O‘zbekiston | 11:21 / 12.11.2019
9329
8 daqiqa o‘qiladi

Zarafshonda «Aqlli shahar» va «Xavfsiz shahar» tizimlari joriy etiladi

Foto: presstv.com

Zarafshon shahri 2020-2022 yillarda kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantiriladi. Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori loyihasi muhokama uchun e'lon qilindi.

Quyidagilarni o‘z ichiga oluvchi Respublika bo‘ysunuvidagi Navoiy viloyatining Zarafshon shahrini 2020-2022 yillarda kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlar dasturi tasdiqlanadi:

kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturining moliyalashtirish manbalari;

sanoat va xizmat ko‘rsatish sohasini kompleks rivojlantirish, sanoat mahsulotlari, jumladan eksportbop mahsulot ishlab chiqarishni oshirish, tadbirkorlik sub'yektlarini qo‘llab-quvvatlash, yangi ish o‘rinlari, xususan ayollar uchun ish o‘rinlarini yaratish, bo‘sh turgan va samarasiz foydalanilayotgan bino-inshootlardan, yer maydonlaridan samarali foydalanish hamda mahalliy budjet daromadlarini oshirish tadbirlari;

muhandislik-kommunikatsiya, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish infratuzilmasini jadal rivojlantirishga hamda aholining turmush sharoitini yaxshilashga zamin yaratuvchi kompleks tadbirlar;

maktabgacha ta'lim muassasalari, umumta'lim maktablari, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport sohalarini moddiy-texnik ta'minotini yuqori darajaga ko‘tarish, ushbu sohalarda ko‘rsatilayotgan xizmatlarning sifati hamda qamrovi darajasini keskin oshirish, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishga asos yaratuvchi xalq ta'limi, sog‘liqni saqlash, madaniyat, ma'rifat sohalari bo‘yicha kompleks tadbirlar;

obodonlashtirish, ekologik muhitni yaxshilash, shahar aholisiga munosib yashash sharoitini yaratish bo‘yicha kompleks tadbirlar.

Dastur parametrlari bajarilishini ta'minlash bo‘yicha davlat va xo‘jalik boshqaruv organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, tijorat banklari faoliyatini muvofiqlashtirish va monitoring qilish bo‘yicha respublika ishchi guruhi tarkibi tasdiqlanadi.

Respublika ishchi guruhi (R.Jalilov):

tegishli davlat va xo‘jalik boshqaruv organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, tijorat banklari tomonidan Dasturda nazarda tutilgan tadbirlarning belgilangan muddatlarga amalga oshirilishini tahlil qilib boradi va muvofiqlashtiradi;

muammoli masalalarni muntazam ravishda o‘rganib boradi va ularni hal etish yuzasidan tezkor chora-tadbirlarni ko‘radi;

zaruriyat bo‘lganda, tayyorlangan va belgilangan tartibda kelishilgan loyiha hujjatlari mavjud bo‘lgan taqdirda, Dasturga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritadi.

Zarafshon shahrida 2020-2022 yillarda bajariladigan asosiy tadbirlar etib quyidagilar belgilanadi:

Navoiy viloyati Zarafshon shahrining Bosh rejasini tanqidiy o‘rganib, yo‘l-transport infratuzilmasi, shoh ko‘chalar, ko‘p qavatli uylar qurilishi, parklar, bulvarlar, zamonaviy savdo markazlari, infratuzilma obektlari va sanoat zonalarini joylashtirish masalalarini muhandislik tarmoqlari bilan birgalikda ko‘rib chiqib, takliflarni tayyorlash hamda yaqin 3-5 yillik shaharsozlik vazifalarini belgilab olish;

arxitekturaviy qiyofani zamonaviylashtirish, ko‘p qavatli uy-joy fondini sifat jihatdan yaxshilash, kommunal xizmat ko‘rsatish tizimini tubdan takomillashtirish, aholiga sifatli kommunal hizmat ko‘rsatishni joriy etish;

muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, xususan ichimlik suvi va kanalizatsiya tizimlarini qaytadan qurish, avtomobil yo‘llari va ichki ko‘chalar holatini yaxshilash, shahar ko‘chalaridagi massivlarda tungi yoritish tizimlarini yangidan zamonaviy holatga keltirish;

ichki va shaharlararo yo‘nalishlarda harakatlanuvchi jamoat transportlarining yangi yo‘nalishlarini tashkil etib, aholiga sifatli va qulay transport xizmatlarini ko‘rsatishni tashkil etish;

avtomobil transportida yo‘lovchi tashish xizmatlarini ko‘rsatuvchi yangi xususiy korxonalar tashkil etishga ko‘maklashish hamda tashuvchilar tomonidan zamonaviy jamoat transport vositalarini xarid qilish uchun imtiyozli bank krediti mablag‘larini ajratish;

ekologik muhitni yaxshilash, aholi salomatligiga salbiy ta'sirni kamaytirish choralarini ko‘rish, ko‘kalamzorlashtirish, daraxtlarni o‘tqazish va yashil maydonlar, gulzorlar tashkil etish tadbirlarini amalga oshirish, bunda, mazkur tadbirlarni amalga oshirish uchun shaharlarda ochiq va yopiq yer osti sug‘orish tizimlarini barpo etib, irrigatsiya tarmoqlarini bugungi kun talabida qayta tiklash;

ijtimoiy soha muassasalari holatini yaxshilash, binolarini ta'mirlash, hududlarini obodonlashtirish, jihozlarini yangilash, mutaxassislarni malakasini va xizmat madaniyatini oshirish orqali ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatini keskin oshirib, bu sohada xususiy sektor ulushi ko‘paytirish;

zamonaviy tibbiy xizmat ko‘rsatish klinikalari va tashxis markazlarini barpo etish;

xotin-qizlarni turli kasblarga o‘rgatish hamda qizlarni hayot maktabiga tayyorlashga ixtisoslashgan o‘quv markazlari faoliyatini keng yo‘lga qo‘yish;

aholining ma'naviyati va madaniyatini yanada yuksaltirish bilan bog‘liq tizimli tadbirlarni amalga oshirish, xususan qarovsiz qolgan va zarur darajada foydalanilmay turgan madaniyat va san'at saroylarini yangidan ta'mirlab, soha uchun zarur bo‘lgan jihozlar bilan ta'minlash;

o‘sib kelayotgan yoshlarni sportga keng jalb etish uchun davlat umumta'lim maktablarining sport maydonlari hamda sport zallarida darsdan tashqari vaqtlarda davlat sherikchilik asosida tashabbuskorlar, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi, O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi bilan hamkorlikda aholining keng qatlamini, ayniqsa yoshlarni sportga jalb etish;

shahar ichidan oqib o‘tuvchi suv bo‘yi hududlarini obodonlashtirish, aholi ko‘ngil ochar maskanlarini, sayilgohlarni barpo etish;

ko‘p qavatli uylar orasida sun'iy qoplamali futbol, basketbol maydonlari va maydonchalari, bolalar maydonchalari barpo etish hamda dam olish, hordiq chiqarish o‘rindiqlarini o‘rnatish;

aholining madaniy hordiq chiqarishi uchun zamonaviy parklar barpo etib, ularda zamonaviy ko‘ngilochar xizmat ko‘rsatish turlari tashkil etish;

aholining ish bilan bandligini oshirish hamda keyingi yillarda ishsizlik darajasini pasaytirish maqsadida, tadbirkorlarni jalb etgan holda sanoat va xizmat ko‘rsatish sohalarini, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash tarmog‘ini jadal rivojlantirish;

sanoat tarmoqlarini rivojlantirish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish hajmini keskin oshirish, mahalliy xomashyodan eksportbop mahsulot ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish orqali shahar iqtisodiyotiga valuta tushumini ko‘paytirish borasida samarali ishlarni tashkil etish;

mavjud kichik sanoat zonalari ishtirokchilari faoliyatini qo‘llab-quvvatlab, yangi hududlarda istiqbolli loyihalarni joylashtirish yo‘li bilan sanoat zonalarini tashkil etish;

soliqqa tortish bazasini kengaytirish orqali mahalliy budjetga daromadlar tushumini keskin oshirish.

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Navoiy viloyati hokimligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2020 yil 1 martga qadar Navoiy viloyati, Zarafshon shahrida “Aqlli shahar” texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqadi va amalga oshirilishini ta'minlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi, Navoiy viloyati hokimligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2020 yil 1 mayga qadar Navoiy viloyati, Zarafshon shahrida “Xavfsiz shahar” apparat-dasturiy kompleksini joriy etish va rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqadi va amalga oshirilishini ta'minlaydi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid