O‘zbekiston | 15:45 / 19.10.2018
95480
5 daqiqa o‘qiladi

Lola Karimova Vladimir Putin va Shavkat Mirziyoyevga minnatdorlik bildirdi

Foto: Facebook/Lola Karimova

Moskva shahri markazida joylashgan xiyobonda O‘zbekiston Respublikasi birinchi prezidenti Islom Karimovga o‘rnatilgan haykalni rasmiy ochish marosimi bo‘lib o‘tgandi.

Prezident Islom Karimov o‘z vasiyatiga ko‘ra kindik qoni to‘kilgan Samarqand shahrida dafn etildi. Har kuni o‘n mingdan oshiq ziyoratchi birinchi prezident ruhiga hurmat bajo etish uchun uning maqbarasiga tashrif buyuradi, deb yozadi Karimov Fondining rahbari Lola Karimova-Tillayeva.

“Moskvadagi yodgorlik hamda Islom Karimov nomi bilan atalgan xiyobon an'analar va madaniyatning betakror uyg‘unligini, shu bilan birga, davrimiz shiddatini aks ettiradi.
Mahobatli kompozitsiya chuqur ramziylikka yo‘g‘rilgan. Islom sivilizatsiyasining muhtasham tarixiy obidalardan biri bo‘lmish Samarqanddagi afsonaviy Registon maydoni ulug‘vorligini namoyon etuvchi qurilmalar mahobatli yodgorlikning muhim tarkibiy qismi sanaladi. Mazmunan va usul-uslubga ko‘ra betakror bo‘lgan xotira yodgorligida ham haykaltaroshlik, ham me'morchilikka xos teran g‘oya ifodalangan.
Registon – mamlakatning boy tarixiy va ma'naviy merosi ramzidir. Islom Karimov deganda esa xalq tasavvurida “Mustaqillik” tushunchasi namoyon bo‘ladi. O‘zbekiston tarixi sahifalarida o‘chmas iz qoldirgan Birinchi Prezident mamlakatning betakror madaniy va ma'naviy merosini qayta tiklashga ulkan hissa qo‘shgan buyuk davlat arbobidir.

Bizning vazifamiz ushbu xiyobonga tashrif buyurgan har bir insonda mehmondo‘stligi va ko‘p asrlik boy madaniyati bilan shuhrat qozongan o‘zbek zaminiga qadam qo‘yish hissini uyg‘otishdan iborat bo‘ldi. Ta'bir joiz bo‘lsa, bu orqali ona Vatanga muhabbat tarannum etildi.

Bizning ijodiy maqsadimiz ushbu maskanni o‘zbek xalqining milliy o‘zligi va qadim tarixi timsoliga aylantirish hamdir.

Biz uchun xiyobon va mahobatli yodgorlik shahar muhiti va ruhiga uyg‘un bo‘lishi ham muhim ahamiyat kasb etadi”, - deydi u.

Moskva ma'muriyati bilan erishilgan kelishuvga muvofiq, 2017 yilning bahorida Karimov Fondi Rossiya poytaxtida Islom Karimov xotira yodgorligini loyihalash, tayyorlash va o‘rnatish bo‘yicha ishlarni amalga oshirish mas'uliyatini o‘z zimmasiga oldi. Mazkur maskanning bog‘-xiyobon hududi Moskva ma'muriyati tomonidan Karimov Fondi bilan hamkorlikda obodonlashtirildi.

Mustaqillikning ilk yillaridanoq prezident Islom Karimov millatlararo bag‘rikenglik hamda Rossiya va O‘zbekiston xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik munosabatlarini rivojlantirishga katta e'tibor qaratgan.

Yangi xiyobon Rossiya va O‘zbekistonning madaniyatlararo loyihasi bo‘lib, u ikki xalqning ezgu istagini, shuningdek, zamonaviy san'at hamda Markaziy Osiyoning qadim madaniyati uyg‘unligini namoyon etadi.

“Karimov Fondi nomidan Rossiya Federatsiyasining Prezidenti Vladimir Putin, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Moskva shahri meri Sergey Sobyanin, Rossiya Federatsiyasi va O‘zbekiston Respublikasining hukumatlariga katta minnatdorlik bildiraman.

Monumental majmua va xiyobon ustida ish olib borgan bir qator insonlarga ham o‘z chuqur tashakkurimni aytaman:

Pol Dey – mashhur britaniyalik haykaltarosh, Islom Karimovga Moskvada o‘rnatilgan yodgorlikning muallifi;
Sergey Rubalevskiy – xiyobonni obodonlashtirish dizayni ustida ishlagan me'mor va dizayner;
Azam Abdullayev – loyihaning bosh koordinatori;
Oqila Toirova – loyiha koordinatori.

Shuningdek, Islom Karimov nomi bilan atalgan xiyobonni qayta ta'mirlash va obodonlashtirish loyihasini amalga oshirishga hamda Moskvada o‘rnatilgan O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti haykalini inauguratsiyasiga qo‘shgan hissalari uchun Moskva shahri hukumati, Rossiya poytaxti Markaziy ma'muriy okrugi Prefekturasi, Moskva shahri Madaniy meros departamenti, Moskva shahri Turar-joy kommunal xo‘jaligi Departamenti “Markaziy ma'muriy okrugining avtomobil yo‘llari” davlat byudjyet tashkiloti, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Ma'muriyati, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi va O‘zbekistonning Rossiya, Belarus Respublikasi va Germaniyadagi elchixonalariga samimiy minnatdorligimizni bildiramiz”, - deb yozadi Lola Karimova-Tillayeva.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev Vladimir Putinga Moskvada Islom Karimov haykali ochilgani uchun minnatdorchilik bildirgandi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid