Sport | 23:27 / 21.10.2018
9911
3 daqiqa o‘qiladi

«Real» yaqin soatlarda Lopetegini iste'foga chiqaradi

Foto: Getty Images

«Real» bosh murabbiyi Xulen Lopetegi o‘z lavozimini tark etish arafasida.

Marca ma'lumotiga ko‘ra, ispaniyalik mutaxassis bugunning o‘zida iste'foga chiqarilishi mumkin

Bundan avvalroq «Real» murabbiyni YeChL guruh bosqichi doirasida «Viktoriya» Plzen jamoasiga qarshi o‘yingacha iste'foga chiqarmasligi haqida xabar tarqalgandi, ammo jamoani keyingi o‘yingayoq boshqa murabbiy boshlab borishi oydinlashmoqda.

Hozirda bu o‘ringa «Real»ning sobiq futbolchilaridan biri, «Kastilya» murabbiyi bo‘lib turgan Santyago Solari ko‘rilmoqda. Uni Antonio Konte va Loran Blandan munosibroq nomzod sifatida ko‘rishmoqda.

As ma'lumotiga ko‘ra, «Real» prezidenti Florentino Peres jamoaning yana bir sobiq futbolchisi Guti nomzodini ham e'tiborga olib qo‘ygan. U Guti Zinedin Zidanning muvaffaqiyatlarini takrorlay olishiga ishonch bildirmoqda.

Guti bungacha «Real» U-19 jamoasi bilan ishlagan, hozirda «Beshiktosh» murabbiylar shtabida Shenol Guneshga yordamchilik qiladi.

As ma'lumotiga ko‘ra, Solari ham yaxshi nomzod, ammo «Real» u «Kastilya» bilan Segunda B ligasida muvaffaqiyatli ishtirok etayotgani uchun, unga tegmaslikni ma'qul ko‘rmoqda.

Shu bilan birga, «Real» bosh murabbiyi lavozimini keyinroq hozirda «Tottenhem»ni boshqarayotgan Maurisio Pochettino egallashi mumkin. Madrid klubi shu yil yozida ham ushbu argentinalik mutaxassisni jamoaga jalb etishga harakat qilgandi.

Ma'lumot uchun, Ispaniya chempionatining 9-turida «Real» o‘z maydonida «Levante»ga 1:2 hisobida mag‘lub bo‘ldi va g‘alabasiz seriyasini 5 o‘yinga yetkazdi. Bungacha Xulen Lopetegi jamoasi «Sevilya» (0:3), «Atletiko» (0:0), TsSKA (0:1) va «Alaves» (0:1) klublariga qarshi o‘yinlarda muvaffaqiyatsizlikka uchragandi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid