Jahon | 09:11 / 25.08.2020
12812
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiya Qora dengizda topilgan gaz koni zaxiralari qiymatini baholadi 

Turkiyaning Qora dengizdagi qismida topilgan gaz koni zaxiralarining taxminiy qiymati 80 mlrd dollarga yetishi mumkin. Bunday ma'lumotlarni turkiyalik iqtisodchi, Xalqaro energetika agentligi rahbari Fotih Birol keltirdi. 

Foto: Globallookpress

Uning ta'kidlashicha, bunday katta hajmdagi gazni qazib olish uchun kamida 6 mlrd dollar miqdorida investitsiya talab etiladi. Mutaxassis, shuningdek, Turkiya hukumati mamlakat o‘z gazini qazib olishni boshlashi bilan uning gaz importiga tobeligi darajasi kamayishi haqidagi fikrini qaytargan. Bundan tashqari, bunday yirik gaz konining aniqlanishi Anqaraning gaz eksport qiluvchi davlatlar bilan muzokaralardagi pozitsiyalarini mustahkamlaydi va shartnomalar tuzishda gaz narxini tushirishda yordam beradi.  

“Xalqaro tasniflanishda neft va gaz konlari muayyan toifalarga bo‘linadi. Qora dengizda topilgan yangi kon yirik konlar toifasiga kiradi. Bu dunyoda oxirgi yillar topilgan eng yirik gaz konidir”, deb ta'kidlab o‘tgan Birol.

Uning ta'kidlashicha, yangi kon o‘z zaxiralari hajmi bo‘yicha Norvegiya tomonidan 2010 yildan beri Shimoliy dengizda aniqlangan barcha gaz konlari zaxiralaridan ko‘proqni tashkil qiladi.  

Iqtisodchining fikricha, Turkiya yangi kondan har yili 10-15 mlrd kubmetr gaz olishi mumkin. Bu esa mamlakatning gazga yillik ehtiyojining uchdan bir qismini qoplaydi.

Ekspert Turkiya yangi kondan gaz olishni 2023 yildan boshlamoqchiligini qo‘shimcha qilgan.

Avvalroq Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Qora dengizda topilgan kon Turkiya tarixida yangi davrni boshlashini, uning dastlabki zaxiralari 320 mlrd kubmetrga baholanayotganini ma'lum qilgandi. Biroq Erdo‘g‘anning ta'kidlashicha, kon bundan ham istiqbolliroq bo‘lishi mumkin.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid