O‘zbekiston | 16:22 / 28.01.2019
5535
7 daqiqa o‘qiladi

Mo‘ynoq tumanini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etiladi

Foto: Kruz.uz

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi huzurida Mo‘ynoq tumanini rivojlantirish jamg‘armasi faoliyatini tashkil etish va jamg‘arma mablag‘laridan foydalanish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2019 yil 16 yanvardagi 37-son qaroriga muvofiq Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi huzurida Mo‘ynoq tumanini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etilgan.

Hujjat bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi huzurida Mo‘ynoq tumanini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘larini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanishi mumkin.

Nizomga ko‘ra, jamg‘arma yuridik shaxs hisoblanmaydi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi huzurida tashkil etiladi.

Jamg‘arma O‘zbekiston Respublikasi prezidenti va hukumati qarorlari bilan qabul qilingan dastur hamda topshiriqlari asosida Mo‘ynoq tumanini rivojlantirish bo‘yicha belgilangan tadbirlarni moliyalashtirish maqsadida tashkil etiladi. Jamg‘arma uchun shaxsiy g‘azna hisobraqamlari belgilangan tartibda ochiladi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi jamg‘arma mablag‘larini tasarruf etuvchi hisoblanadi.

Quyidagilar jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish manbalari hisoblanadi:

O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining maqsadli mablag‘lari, shu jumladan markazlashtirilgan investitsiyalar;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjeti mablag‘lari;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika budjetining hamda Mo‘ynoq tumani budjetining zaxira jamg‘armalari mablag‘lari;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika budjetining qo‘shimcha manbalari;

xalqaro moliya institutlari va boshqa xorijiy donorlarning imtiyozli kreditlari (qarzlari);

jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;

Jamg‘armaning vaqtincha bo‘sh mablag‘larini joylashtirishdan tushadigan daromadlar;

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Markazlashtirilgan manbalar hisobidan amalga oshirilishi nazarda tutilgan loyihalar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekiston Respublikasining Rivojlanish davlat dasturlarini moliyalashtirish jamg‘armasi orqali belgilangan tartibda moliyalashtiriladi hamda ularning hisobi jamg‘arma orqali xarajat qilinadigan mablag‘lar bilan birgalikda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi tomonidan olib boriladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika budjetining hamda Mo‘ynoq tumani budjetining zaxira jamg‘armalari mablag‘lari va qo‘shimcha manbalari hisobidan ajratiladigan mablag‘lar, xalqaro moliya institutlari va boshqa xorijiy donorlarning imtiyozli kreditlari (qarzlari), jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan mablag‘lar belgilangan tartibda jamg‘armaning shaxsiy g‘azna hisobraqamiga tushadi.

Xalqaro moliya institutlarining va boshqa xorijiy donorlarning tartibotlari yoki xorijiy kreditlar va grantlarni berishning shartlarida boshqacha tartib belgilangan holatlar bundan mustasno.

Jamg‘arma mablag‘lari:

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti va hukumati tomonidan qabul qilingan dasturlar hamda topshiriqlari asosida Mo‘ynoq tumanini rivojlantirish bo‘yicha belgilangan tadbirlarni moliyalashtirishga;

Mo‘ynoq tumani infrastrukturasini yaxshilash, qishloqlarni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish hamda mahalliy ichki yo‘llarni ta'mirlashga;

Mo‘ynoq tumani uy-joy fondining ko‘p kvartirali uylaridagi umumiy foydalaniladigan va uylar ichidagi muhandislik kommunikatsiyalarini ta'mirlash, shuningdek bolalar maydonchalari barpo etgan holda uylarga yondosh hududlarni obodonlashtirishga;

mahallalar hududida kutubxonalar tashkil etish va badiiy adabiyotlar bilan ta'minlashga;

kam ta'minlangan va yosh oilalarga imtiyozli kreditlar olinishida boshlang‘ich badalni qisman yoki to‘liq qoplab berish hamda maishiy texnika vositalariga bo‘lgan birlamchi ehtiyojni qondirishga;

qishloq va chekka hududlarda joylashgan ta'lim va tibbiyot muassasalarida ishlash uchun yuborilgan xodimni xizmat joylari bilan ta'minlashga;

Mo‘ynoq tumani aholisining turmush sharoitlari va sifatini yaxshilash bo‘yicha boshqa tadbirlarga sarflanadi.

Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan xarajatlar qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Jamg‘armaning Kuzatuv kengashi Jamg‘armani boshqarishning yuqori organi hisoblanadi, uning tarkibi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi tomonidan tasdiqlanadi.

Jamg‘armaning Kuzatuv kengashi raisi – Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi boshlig‘i o‘rinbosari, a'zolari – Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, vazirlik va idoralar rahbarlari, shuningdek tegishli jamoat tashkilotlari vakillari hisoblanadi.

Jamg‘armaning Kuzatuv kengashi:

Jamg‘arma faoliyatining asosiy yo‘nalishlarini belgilaydi;

Jamg‘arma mablag‘larining tushumi va ulardan foydalanish prognozlarini ko‘rib chiqadi va ularni navbatdagi yilga tasdiqlaydi;

Jamg‘arma mablag‘larining maqsadli yo‘naltirilganligini nazorat qiladi;

Jamg‘arma mablag‘larini tasarruf etuvchi faoliyatini nazorat qiladi;

Jamg‘arma faoliyati bilan bog‘liq boshqa funksiyalarni amalga oshiradi.

Kuzatuv kengashi majlisi zaruratga ko‘ra, biroq har chorakda kamida bir marta o‘tkaziladi.

Jamg‘arma mablag‘larini tasarruf etuvchi:

Jamg‘armaning daromadlari va xarajatlari smetasini tuzadi hamda tasdiqlash uchun Kuzatuv kengashiga taqdim etadi;

Jamg‘armaga xalqaro moliya tashkilotlari, xorijiy davlatlar va boshqa donorlarning kreditlari (qarzi), grantlari va texnik ko‘maklashish mablag‘lari jalb etilishini ta'minlaydi;

dasturlarga kiritilgan loyihalarni moliyalashtiradi;

dasturlar doirasida ajratilgan mablag‘lar maqsadli yo‘naltirilishi monitoringini tizimli asosda olib boradi;

Jamg‘arma daromadlari va xarajatlari ijrosi to‘g‘risidagi choraklik va har yilgi hisobotlarni tuzadi va ko‘rib chiqish uchun Jamg‘armaning Kuzatuv kengashiga kiritadi;

Jamg‘arma mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanilishini nazorat qiladi;

Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish va ulardan foydalanish bilan bog‘liq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid