22:10 / 18.12.2018
13330

Toshkentda uyali telefonlarning noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi

Davlat bojxona qo‘mitasining Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish boshqarmasi va Toshkent shahar bojxona boshqarmasi Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar vakillari bilan hamkorlikda uyali telefon apparatlarining katta miqdordagi noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yishdi. Bu haqda qo‘mita axborot xizmati Kun.uz’ga ma'lum qildi.

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasining axborot xizmati

Fuqaro M.X. boshqaruvidagi «Neksiya-2» rusumli avtomashina kuzatuvga olinib, Toshkent shahridagi savdo majmualaridan birining avtoturargohida to‘xtaganida avtomashina xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi. Natijada, avtomashina saloni va yukxonasida xorijda ishlab chiqarilgan jami 361 dona yangi uyali telefon apparatlari borligi aniqlandi. Yuk egasi bo‘lgan fuqaro M.X. dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra qiymati salkam 567 mln. so‘mni tashkil etgan ushbu uyali telefon apparatlariga tegishli hech qanday hujjatlarni taqdim eta olmadi.

Hozirda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

Top