rin tashkil qilish maqsadida g‘isht ishlab chiqarish korxonasi yaqinida joylashgan, Yakkabog‘ tuman hokimiyati zaxirasida 10 yillab yotgan yerni so‘rab 2017 yilning noyabr oyida hokimga murojaat qiladi. 2018 yilning mart oyida Yakkabog‘ tuman hokimi tadbirkorning muammosini hal etib, yerni ishlatish to‘g‘risidagi qarorga qo‘l qo‘yib beradi. Ammo mana shu qaror hokim o‘rinbosari Mansur To‘ymayevning qo‘liga tushib qoladi va o‘z-o‘zidan tushunarsiz talablar yuzaga chiqishni boshlaydi.

- Men hokimning qaroridan so‘ng, yerni haydash va unga sabzavot mahsulotlarini ekish uchun zarur texnika vositalariga buyurtma berib qo‘ygan edim, - deydi Sanjar Safarov. – Ammo hokim o‘rinbosari “bu yerni ishlata olmaysan, hokim qarori menda, agar ishlatmoqchi bo‘lsang, tadbirkor amakingning yerlarini, issiqxonalarigacha, hokimiyat hisobiga o‘tqazib ber”, deb qoldi. Bu nima degani? Bu “ko‘chachasi”ga gaplashishmi? Men nega amakimning yerini hokimiyat hisobiga o‘tkazib berishim kerak? Amakim o‘z vaqtida soliqlarni to‘layotgan bo‘lsa, mana shu ishi ortidan qora qozoni qaynayotgan bo‘lsa, nega bunday qilishim kerak, qayerda yozilgan qoida bu?

Sanjarning aytishicha, mazkur yerni obod qilish, unda ekin ekish va buning ortidan bir necha kishini ish bilan band qilish maqsadida 1200 metr masofaga quvur tortyapti, maqsad: u yerga suv olib borish. Bu borada mutaxassislar bilan maslahatlashgan tadbirkor 32 metr balandlikka suv tortib borish kerak. bundan tashqari, har biri 330 ming so‘m turadigan 12 ta ustun joylashtirilyapti. 12 million so‘mga nasos uskunasi xarid qilingan. Va nihoyat yerni haydaydigan traktor zang bosib yotibdi. Yuqorida aytib o‘tganimizdek, tadbirkorning ishlari o‘lda-jo‘lda.

Vaziyatga yanada oydinlik kiritish maqsadida, tuman hokimi Jahongir Boboyev bilan bog‘landik. Ammo hokim bunday tadbirkor borligini hatto eslay ham olmadi. O‘rinbosar Mansur To‘ymayev esa “hammasini hal etamiz”, degan gapdan nariga o‘tmadi.
Xullas shunday gaplar... Bir tadbirkor o‘z tumanini obod etish, shu asnoda bir necha qorako‘zni ishli qilish, o‘z biznesini kengaytirish tashvishida, eng asosiysi, barcha ishlarini qonuniy hal etish maqsadida chang bosib yurganda, hokimiyat vakillari o‘zini bunday tutayotgani tushunarsiz. Prezident tadbirkordan nari yur, hey baraka topgur, u xalqni boy qiladi, deb turganida tuman rahbarlarining ishi ajablanarli.

- Gohida o‘z ishimdan ko‘nglim sovib ketadi, ishlagilarim kelmaydi. Qog‘ozbozlik juda jonimga tegdi. Men tadbirkorman, ishlashimga qo‘yishsin. Rossiyaga ketib ishlay desam, qo‘limdan qora ish kelmaydi. Nima qilay? Hali yoshman, mening ham ota-onam, oilam bor. Ularga juda kam vaqt ajrataman. Muammolar juda ko‘p, hammasi mana byurokratizmning ortidan... – deb dardini to‘kib soldi Sanjar.
Ayni damda tadbirkorga o‘sha tashlandiq yer kerak. U o‘sha yerda ekin ekib, korxonasida ishlayotgan xodimlarga qo‘shimcha moddiy ko‘mak berib, ularni dehqonchilik qilishlariga sharoit qilmoqchi. O‘ylaymizki, tuman rahbarlari bu borada xolis, zamonaviy va qonunga asosan yondashib ish tutishadi.
Sarvar Anvar o‘g‘li,
KUN.UZ muxbiri
Mavzuga oid
12:37 / 19.12.2025
Yakkabog‘ hokimligining o‘zbek “demokratiyasi”ga qarshiligi sindi. Qayrag‘och aholisi suv bilan ta’minlanadi
16:14 / 18.12.2025
“Xalqning haqidan qo‘lingizni torting, hokim bobo!” - Yakkabog‘ning Qayrag‘ochidan murojaat
15:01 / 10.11.2025
Toshkent shahri va Xorazmda tadbirkorlik zichligi eng yuqori
15:11 / 04.11.2025