Jahon | 07:30 / 18.09.2018
16617
2 daqiqa o‘qiladi

Oyga sayohat qiladigan ilk odam kim bo‘lishi ma'lum qilindi

Foto: SpaceX

SpaceX kompaniyasi tomonidan yaratilayotgan BFR raketasida Oyga sayohat qiladigan ilk sayyoh yaponiyalik milliarder Yusaku Maedzava bo‘ladi. Bu haqda kompaniya rahbari Ilon Mask maxsus marosimda ma'lum qildi. 

Avvalroq SpaceX Oy atrofida aylanib chiqadigan ilk sayyoh bilan kelishuv tuzganini ma'lum qilgandi.  

Maskning aytishicha, yangi raketaning Oyga parvozi va ortga qaytishi 4-5 kun oladi. U parvoz qachon amalga oshishiga oydinlik kiritmagan, biroq kosmik sayyoh ushbu voqea 2023 yilda yuz berishini ma'lum qilgan.

“2023 yilda parvoz egasi sifatida 6-8 nafar san'at vakilini men bilan Oyga parvoz qilishga taklif qilaman”, deb aytgan Maedzava va parvoz yangi san'at asarlarini yaratishga ilhomlantirishiga umid bildirgan. Maedzava kompaniyaga u va boshqa odamlar orzularini ro‘yobga chiqarishdagi ko‘magi uchun minnatdorlik bildirgan.

Foto: SpaceX

Maskning ma'lum qilishicha, kompaniya yangi raketani qurishni boshlab yuborgan. Biroq SpaceX yaponiyalik Oyga parvoz uchun qancha pul to‘lashini sir tutmoqda.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid