Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekistonda Rossiya bilan hamkorlikda sport murabbiylari tayyorlanadi
O‘zbekistonda Vladimir Putin boshchiligidagi Rossiya Federatsiyasining delegatsiyasi tashrifi doirasida birinchi «Rossiya-O‘zbekiston ta'lim forumi» bo‘lib o‘tdi.
Forum doirasidagi belgilangan dasturlar asosida Toshkentdagi Olimpiya shon-shuhrati muzeyida Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev bilan Rossiyaning P.F.Lesgaft nomidagi jismoniy tarbiya, sport va salomatlik milliy davlat universiteti rektori Sergey Bakulev uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.


Dastlab Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev chet ellik mehmon bilan sport sohasi bo‘yicha ikki davlat o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish, qishki sport turlari, sport menejmenti, psixologiyasi bo‘yicha trenerlar tayyorlash, ularning malakasini oshirish sohasida o‘zaro tajriba almashish kabi masalalar muhokama qildi. Unga ko‘ra, bir qator muhim yo‘nalishlar bo‘yicha o‘zaro hamkorlik qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Xususan, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti bilan hamkorlikda qo‘shma diplom beriladigan fakultet va P.F.Lesgaft nomidagi jismoniy tarbiya, sport va salomatlik milliy davlat universitetining filialini ochish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Shundan so‘ng, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti va Rossiya davlat universiteti o‘rtasida o‘zaro hamkorlik shartnomasi imzolandi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi rahbariyati, turli sport turlari bo‘yicha yetakchi trenerlar hamda O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya universitetining professor o‘qituvchilari ishtirok etishdi.
«Yurtingizda prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan jismoniy tarbiya va sport rivojiga qaratilayotgan e'tibor hozirda o‘z natijasini berib, o‘zbek sportchilari jahon arenalarida yuqori o‘rinlarni egallashmoqda. Bizning universitetda ham sportchi va trenerlar tayyorlash bo‘yicha yuqori malakali mutaxassislar va katta ilmiy tadqiqotlar mavjud bo‘lib, siz bilan o‘zaro tajribani o‘rtoqlashishga, hamkorlik qilishga tayyormiz», degan Sergey Bakulev.
Uchrashuv kunida Bakulevga O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining Ilmiy Kengashi qarori asosida «Faxriy professor» unvonini berildi.

Kun davomida rossiyalik mehmon poytaxtdagi bir qator sport inshootlari va ta'lim muassasalari faoliyati, sport bilan shug‘ullanish uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishtirildi.
Ma'lumot uchun, Sankt-Peterburg shahrida joylashgan P.F.Lesgaft nomidagi jismoniy tarbiya, sport va salomatlik milliy davlat universiteti nafaqat Rossiyada balki jahonda o‘z yo‘nalishi bo‘yicha yetakchi oliy ta'lim muassasalaridan biri hisoblanadi. 1896 yilda asos solingan universitetda bugungi kunga qadar 1700dan ortiq xizmat ko‘rsatgan sport ustalari va xalqaro toifadagi ustalari tayyorlangan. Universitetning 300 nafardan ortiq talabalari Yevropa va jahon chempionatlarida g‘olib va sovrindor bo‘lishgan. Universitetda 400 nafarga yaqin pedagog xodimlar faoliyat ko‘rsatib, ularning 76 foizi ilmiy daraja va unvonlarga ega. Professor o‘qituvchilar orasidan olti nafari akademik va yetti nafari turli ilmiy akademiyalar muxbir a'zosi, to‘rt nafari Rossiya Federatsiyasida xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, qirqdan ortig‘i fan doktori va professor, ikki yuzdan ortig‘i esa fan nomzodi va dotsent hisoblanadi.
Mavzuga oid
19:13 / 07.04.2026
Futbol bo‘yicha Superliga o‘yinlari soat 19:00 dan keyin belgilanishi mumkin
19:12 / 07.04.2026
Oliy sport mahorati maktablari o‘rniga «Olimpiya terma jamoalari markazi» tashkil qilinadi
18:34 / 07.04.2026
Ishchilarining sport bilan shug‘ullanishi uchun sharoit yaratgan tadbirkorlarga soliq imtiyozlari beriladi
18:32 / 07.04.2026