O‘zbekiston | 15:57 / 18.09.2018
12556
3 daqiqa o‘qiladi

Ko‘chmas mulk bo‘yicha hukumat qarori qabul qilinadi

Foto: iStock

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Ko‘chmas mulklarni tasarruf etish, ulardan foydalanish va ularni boshqa shaxsga berishni tartibga solishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Hujjatda qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining “Nizolarning oldini olishga qaratilgan institut sifatida notariat tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018 yil 25 maydagi PQ–3741-son qarori bilan 2019 yil 1 yanvardan boshlab ko‘chmas mulk bilan bog‘liq bitimlarni notarial tasdiqlash faqat “Davlat belgisi” davlat ishlab chiqarish birlashmasi tomonidan tayyorlanadigan, himoya darajasiga, seriyaga, tartib raqamiga va hududiy kodga ega bo‘lgan qat'iy hisobot beriladigan gerbli (maxsus) blankalarda amalga oshirilishi belgilangan.

Belgilanishicha, gerbli (maxsus) blankalar O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan shakl bo‘yicha “Davlat belgisi” davlat ishlab chiqarish birlashmasi tomonidan tayyorlanadi.

Konsullik muassasalari ishonchnomalarning gerbli (maxsus) blankalari bilan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan ta'minlanadi.

Gerbli (maxsus) blankalardagi ishonchnoma va shartnomalar notarial tartibda tasdiqlanganligi uchun eng kam oylik ish haqining 20 foizi miqdorida gerb yig‘imi undiriladi.

Gerb yig‘imidan tushadigan mablag‘lar O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining g‘aznachilik hisob raqamlariga o‘tkaziladi va gerbli blankalar tayyorlashga hamda boshqa shaxsga berish taqiqlangan va xatlab qo‘yilgan ko‘chmas mulklar to‘g‘risidagi elektron ma'lumotlar bankini yaratishga, shuningdek adliya organlari va muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va xodimlarini moddiy rag‘batlantirish tadbirlariga maqsadli tartibda sarflanadi.

Ko‘chmas mulklarni boshqa shaxsga berish taqiqlanishi va taqiq olib tashlanishi, shuningdek boshqa shaxsga berish taqiqlangan va xatlab qo‘yilgan ko‘chmas mulklar to‘g‘risidagi elektron ma'lumotlar bankini shakllantirish tartibi manfaatdor idoralar bilan kelishgan holda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi bilan birgalikda tasdiqlanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda:

davlat notarial idoralarida ko‘chmas mulklarni boshqa shaxsga berish va taqiqlanganligi va xatlab qo‘yilganligi to‘g‘risidagi elektron ma'lumotlar banki shakllantirilishini ta'minlaydi;

o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtiradi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid