O‘zbekiston | 09:20 / 06.01.2020
6300
4 daqiqa o‘qiladi

Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga yangi vakolat beriladi

O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetiga dividendlar va ajratmalar to‘lash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari qabul qilinadi.

Muhokama uchun e'lon qilingan prezident qarori loyihasiga ko‘ra, xo‘jalik jamiyatlarida davlat ulushiga hisoblangan dividendlarni to‘lash “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi, “Mas'uliyati cheklangan va qo‘shimcha mas'uliyatli jamiyatlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunlariga muvofiq aksiyadorlar (ishtirokchilar)ning dividendlarni olishga bo‘lgan teng huquqlariga rioya etilgan holda amalga oshirilishi lozimligi qat'iy belgilab qo‘yiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi xo‘jalik jamiyatlari tomonidan davlat ulushiga dividendlar va davlat korxonalari sof foydasidan O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetiga ajratmalar hisoblanishi va to‘lanishi ustidan nazorat qiluvchi vakolatli yagona davlat organi etib belgilanadi.

Shunday tartib o‘rnatiladiki, unga muvofiq:

xo‘jalik jamiyatlari tomonidan davlat ulushiga hisoblangan dividendlar va davlat korxonalari sof foydasidan O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetiga ajratmalar keyinchalik taqsimlash uchun Agentlik huzuridagi Davlat aktivlarini boshqarish, transformatsiya va xususiylashtirish jamg‘armasiga o‘tkaziladi;

Agentlik xo‘jalik jamiyatlari va davlat korxonalaridagi dividend siyosatini har yili tasdiqlanadigan O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risidagi Qonunda belgilangan parametrlardan kelib chiqib amalga oshiradi;

aksiyador (ishtirokchi va muassis)lar tasnifiga qarab dividendlarning 95 foizi tegishincha respublika hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlariga yo‘naltiriladi, qolgan 5 foizi Agentlik huzuridagi Jamg‘arma tasarrufida qoldiriladi.

Xo‘jalik jamiyatlari tomonidan davlat ulushiga dividendlar va davlat korxonalari sof foydasidan O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetiga ajratmalar hisoblanishi va o‘tkazilishini nazorat qilish to‘g‘risidagi Nizom tasdiqlanadi.

Xo‘jalik jamiyatlari boshqaruv organlari va davlat unitar korxonalari muassislari:

hisoblangan dividendlar to‘g‘risida axborotlarni Agentlikka o‘z vaqtida taqdim etilishi, dividendlarni to‘g‘ri hisoblanishi hamda belgilangan muddatlarda to‘lanishi yuzasidan shaxsan javobgar hisoblanadi;

ijroiya organi rahbarlari faoliyati samaradorligi muhim ko‘rsatkichlaridan (KPI) biri sifatida dividendlarning hisoblanishi va o‘z vaqtida to‘lanishini belgilashni ta'minlaydi.

Agentlik O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan birgalikda xo‘jalik jamiyatlari tomonidan davlat ulushiga hisoblangan dividendlar to‘g‘risidagi axborotlarni belgilangan tartibda taqdim etmaganlik yoki o‘z vaqtida taqdim etmaganlik uchun xo‘jalik jamiyatlari va davlat unitar korxonalari mansabdor shaxslarini javobgarligini belgilash yuzasidan tegishli takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

Belgilanishicha, dividendlardan Jamg‘armada qoladigan 5 foiz mablag‘lar Abu Rayhon Beruniy nomidagi Biznes va boshqaruv respublika oliy maktabi faoliyatini moliyalashtirishga, shuningdek dividendlarni hisoblanishi va o‘tkazilishini nazorat qilish uchun Agentlik markaziy apparati va uning hududiy boshqarmalarida shakllantiriladigan tegishli tuzilmalarni saqlash hamda qonunchilikda ko‘zda tutilgan boshqa xarajatlarga yo‘naltiriladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid