Jahon | 08:34 / 12.11.2019
5637
2 daqiqa o‘qiladi

Bangladeshda “Bulbul” sikloni 26 kishining hayotini olib ketdi

Foto: AFP

Bangladeshga yopirilgan “Bulbul” sikloni kamida 26 kishining hayotini olib ketdi. Bu haqda Daily Star mahalliy nashri xabar berdi.  

Odamlarning o‘limiga asosan kuchli shamol sababli ag‘darilgan daraxtlar sabab bo‘lgan. Ba'zilar cho‘kib ketgan, yana bir qism odamlar uylar qulashi oqibatida halok bo‘lgan. Shuningdek, 51 nafar baliqchi bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda. Ular dovuldan ogohlantirishga qaramay, dengizga chiqib ketishgan va qaytib kelishmagan. 

Shuningdek, tabiiy ofat Bangladesh janubidagi tumanlarda 100 mingga yaqin uyga shikast yetkazgan, minglab daraxtlarni qo‘porib tashlagan. Sohilbo‘yi hududlarida 3 ming gektar ekin maydoniga shikast yetgan, ulardan bir qismi suv ostida qolgan. Bundan tashqari, dovul uyali aloqa vishkalarini qo‘porib tashlab, elektr uzatish liniyalariga shikast yetkazgan.

Ta'kidlanishicha, 2,16 mln kishi evakuatsiya qilinib, maxsus tayyorlangan panohgohlarga yetkazilgan.

Avvalroq Times of India nashri ma'lum qilganidek, “Bulbul” Bangladeshga yopirilishdan avval Hindistonning Orissa va G‘arbiy Bengaliya shtatlaridan o‘tgan. Buning oqibatida 10 kishi siklon qurboniga aylangan, 60 mingdan ko‘proq uy butkul vayron bo‘lgan. 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid