O‘zbekiston | 14:14 / 11.09.2020
8280
2 daqiqa o‘qiladi

Chegarada aniqlangan egasiz ashyolar chegarachilarga topshiriladi

Vazirlar Mahkamasi 2.09.2020 yildagi «O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegarasida aniqlangan egasiz ashyolar to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi 533-son qarorni qabul qildi.  
 
Norma’ning yozishicha, nizom bilan quyidagi tartib belgilangan:

  • O‘zbekiston Davlat chegarasini qo‘riqlash va himoya qilish davomida aniqlangan egasiz ashyolar, moddiy qimmatliklar va boshqa mol-mulkni rasmiylashtirish;
  • ularni Chegara qo‘shinlari bo‘linmalariga olib kelishda xavfsizlik choralarini ta'minlash hamda saqlashda sanitariya normalariga rioya qilish choralarini ko‘rish;
  • ashyolarni ekspertizadan o‘tkazish va qiymatini baholash;
  • ushbu ashyolarga nisbatan qaror qabul qilish.

Fuqarolik kodeksining 191-moddasiga muvofiq, egasi bo‘lmagan yoki egasi noma'lum bo‘lgan ashyo egasiz ashyo hisoblanadi. Agar bu hol topilma to‘g‘risidagi, qarovsiz hayvonlar va xazina to‘g‘risidagi qoidalarda rad etilmagan bo‘lsa, egasiz ko‘char ashyolarga egalik qilish huquqini vujudga keltiruvchi muddat asosida qo‘lga kiritilishi mumkin.
 
Egasiz ashyolarni aniqlash va hisobga olish tartibi Nizomga ilova qilingan sxemada belgilangan.
 
Egasiz ashyolarni aniqlagan Chegara qo‘shinlari bo‘linmalari ularni ko‘zdan kechiradilar, fotosuratga oladilar va bayonnoma rasmiylashtiradilar. Ushbu ashyolar yuzasidan ekspertiza o‘tkaziladi va ular baholovchi tashkilotni jalb qilgan holda baholanadi.
 
Davlat xavfsizlik xizmati raisining qarori bilan tashkil etiladigan hududiy komissiyalar ashyoni egasiz deb topish va uni Chegara qo‘shinlari hisobiga o‘tkazish bo‘yicha qaror qabul qiladilar, keyinchalik u savdo tashkiloti bilan tuzilgan shartnoma asosida uni sotadi. Egasiz ashyolarni sotishdan tushgan mablag‘lar Chegara qo‘shinlarining budjetdan tashqari jamg‘armasi hisobiga o‘tkaziladi.
 
Hujjat 2.09.2020 yildan kuchga kirgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid