Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Amerika yangi prezident bilan uyg‘onadimi? Asosiy intrigalar
3 noyabr butun dunyo siyosati uchun juda muhim kun. AQShda prezidentlik saylovlari o‘tkaziladi. Bu saylov shunchalik muhimki, uning natijasi barcha mamlakatlarga ta'sir qiladi. AQSh prezidentini bejiz «dunyo prezidenti» deb atashmaydi. Bu chindan juda katta siyosiy rutba. Xo‘sh, amerikaliklar yangi prezident bilan uyg‘onishadimi? Yoki Tramp o‘z ta'biri bilan aytganda, Baydenni yanchib tashlaydimi?
Amerikaliklar doim «yomonlarning yaxshirog‘ini tanlashga» majbur
AQSh prezidenti kabi ko‘p tanqid qilinadigan odam bo‘lmasa kerak. Ayniqsa, saylov oldidan amaldagi prezidentlarga oson bo‘lmaydi. Amaldagi prezident ham o‘z navbatida raqibini tanqid qiladi. Shu sababli, amerikaliklar doim «ikki yomon nomzoddan yaxshirog‘ini tanlashga» majbur bo‘lishadi. Aslida ham shundaymi? Dunyoning eng zo‘r davlatida yaxshilardan eng yaxshisi tanlanishi kerak emasmi? Gap shundaki, hech qanday chegarasiz tanqidlar olib chiqilgach, hammaning ham qandaydir aybi «cho‘michga chiqadi».
Aslida esa AQShni boshqaradigan ikki partiya prezidentlik saylovlarida duch kelgan odamni nomzod qilib ko‘rsatmaydi. Masalan, butun dunyoda tanqid qilinadigan Tramp ham bejiz Amerikani boshqarib yurgani yo‘q. U ham o‘z g‘oyalariga odamlarni ishontira olib prezident bo‘lgan va kerakli darajada ishladi. U saylovoldi kampaniyasi vaqtida bergan va'dalarini bajarmoqda. Shunchaki boshqa davlatlarda siyosatchilar bu darajada ochiqchasiga tanqid qilinmasligi sababli amerikaliklar nega bu qadar ko‘p tanqid qilinadigan odamlarni prezidentlikka saylashlarini qabul qila olishmaydi.
Tramp qanday yutishi mumkin?
Har qanday saylovda amaldagi prezidentning imkoniyati yuqori bo‘ladi. Chunki u o‘z nomi bilan mamlakatning amaldagi rahbari. Saylov kampaniyasi vaqtida hech qanaqasiga amaldagi prezident va boshqa nomzodning imkoniyati teng bo‘lmaydi. Hatto AQShda ham. Tramp o‘tgan gal g‘alabasiga sabab bo‘lgan omillar sabab bu gal ham g‘alaba qozonishi mumkin. Ijtimoiy so‘rovlar Baydenning ustunligini ko‘rsatayotgan bo‘lsa-da, Trampning imkoniyatlarini ham yuqori baholash mumkin. Chunki o‘sha «juda aniq» ijtimoiy so‘rovlar 4 yil oldin Hillari Klintonning katta ustunlik bilan g‘alaba qozonishini taxmin qilgandi. Amalda esa Tramp prezidentlikka saylandi.
U birinchi navbatda AQShning ortiq «xalqaro politsiyachi» bo‘lmasligini aytgani evaziga g‘alaba qozondi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki Klinton nuqul Rossiya va Xitoyga bosim qilish haqida gapirayotgan bir vaqtda Tramp mamlakatning «ichki organizmi»da burab qo‘yish kerak bo‘lgan murvatlar borligini gapirdi, soliq islohotini va'da qildi, Meksika bilan oraga devor solamiz dedi, xullas bo‘ladigan gaplarni gapirib yutib ketdi. Klinton xonim esa Trampga qaraganda ko‘proq saylovchilar qo‘llaganiga qaramasdan mag‘lubiyatni tan olishga majbur bo‘ldi.
Bayden debatlar vaqtida Klintondan farqli ravishda katta da'volar qilmadi, u asosiy e'tiborni Trampning xatolariga qaratdi. Ya'ni, Trampga o‘z uslubida zarba berishni ma'qul ko‘rdi. Biroq raqibni mazax qilish bobida Trampning oldiga tushib bo‘ladimi? Baydenning saylovoldi kampaniyasi vaqtidagi juda ko‘p harakatlari populizmdek tuyuldi ko‘pchilikka. Nogiron bolalarni quchoqlashi-yu, vitse-prezidentlikka qora tanli nomzodni ko‘rsatganigacha. Bu borada Tramp undan ancha tabiiyroq. Trapm populizmdan ko‘ra o‘z ko‘rsatkichlaridan havolanishni ma'qul ko‘radi. U o‘zining to‘g‘ri yo‘lda ekaniga shunchalik ishonadiki, BMT sammitida spichrayterlar yozib bergan qog‘ozdagi nutqqa qaramay, o‘z yutuqlarini sanab ketadi. Ha, Tramp shu darajada o‘ziga ishongan va har qanday jangda bu narsa odamga ustunlik beradi.
Bayden qanday yutishi mumkin?
So‘rovnomalar natijalariga qaramay, Jo Bayden g‘alabasiga to‘siq bo‘ladigan omillar ham bor. O‘g‘lining Ukrainadagi korrupsiya mojarosiga aralashganining o‘zi u uchun vaziyatni yomonlashtirib yuborgandi. Shu sababli Bayden faqat bir holatda g‘alaba qilishi mumkin – Tramp yutqazsa.
Ha, saylovda Tramp yutqazishi uchun juda jiddiy sabablar bor. Birinchidan, koronavirus pandemiyasi vaqtida AQSh hukumatining qanchalik ojizligi ko‘rinib qolgani. Tramp dastlab «Xitoy virusi»ga jiddiy e'tibor bermadi. «Millionlab odamlar avtohalokatda o‘ladi, lekin bu tufayli mashina ishlab chiqarishni to‘xtatmaymiz-ku, nega koronavirus uchun zavodlarni yopishimiz kerak?», degandi Tramp bu gaplari bilan xalqining nafratli nigohlariga uchrashini bilsa ham.
230 mingdan ortiq amerikalik ushbu kasallik qurboniga aylandi, hatto Trampning o‘zi ham virusga chalinib, davolanib chiqdi. U AQSh tibbiyot tizimini dunyoda eng zo‘ri deb atadi va xotirjamlikka berildi, biroq prezident koronavirusga qarshi kurashni juda kech boshladi. Boshlagach ham ko‘ngildagidek olib borolmadi va oqibatda yuz minglab amerikaliklar o‘lib ketdi. Bu omil Trampning saylovda yutqazishi uchun asosiysi hisoblanadi.
Shuningdek, Trampning o‘zi ham virus yuqtirgani u rahbar sifatida tartibli emasligini ko‘rsatib qo‘ydi. U yosh emas (74 yosh) va virus yuqtirgach, keyinchalik salomatligi qanday bo‘lishi ham so‘roq ostida qoldi. Ko‘pchilik bunga e'tibor bermayapti, ammo bu ham ovoz berish jarayonida ta'sir qilishi mumkin. Axir amerikaliklar saylagan prezidenti bir yil o‘tib, bu ishga yaramay qolishini istashmaydi-ku!
Rossiya omili
Tan olish kerakki, Tramp Rossiya bilan munosabatlarda va ayniqsa Putin bilan uchrashuvlarda o‘zini uyatli darajada yomon tutdi. Ayniqsa Finlyandiyadagi uchrashuvlardan keyin Trampni ko‘pchilik amerikaliklar yomon ko‘rib qoldi. Chunki Rossiya AQSh uchun asosiy raqib hisoblanadi. Xuddi «Real»ning «Barselona»ni yuta olmaydigan murabbiyi Madrid uchun qadrsiz bo‘lgani kabi AQShda ham Rossiya oldida mag‘rur turmaydigan rahbar qadrlanishi qiyin.
Biroq Tramp Rossiyaga qulluq qilyapti deb bo‘lmaydi. Shunchaki, u Rossiya bilan o‘ynashish mamlakat zarariga ishlashini bilardi va keraksiz mojaroga vaqt sarflashni istamadi. Putin Tramni prezidentlikka olib keldi degan gaplar esa safsata.
Nega AQSh yutadi?
Nima bo‘lganda ham bugungi saylovlarda AQSh yutadi. Chunki bu qadar katta intrigali saylov hech qayerda bo‘lmagan, hali-beri bo‘lmaydi ham. Demokratiya orqali dunyoning eng zo‘riga aylangan AQSh prezidentlik saylovlariga qaysi nomzod g‘olib bo‘lishidan qat'i nazar unda Amerika xalqi yutadi. Chunki g‘olib, shubhasiz ko‘pchilikning irodasini ifodalagan inson bo‘ladi. Xo‘sh, ertaga Amerika yangi prezident bilan uyg‘onadimi?..
O‘tkir Jalolxonov
Mavzuga oid
18:49 / 05.01.2026
Bayden AQSh sobiq prezidentlari orasida eng yuqori pensiyani olishi aniqlandi
20:18 / 18.12.2025
Oq uyda Obama va Baydenni mazax qiluvchi lavhalar o‘rnatildi
16:40 / 18.12.2025
«Yevropalik cho‘chqachalar qulashimizdan umid qilgan» - Putin Bayden ma’muriyati va yevropaliklarni urushni boshlashda aybladi
18:10 / 29.11.2025