O‘zbekiston | 11:48 / 28.12.2020
13796
5 daqiqa o‘qiladi

Namanganda ham ichimlik suvi narxi oshadi

Namangan viloyatida 2021 yilning 10 yanvaridan ichimlik suvi ta'minoti va kanalizatsiya xizmatlari tariflari oshiriladi. Xalq deputatlari Namangan viloyati kengashining 2020 yil 19 dekabrdagi «Namangan suv ta'minoti» MChJning ichimlik suvi va kanalizatsiya xizmatlari tariflarini tasdiqlash to‘g‘risidagi qarori qabul qilingan.

Ma'lum qilinishicha, xizmat ko‘rsatishdagi xarajatlarni to‘liq qoplash va «Namangan suv ta'minoti»ning rentabelli faoliyat yuritishini ta'minlash maqsadida tariflar oshirilmoqda.

Yangi belgilangan ichimlik suv va kanalizatsiya xizmatlari tariflari aholi uchun quyidagicha:

  • 1 kub metr ichimlik suvi maxsus ustama (50 so‘m) bilan 2600 so‘m;
  • 1 kub metr oqova suv xizmati maxsus ustama (50 so‘m) bilan 750 so‘m.

O‘z navbatida, budjet tashkilotlari va ulgurji iste'molchilar uchun 1 kub metr suv QQS va maxsus ustama bilan birga 3862,25 so‘m, 1 kub metr oqova suv QQS va maxsus ustama bilan birga 1056,25 so‘m etib belgilangan.

- suv o‘lchash asbobiga ega bo‘lmagan aholi xonadonlariga yetkazib berilgan ichimlik suvi uchun to‘lovlar o‘rnatilgan ichimlik suv tariflariga ko‘taruvchi 1,5 koeffitsiyent qo‘llash yo‘li bilan amalga oshiriladi;

- suv o‘lchash asboblari bilan jihozlanmagan va fuqarolar ro‘yxatga olinmagan turar joylarda ichimlik suvi uchun hisob-kitoblar o‘rnatilgan me'yorlar asosida ichimlik suv tariflariga ko‘taruvchi 1,5 koeffitsiyent qo‘llash yo‘li bilan, bir va ikki xonali xonadonlarga bir kishi, uch xonali xonadonlarga ikki kishi, to‘rt xonali xonadonlarga uch kishi, besh xonali xonadonlarga to‘rt kishi hisobida amalga oshiriladi.

Izoh berilishicha, viloyat hokimining 2019 yil 4 martdagi 83-sonli qarori bilan 2019 yil uchun iste'mol qilingan har 1 kub metr ichimlik suvi uchun barcha iste'molchilardan O‘zbekiston Respublikasi VMning Uy-joy kommunal xo‘jaligining rivojlantirish jamg‘armasiga 50 so‘m miqdorida ustama to‘lovi joriy etilgan.

Ko‘rsatilgan ichimlik suvi va kanalizatsiya xizmatlari uchun 2021 yil 10 yanvargacha to‘liq hisob-kitob qilish so‘ralgan, 10 yanvardan boshlab ko‘rsatilgan xizmatlar uchun yangi tariflar asosida hisob-kitob qilinadi (hozirgi tarifga ko‘ra Namangan viloyatida ichimlik suvi narxi 1 kub metr uchun 1200 so‘m atrofida).

Bundan avvalroq Toshkent shahrida ichimlik suvi tariflarini keskin oshirish taklif etilgandi. Loyihaga ko‘ra aholi, budjet va ulgurji iste'molchilar uchun (qo‘shimcha qiymat solig‘isiz) 310 so‘mdan 500 so‘mga (161,2 foiz), tijorat tashkilotlari uchun 730 so‘mdan 1500 so‘mga (205,4 foiz) o‘sishi, shuningdek, kanalizatsiya xizmatlari uchun tariflar aholi, budjet va ulgurji iste'molchilar uchun (qo‘shimcha qiymat solig‘isiz) 250 so‘mdan 350 so‘mga (140 foiz), tijorat tashkilotlari uchun 460 so‘mdan 820 so‘mga (178,2 foiz) o‘sishi ko‘rsatilgandi.

Navoiy viloyatida esa 2021 yil 1 yanvarida ichimlik suvi va kanalizatsiya xizmati narxi qariyb 3 baravar oshiriladi. Yangi tarifga ko‘ra, 2021 yildan boshlab 1 kubometr ichimlik suvi aholi uchun 3000 so‘m (hozir 1080 so‘m), budjet tashkilotlari va ulgurji iste'molchilar uchun 7500 so‘m (3300 so‘m), kanalizatsiya xizmatlari uchun 1 kubometr suv narxi aholiga 2700 so‘m (1000 so‘m), budjet va ulgurji iste'molchilarga 7000 so‘m (2800 so‘m) etib belgilandi.

Dekabr oyida Samarqand viloyatida ham deputatlar ichimlik suvi narxining oshishi bo‘yicha qarorni tasdiqlashgandi. Samarqandda aholi uchun 1 kub metr ichimlik suvining oshgan narxi 1 850 so‘m, budjet va ulgurji iste'molchilar uchun 3 500 so‘m qilib belgilangan.

Oktyabr oyida Jizzax viloyatida ham ichimlik suvini oshirish bo‘yicha qaror qabul qilingan, 2020 yil 10 noyabridan aholiga 1 kub metr ichimlik suvi uchun 2500 so‘m, tashkilot va korxonalarga 1 kub metr uchun 3500 so‘m etib belgilangan. Shuningdek, oqova suv xizmati uchun aholiga 1 kub metri 1000 so‘m, tashkilot va korxonalar uchun 1 kub metri 1500 so‘m bo‘lgandi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid