Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Boradigan joyimda «stoyanka» bormikin?» – Avtoturargohlar muammosi qachon yechim topadi?
Mamlakatimizning shahar hududlari, ayniqsa, Toshkent shahrida avtoturargohlar muammosi allaqachon jiddiy masalaga aylanib ulgurgani hech kimga sir emas. Mazkur masala «Poytaxt» savdo markazi ro‘parasidagi bepul avtoturargoh o‘rnida qurilish olib borilayotgani haqidagi xabarlardan so‘ng yana kun tartibiga chiqdi.
Ma'lumki, yildan yilga mamlakatimiz aholisi soni va unga mos ravishda avtomashinalarning sanog‘i ham oshib bormoqda. Bu esa avtoturargohlar masalasini tezroq va tizimli tarzda hal etishni taqozo qilmoqda. Agar mazkur muammo bugun bartaraf etilmasa, ertaga chindan ham, igna tashlasak, yerga tushmas hol yuzaga kelishi tayin.
Hozirdanoq poytaxtimizda ahvol shu darajaga keldiki, shaxsiy avtomobilda biror joyga borishni rejalashtirgan bo‘lsangiz, rulga o‘tirar-o‘tirmas miyangizda bir savol charx ura boshlaydi: «Ishqilib, boradigan joyimda «stoyanka» bormikin?». Chunki bir-ikki marta azbaroyi yaqin-atrofda avtoturargoh yo‘qligi yoki bori ham to‘la bo‘lgani, qolaversa, hammayoqqa to‘xtash va to‘xtab turish taqiqlanishi haqidagi belgilar qo‘yib tashlangani uchun mashinangizni yo‘l yoqasida qoldirishga majbur (!) bo‘lgansiz. Bozorlar atrofini-ku umuman gapirmasa ham bo‘ladi.
Keyin... Keyini esa hammamizga yaxshi ma'lum: ne ko‘z bilan ko‘ringki, lotereyangizga «yutuq» chiqqan bo‘ladi. Nima ham qilardingiz? Muzdekkina bo‘lib otning kallasidek jarimani to‘lab kelasiz. Ko‘pchilikka tanish manzara.
Axir, o‘sha pulga oilangizga bir nima ko‘tarib borishingiz yoki bola-chaqangiz ehtiyojiga ko‘ra biror narsa olib berishingiz mumkin edi. Lekin peshona teri bilan topgan pulingiz havoga uchadi-ketadi. Tabiiyki, mana shunday vaziyatdan so‘ng shaharda avtoturargohlar qurish haqida bosh qotirmayotgan, eng yomoni, borini ham yo‘q qilayotgan mutasaddilarni esga olasiz.
Qiziq, biror jarima turini o‘ylab topish va amalga tatbiq etish kerak bo‘lsa, xorijliklarga ham dars berib qo‘yiladi. Ammo muammo yechimini topishga kelganda hamma birdan o‘z xizmat vakolatiga nimalar kirishi-yu nimalar kirmasligi haqida eslab qoladi.
Hali hovuri qaytib ulgurmagan yangiliklardan birini olaylik. Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi tomonidan yo‘l-transport hodisalarining oldini olish maqsadida zamonaviy axborot texnologiyalaridan keng foydalanilgan holda endilikda xizmatda maxsus planshetlar qo‘llana boshlandi. Toshkent shahar IIBB YHXB axborot xizmati boshlig‘i Qahramon Xudoyberganovning ma'lum qilishicha, endi yo‘l-patrul inspektori bilan haydovchining muloqotiga hojat bo‘lmaydi. Ya'ni taqiqlangan joyda qoldirilgan avtotransport vositasi planshetda suratga olinadi va avtomobil raqami maxsus bazaga kiritiladi. Baza esa onlayn tarzda ishlagani uchun haydovchining yashash manziliga «suyunchi xati» jo‘natiladi.
Gap yo‘l-transport hodisalari oldini olish haqida borar ekan, bunday innovatsiyalarni ikki qo‘l bilan ma'qullash mumkin. To‘g‘ri, qoidani buzganlar tegishli tartibda o‘z jazosini olsin. Ammo masalaning boshqa tomoni ham bor. Xo‘sh, haydovchi belgilanmagan joyda avtomashanasini nima sababdan qoldirgan? Ilojsizlikdan emasmi? Unga o‘z avtomashinasini tegishli joy yoki va avtoturargohga qoldirishi uchun yetarlicha shart-sharoit bormi? Bugun poytaxt ko‘chalarida harakatlanayotgan mashinalar soni va mavjud avtoturargohlar miqdori qay darajada bir-biriga mos? Nega tegishli sharoit yaratmay turib, talab qilish va jarimaga tortish tendensiyasi tobora kuchayib bormoqda?
Albatta, bu kabi savollarning adog‘i ko‘rinmaydi. Keling, jarimaga tortish borasida chet eldan o‘zlashtirayotgan ayrim tajribalarni ahyon-ahyon bo‘lsa-da, mavjud muammoga yechim topish bilan quvvatlantirib turishni ham o‘rganaylik.
Xo‘sh, nima qilish kerak? Yirik va shahar va megapolislarda avtoturargohlar masalasi qanday hal etiladi? Quyida ularning ayrim namunalarini keltirib o‘tamiz.
1. Ko‘p qavatli avtoturargohlar qurish
Dunyoning ko‘plab mamlakatlarida qo‘llanadigan mazkur tizim avtoturargohlar masalasini hal qilish borasida eng keng tarqalgan usullardan biridir.
Ushbu turdagi avtoturargohlar to‘liq avtomatlashtirilishi ham mumkin. Garchi ularni qurish biroz qimmatga tushsa-da, ammo keyinchalik sizdan ortiqcha «osh-non» talab qilmaydi. Ya'ni haydovchi avtomobilni maxsus qabul qilish xonasida qoldiradi, aqlli «lift» esa uni bo‘sh bo‘lmaga o‘zi joylaydi.
2. Yer ostida avtoturargohlar qurish
Albatta, bu turdagi avtoturargohlarni bunyod etishda hududning tuproq tarkibi, zilzilalarga bardoshliligi yetarli darajada hisobga olinishi lozim. Ya'ni salgina kuchli shamol essa yoki yomg‘ir yog‘sa, metrolarimiz qulab, suv omborlarimiz o‘pirilib tushayotgan bir paytda, bu boradagi ilmiy xulosani aytish mutaxassis-olimlarimizga tan.
3. Aholi o‘rtasida ko‘proq hajmi kichikroq mashinalar yoki velosipedlardan foydalanishni keng targ‘ib qilish
So‘nggi paytlarda yurtimizda yo‘ltanlamas tipidagi avtomashinalarga havasmandlik kun sayin ortib borayotganini hisobga olsak, buni amalga oshirish oson kechmaydigandek ko‘rinadi.
4. Yangi qurilayotgan har qanday turdagi jamoat binosi va ko‘p qavatli uylarning ostki qismida ehtiyojdan kelib chiqqan holda avtoturargohlar qurish
Ayrim mamlakatlarda ushbu talab majburiy xarakterga ega.
5. Poytaxtni avtomobillardan xoli hududga aylantirish
Esingizda bo‘lsa, 2017 yilning ayni shu kunlarida taniqli arxitektor Yan Geyl O‘zbekistonga tashrif buyurgandi. O‘shanda Nyu-York, Kopengagen, Sidney, London, Melburn kabi yirik shaharlarni loyihalashga qo‘shgan hissasi sabab ko‘plab xalqaro mukofotlarga sazovor bo‘lgan daniyalik ushbu professor Toshkentda asfalt juda ko‘p ekanini tanqid qilgan, shaharsozlik arxitekturasida atrof-muhit musaffoligini asrash va aholi uchun qulayliklar yaratishga alohida e'tibor qaratilishi, yashil maydonlarni ko‘paytirish, velosiped va piyodalar yo‘laklari tarmog‘ini rivojlantirish lozimligini ta'kidlagandi.
Istalgan joyning «ichak-chavog‘i» ag‘darilib, uylar qurilayotgani hisobiga yashil hududlar tobora kamayib borayotgan, necha yillik daraxtlar yuztuban qulatilib, nafasimiz tobora bo‘g‘ilib borayotgan, shahar markazidagi qaynoq nuqtalar esa «xorijiy» kompaniyalarga nol qiymatda topshirilayotgan ayni paytda Yan Geylning tanqidlari naqadar o‘rinli ekanini yana bir bor chuqur anglab yetyapmiz...
Otabek Tillayev
Mavzuga oid
10:20 / 30.12.2025
31 dekabrdan 4 yanvargacha Poytaxt Parking to‘xtash joylari bepul bo‘ladi
13:59 / 18.12.2025
Toshkent shahriga kirish joylarida avtoturargohlar quriladi
19:56 / 07.12.2025
Hokimlik Nurafshonda prokuratura uchun 4,5 mlrd so‘mga avtoturargoh qurilayotgani haqidagi xabarlar bo‘yicha izoh berdi
09:48 / 20.11.2025