O‘zbekiston | 08:28 / 29.12.2020
4592
2 daqiqa o‘qiladi

Farg‘ona tumanida ko‘mir sanoati rivojlantiriladi - Hukumat qarori loyihasi

Farg‘ona tumani sanoati va eksport salohiyatini yanada kengaytirish, mavjud tabiiy resurslardan hamda yer qa'ri uchastkalaridan foydalanish samaradorligini oshirish maqsad qilingan.

Vazirlar Mahkamasining “Farg‘ona viloyati Farg‘ona tumanida ko‘mir sanoatini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi

Farg‘ona viloyati hokimligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasining Farg‘ona tumanida ko‘mir sanoatini rivojlantirish borasidagi taklifi ma'qullanishi mumkin.

Farg‘ona viloyati hokimligi, Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi hamda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi ko‘mir sanoatini rivojlantirish va qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish maqsadida “Great Silk Road Servis” mas'uliyati cheklangan jamiyatiga Farg‘ona tumani Vodil QFY hududidagi ko‘mir mahsuloti zaxirasi mavjud bo‘lgan yer maydoni ajratib berilishini ta'minlaydi.

“Great Silk Road Servis” mas'uliyati cheklangan jamiyati investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida quyidagi investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlarning bajarilishini o‘z zimmasiga oladi:

a) 2021-2022 yillar davomida 5 mln. AQSh dollari miqdorida investitsiya kiritish orqali ko‘mir sanoati klasteri faoliyatini yo‘lga qo‘yish;

b) ko‘mir kukunidan briket ishlab chiqarish sexi faoliyatini yo‘lga qo‘yish;

v) kamida 200 ta yangi ish o‘rnini tashkil etish.

Belgilanishicha, qabul qilingan investitsiya majburiyatlari bajarilmagan, ushbu qarorga asosan berilgan yer uchastkalaridan oqilona foydalanilmagan taqdirda yoxud kimyoviy va radioaktiv ifloslanishiga, atrof-muhitning buzilishiga, respublika hududida karantin o‘simliklari va obektlarining paydo bo‘lishi va tarqalishiga olib keluvchi usullardan foydalanilganda yer uchastkasiga egalik qilish va undan foydalanish huquqi qonun hujjatlari talablariga muvofiq bekor qilinadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid