Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Moskvada O‘zbekiston va Xitoy tashqi ishlar vazirlari muzokaralar o‘tkazdi
O‘zbekiston-Xitoy har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish masalalariga muhim e'tibor qaratildi.
2020 yilning 10 sentabr kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Moskva shahrida Xitoy Davlat kengashi a'zosi, tashqi ishlar vaziri Van I bilan uchrashdi.
TIV xabariga ko‘ra, vazirlar siyosat, savdo-iqtisodiy, investitsiya, madaniy-gumanitar sohalardagi hamda xavfsizlikni ta'minlash jabhasidagi ikki tomonlama hamkorlikning hozirgi holati va istiqbollarini muhokama qildilar.
O‘zbekiston-Xitoy har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish masalalariga muhim e'tibor qaratildi.
Tashqi siyosat idoralari rahbarlari turli darajadagi bo‘lajak qo‘shma tadbirlarning jadvali bo‘yicha fikr almashdilar.
Ikki tomonlama va ko‘p tomonlama hamkorlik sur'atlarini saqlab qolish va rivojlantirish uchun yaqin munosabatlar va sa'y-harakatlarni muvofiqlashtirishning muhimligi ta'kidlandi.
Koronavirusni aniqlash va kasallanganlarni davolash borasida tajriba almashish, shifokorlar malakasini oshirish va virusga qarshi vaksinani yaratish bo‘yicha hamda pandemiya oqibatlarini bartaraf etish uchun aloqalarni yanada kengaytirishga qiziqish bildirildi.
Mintaqada xavfsizlik, barqarorlik va farovonlikni ta'minlash uchun «Markaziy Osiyo – Xitoy» tashqi ishlar vazirlari uchrashuvi mexanizmining zarurligi qayd etildi. Markaziy Osiyo davlatlari va Xitoyning iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotini jadallashtirishga ko‘maklashuvchi investitsion va infrastruktura loyihalarini ro‘yobga chiqarishni davom ettirish uchun amaliy choralar ko‘rishning muhimligi e'tirof etildi.
Vazirlar Doha shahrida afg‘onlararo muzokaralarning birinchi raundini o‘tkazish to‘g‘risidagi qarorni qo‘llab-quvvatladilar.
Uchrashuvda BMT, ShHT va boshqa xalqaro tashkilotlar doirasidagi ko‘p tomonlama hamkorlik masalalari ham ko‘rib chiqildi, deyiladi xabarda.