O‘zbekiston | 10:40 / 26.01.2019
11866
7 daqiqa o‘qiladi

Toshkent hayvonot bog‘ida «Akvanarium» va «Safari park» tashkil qilinadi

Foto: tashkentzoo.uz

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Hayvonot bog‘lari faoliyatini yanada takomillashtirish, moddiy-texnika bazasini yaxshilash to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Hujjat bilan hayvonot bog‘larini yanada rivojlantirish hamda ularning faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ilovaga muvofiq tasdiqlanishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi, Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, Toshkent shahar, Surxondaryo va Farg‘ona viloyati hokimliklari:

Toshkent va Termiz hayvonot bog‘lari obektlarini qurish, ularni rekonstruksiya qilish va mukammal ta'mirlash hamda uning infratuzilmasi va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash choralarini ko‘radi;

Toshkent va Termiz hayvonot bog‘larida zamonaviy zoologik laboratoriya va zoomuhandislik ilmiy majmuasini tashkil etish choralarini ko‘radi;

Toshkent hayvonot bog‘i tarkibida davlat xususiy sherikchiligi shartlari asosida “Akvanarium”, “Safari park” hamda veterinariya laboratoriyasini tashkil qilish bo‘yicha asoslantirilgan takliflar ishlab chiqadi;

Toshkent hayvonot bog‘i hududidagi obektlarni qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta'mirlash ishlarini amalga oshirish doirasida:

Toshkent shahar hokimligining “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi — buyurtmachi etib;

“O‘zshaharsozlikLITI” davlat unitar korxonasi — bosh loyihachi etib belgilanadi.

Toshkent shahar hokimligi belgilangan tartibda:

2019-2020 yillarga Toshkent hayvonot bog‘i obektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta'mirlash bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilishini;

hayvonot bog‘idagi obektlarni qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta'mirlash ishlarini bajarish uchun pudrat tashkilotlari sifatli aniqlanishini ta'minlaydi.

Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi Samarqand viloyati hokimligi bilan birgalikda:

O‘zbekiston Respublikasining 2020 yilgi Investitsiya dasturi mablag‘lari doirasida tanlov natijasiga ko‘ra iqtisod qilingan mablag‘lar hisobidan Samarqand hayvonot bog‘i loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish uchun zarur bo‘lgan mablag‘larni ajratish;

belgilangan tartibda ekspertizadan o‘tkazilgan loyiha-smeta hujjatlari asosida hayvonot bog‘ini qurish va jihozlash ishlarini O‘zbekiston Respublikasining kelgusi yillar investitsiya dasturiga kiritadi.

Samarqand viloyati hokimligi Qurilish vazirligi bilan birgalikda Samarqand hayvonot bog‘ini tashkil etishda zarur muhandislik transport infratuzilmalarning mavjudligi, ekologik sharoit, shamol esish yo‘nalishi, yer osti suvlarining sathi, katta suv havzasining yaqinligi va uning suvidan foydalanish imkoniyati, belgilangan hududda umumiy sanitariya-veterinariya holatlar kabi jihatlarini e'tiborga oladi.

Hayvonot bog‘larini qurish va jihozlash bo‘yicha moliyalashtirish manbai etib – O‘zbekiston Respublikasi davlat budjeti, xomiylik xayriyalari va investitsiya mablag‘lari belgilanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tegishli manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda hayvonot bog‘lari faoliyatiga oid quyidagi me'yoriy hujjatlarini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi:

hayvonot bog‘larining namunaviy nizomi va shtatlar jadvali;

hayvonlarni oziqlantirish me'yorlari;

hayvonot bog‘larining veterinariya-sanitariya va zootexnika talablari;

hayvonlarni xalqaro talablarga mos bo‘lgan volerlarda saqlashni ko‘zda tutuvchi talablar;

hayvonlarga xizmat ko‘rsatish me'yorlari;

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi Madaniyat vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda hayvonot bog‘larida faoliyat ko‘rsatuvchi yordamchi va texnik xodimlarni moddiy rag‘batlantirish va ularning oylik ish haqi miqdorini oshirish choralarini ko‘radi.

Shunday tartib o‘rnatiladiki, 2019 yilning 1 iyulidan boshlab hayvonot bog‘larining xizmat ko‘rsatishdan tushgan barcha mablag‘larning 60 foizi moddiy-texnika bazani mustahkamlashga hamda qolgan 40 foizi hayvonot bog‘lari xodimlarini ijtimoiy himoya qilish va ularni moddiy rag‘batlantirishga sarflanishi nazarda tutiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tegishli vazirliklar va idoralar bilan birgalikda:

chet el tajribasini o‘rganib chiqqan holda hayvonot bog‘lari tizimiga zamonaviy texnologiyalarni tatbiq etish va ularni malakali mutaxassislar bilan ta'minlash;

hayvonot bog‘lari moliya-xo‘jalik faoliyatini shaffoflashtirish, daromad manbalarini kengaytirish va tadbirkorlik sub'yektlarini jalb qilish;

hayvonot bog‘larida turli tadbirlarni o‘tkazish hamda ularning faoliyatini ommaviy axborot vositalarida yoritib borish;

hayvonot bog‘lari bazasida qimmatbaho va noyob hayvon turlarini sun'iy chatishtirish hamda yangi juftlarni shakllantirish, kolleksiyalarning tur tarkibini genetik yangilash uchun noyob va yo‘qolib borayotgan hayvonlarni zamonaviy seleksiya va inkubatsiya texnologiyalariga ravon o‘tish chora-tadbirlarini amalga oshirish orqali hayvonot bog‘lari kolleksiyalarini boyitish va kelgusida ularning xorijiy davlatlardagi hayvonot bog‘lari bilan ayirboshlash choralarini ko‘radi.

O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi, Fanlar Akademiyasi hayvonot bog‘larini mahalliy hayvonlar bilan to‘ldirishda yaqindan amaliy yordam ko‘rsatadi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat veterinariya qo‘mitasi tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda hayvonot bog‘lari ehtiyojlari uchun zarur bo‘lgan ozuqa, yem, vitaminlar, veterinariya va biologik vositalarni ishlab chiqarishni mahalliylashtirish choralarini ko‘radi.

Madaniyat vazirligi va Toshkent shahar hokimligining 2024 yilda Toshkent hayvonot bog‘ining 100 yilligini keng nishonlash hamda uning doirasida Yevropa va Osiyo hayvonot bog‘lari va akvariumlari assotsiatsiyasi (“YeARAZA”)ning kengaytirilgan yig‘ilishini o‘tkazish bo‘yicha takliflariga rozilik berilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Madaniyat vazirligi bilan birgalikda mahalliy va xorijiy sayyohlarning turistik marshrutlariga respublikadagi hayvonot bog‘larini kiritish choralarini ko‘radi.

Hayvonot bog‘laridagi barcha kommunal to‘lovlar (gaz, elektr va suv) aholi iste'moli uchun belgilangan narxlarda to‘lanishi tatbiq etiladi.

Kommunal to‘lovlardan iqtisod etilgan mablag‘lar hayvonot bog‘i moddiy texnik bazasini mustahkamlash hamda hayvonlarni saqlashga yo‘naltiriladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid