O‘zbekiston | 14:46 / 28.01.2019
20174
2 daqiqa o‘qiladi

2019 yilda pensiya taqchilligi 4,7 trillion so‘mni tashkil etadi

Foto: KUN.UZ

Joriy yil Budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasida taqchillik yuzaga keldi va 4,7 trillion so‘m budjetdan qoplanishi belgilandi. Bu haqda Moliya vaziri o‘rinbosari Dilshod Sultonov Kun.uz'ga ma'lum qildi. 

«Pensiya sohasidagi islohotlar kerak edi. 1 yanvar holatiga ko‘ra, jamg‘armaning 5 trillion so‘mdan ortiq erkin qoldig‘i bo‘lgandi. Ish haqidan olinadigan 12 foizli yagona ijtimoiy to‘lov joriy etilgandan so‘ng, odamlarni pensiyaga rag‘batini oshirishimiz kerak edi. Odamlar to‘lovlarni bajarishga, oylik maoshlarni yashirmay, pensiya jamg‘arib borishga odatlanishi kerak. 

2019 yilga qadar pensiyani hisoblash uchun tayanch miqdor eng kam ish haqining 8 baravari – taxminan 1,6 million so‘m edi. Oylik maoshingiz 10 million bo‘lsa-da, 1,6 million so‘mdan pensiya sanaladi. 

Prezident topshirig‘iga ko‘ra, bunday adolatsiz tizim bosqichma-bosqich o‘zgartiriladi. Masalan, shu yildan boshlab pensiyani hisoblash uchun tayanch miqdor EKIH 10 baravari etib belgilandi. Bu qo‘shimcha 1 trillion so‘mni anglatadi», – deydi u. 

Sultonovning aytishicha, ishlaydigan pensionerlarning 50 foiz pensiya puli berilmasligi ham adolatdan bo‘lmagan. 

«Bu nimaga olib keldi? Pensionerlar ishlardi, ammo ishda o‘zini ko‘rsatmaydi, bundan rag‘bat yo‘q. Ayrimlar esa rasman maoshlarini yashirgan, hujjatda ishlamagan», – deb qo‘shimcha qildi Sultonov​. 

Moliya vaziri o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, 1 aprelga qadar O‘zbekistonda pensiya ta'minotini isloh etish bo‘yicha konsepsiya loyihasi ishlab chiqiladi. ​

Алишер Рузиохунов
Tayyorlagan Алишер Рузиохунов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid