Jahon | 09:49 / 22.03.2019
16179
3 daqiqa o‘qiladi

Nursultonda shaharning barcha asosiy obektlari nomi saqlab qolinadi

Foto: SERGEI BOBYLEV/TASS

Qozog‘iston poytaxti Astana mamlakat birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev sharafiga qayta nomlanayotgan bo‘lsa-da, shahardagi barcha asosiy obektlar o‘z nomini saqlab qoladi. Bu haqda mamlakat Axborot va ijtimoiy rivojlanish vaziri Dauren Abayev ma'lum qildi.

«Astana Opera», «Astana-Arena», sport klublari, «Astana» telekanali va shu kabi shaharning boshqa barcha asosiy obektlari nomi o‘zgarmay qoladi. Biz, shuningdek, «Astana» xalqaro brendini ham saqlab qolamiz. Misol sifatida Xalqaro moliya markazi, «Eyr Astana» aviakompaniyasi, «Astana» velojamoasi, «Astana Arlans» sport jamoasini keltirishimiz mumkin. Ularning barchasi o‘z nomida qoladi.

Shu tariqa, biz butun dunyoga mashhur «Astana» brendini saqlab olamiz. Shu bilan birga, katta potensialga ega yangi «Nursulton» brendini rivojlantiramiz», – dedi Abayev «Ochiq dialog» ko‘rsatuvi efirida.

Ma'lumot uchun, «Astana» futbol klubi Qozog‘iston chempionatining oxirgi beshta mavsumidan buyon ketma-ket chempionlikka erishib kelmoqda. Klub ijrochi direktori Pol Eshuortning hisoblashicha, jamoa nomini saqlab qolish to‘g‘ri qaror bo‘lgan.

«Klubimiz tarixiy an'analar asosiga qurilgan. Bor-yo‘g‘i 10 yillik tarixi bo‘lsa-da, mana shu yillar davomida u mo‘jizaviy ishlarni amalga oshirdi hamda Yevropa va jahon futbolida dovrug‘ qozondi.

Shahar nomi sobiq prezidentga hurmat belgisi sifatida o‘zgartirilgan bo‘lsa-da, men klub nomi o‘zgarmay qolishini to‘g‘ri qaror, deb bilaman. Ko‘plab jamoalarning nomi ular joylashgan shahar nomi bilan bir xil emas: «Aston Villa» (Birmingem) va yana boshqa ko‘plab misollar keltirish mumkin. Shunday ekan, klubning nomi shaharnikidan boshqacha bo‘lishi notabiiy holat emas», – dedi Eshuort «Chempionat.com» bilan suhbatda.

Eslatib o‘tamiz, 19 mart kuni Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev iste'foga chiqishini e'lon qildi. 20 mart kuni Senat raisi Qosim-Jomart Toqayev qasamyod qilib, mamlakat prezidenti lavozimiga kirishdi.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid