O‘zbekiston | 08:09 / 29.12.2020
5087
2 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryo viloyatida yangi quyosh elektr stansiyasi quriladi

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston Energetika vazirligi quyosh energiyasi sohasidagi navbatdagi loyiha – “Sherobod quyosh fotoelektr stansiyasi (FES) loyihasining II bosqichi” (Sherobod II) boshlanganligi to‘g‘risida xabar berdi.

Yangi loyiha Energetika vazirligi tomonidan O‘zbekiston hukumati va Osiyo taraqqiyot banki o‘rtasida 1 GVt quyosh energiyasi uchun raqobatbardosh savdolar o‘tkazish bo‘yicha texnik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida umumiy memorandum doirasida amalga oshiriladi.

Sherobod II loyihasi Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida 300 MVt quvvatga ega fotoelektr stansiyasini qurishni ko‘zda tutadi. Mazkur stansiya 2024 yilga qadar ishga tushiriladi. U 2020 yil fevralda e'lon qilingan birinchi Sherobod I loyihasi obektlariga yaqin joyda quriladi.

Sherobod I loyihasini amalga oshirish maydoni Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida joylashgan. Ayni paytda ushbu loyiha uchun tender o‘tkazilmoqda. Takliflar so‘rovi 2020 yil 14 dekabrda boshlangan va 2021 yil 15 martgacha davom etadi. Birinchi bosqich doirasida kamida 200 MVt quvvatga ega fotoelektr stansiyasini va yangi infratuzilmani qurish rejalashtirilgan.

Yillik ishlab chiqarish 1,1 milliard kVt. soatdan ortiq bo‘lgan 500 MVt quvvatga ega 2ta FES hududdagi yillik elektr energiyasi iste'molining taxminan 30 foizini ta'minlash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Surxondaryo viloyatida o‘rtacha yillik elektr energiyasi iste'moli 3,2 milliard kVt. soatni tashkil etadi.

Sherobod II loyihasi doirasida ochiq tender o‘tkaziladi va bu 2021 yil boshida rasman e'lon qilinadi, deyiladi Energetika vazirligi matbuot xizmati xabarida. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid