O‘zbekiston | 17:17 / 29.12.2020
7813
2 daqiqa o‘qiladi

Ikkita gidroelektrostansiya yangidan ish boshladi

“Toshkent GESlar kaskadi” unitar korxonasi tarkibidagi GES-9 va “Quyi-Bo‘zsuv GESlar kaskadi” unitar korxonasi tarkibidagi GES-14 yangi quvvatda ish boshladi. Ular “O‘zbekgidroenergo” loyihalari doirasida modernizatsiya qilingan. 

“O‘zbekgidroenergo” axborot xizmatiga ko‘ra, GES-9 Toshkent shahrida joylashgan bo‘lib, 1943 yilda ishga tushirilgan. Uzoq yillar davomidagi ekspluatatsiya natijasida, 75 yildan ortiq muddat davomida GESda o‘rnatilgan elektr qurilmalari, texnologik uskunalar moddiy va ma'naviy jihatdan eskirib, so‘nggi yillarda mazkur GES o‘rnatilgan quvvatlarda ishlamay qolgan. 

Modernizatsiyadan so‘ng GESning yillik elektr energiya ishlab chiqarish ko‘rsatkichi 95,0 mln.kVt.soatni tashkil etadi. Ishlab chiqarish quvvati qariyb 2 barobarga oshib, Toshkent shahrining  60-70 mingga yaqin aholi xonadonlarining elektr energiyasiga bo‘lgan talabi qoplanishi kutilmoqda.

GES-14 Bo‘zsuv kanalida Toshkent shahridan 15 km uzoqda joylashgan bo‘lib, 1944 yilda ishga tushirilgan. Modernizatsiya doirasida stansiyada 2007 yildan beri ishlamay kelgan 1 dona 10,7 MVt quvvatli gidroagregat o‘rniga quvvati 7,5 MVtdan, umumiy quvvati 15 MVtdan iborat 2 dona gidroagregat o‘rnatilgan. GESning yillik elektr energiya ishlab chiqarish ko‘rsatkichi 90,7 mln.kVt.soatni tashkil etadi. Bu loyiha ishga tushirilishi natijasida Toshkent viloyatining 50-60 mingga yaqin xonadonlarining elektr energiyasiga bo‘lgan talabini GES-14 orqali ta'minlanishi kutilmoqda.

Саодат Абдураҳмонова
Tayyorlagan Саодат Абдураҳмонова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid