Jahon | 14:24 / 10.06.2018
15281
3 daqiqa o‘qiladi

Si Tszinpin ShHT davlat rahbarlari kengashi yig‘ilishida nimalar haqida so‘zladi?

Foto: RIA Novosti

Xitoy Xalq Respublikasi (XXR) raisi Si Tszinpin ShHT davlat rahbarlari kengashining kengaytirilgan tartibdagi (kuzatuvchi maqomidagi mamlakatlar va qator xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirokidagi) yig‘ilishida kirish nutqini so‘zladi. Bunga qadar ShHTning sakkiz mamlakat yetakchilari tor doirada uchrashuv o‘tkazishdi.

"Kuch-qudrat, birlik va o‘zaro ishonch kuchini oshirish zarur, Tsindao deklaratsiyasi, ShHT mamlakatlarining uzoq muddatli ahil qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik aloqalari to‘g‘risidagi kelishuvni amalga oshirishga doir harakatlar rejasini to‘laqonli amalga oshirish muhim", - dedi Si Tszinpin. 

U ShHTning barcha mamlakatlari bir-birining mustaqil rivojlanish yo‘lini hurmat qilishi, asosiy manfaatlar va muammolarini inobatga olishi, o‘zaro tushunishni mustahkamlashi, tashkilotning joziba kuchini oshirishi kerakligini ta'kidladi. 

"Tinchlik va xavfsizlikni birgalikda ta'minlash uchun mustahkam asos yaratish kerak, ShHTning 2019-2021 yillar uchun "uch yovuzlik kuchi"ga qarshi kurash dasturini faol bajarish, "Tinchlik missiyasi" qo‘shma antiterror mashqlarini o‘tkazish, mudofaa va xavfsizlik, axborot xavfsizligi hamda huquq-tartibot organlari liniyasi bo‘yicha hamkorlik aloqalarini kuchaytirish muhim", - dedi u.

"Fursatdan foydalanib, Xitoy ShHT banklararo birlashuv doirasida 30 milliard yuanga baholanuvchi maqsadli kredit dasturini ishga tushirishi haqida e'lon qilmoqchiman", - dedi Tszinpin.

Shanxay hamkorlik tashkiloti doimiy faoliyat yurituvchi hukumatlararo xalqaro tashkilot bo‘lib, u 2001 yilning 15 iyunida Shanxayda ish boshlagan. Bugunga kelib ShHTga a'zo mamlakatlar safidan Xitoy, Rossiya, Hindiston, Pokiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston joy olgan. Afg‘oniston, Belarus, Eron va Mo‘g‘uliston ShHT qoshidagi kuzatuvchi-mamlakatlar maqomiga ega. Bundan tashqari, Armaniston, Shri-Lanka, Nepal, Kamboja, Turkiya va Ozarboyjon tashkilotning muloqot bo‘yicha hamkorlari hisoblanadi.

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid