O‘zbekiston | 20:34 / 27.02.2021
8694
4 daqiqa o‘qiladi

IIV akademiyasidagi muammolar tanqid qilindi

Professor-o‘qituvchilar o‘quv jarayonida asosan nazariy ta'lim bilan chegaralanib, nazariya va amaliyotning uyg‘unligi ta'minlanmaganligi oqibatida akademiya bitiruvchilarining amaliyotga moslashib ketishi uchun salkam ikki yilgacha vaqt talab etilmoqda.

Rustam Hotamov / Foto: IIV akademiyasi

26 fevral kuni IIV akademiyasida kadrlar tayyorlash tizimini isloh etish, ta'lim sifatini yuksaltirishga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tgan. Yig‘ilishda ta'lim jarayonida ayrim professor-o‘qituvchilar tomonidan o‘quv mashg‘ulotini tashkil etishda jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘yilayotgani, o‘qitishning interfaol metodlarini qo‘llash, pedagogik mahoratni yuksaltirib borish, o‘z ustida izlanish va innovatsiyaga intilish o‘rniga, samarasiz pedagogik usul va vositalardan foydalanilayotgani tanqid qilingan.

Ichki ishlar vazirligi akademiyasi boshlig‘i Rustam Hotamovning ta'kidlashicha, akademiyada kursant va tinglovchilarga o‘qitishning zamonaviy metodikalaridan foydalanib ta'lim berish amaliyoti to‘liq yo‘lga qo‘yilmagan. Professor-o‘qituvchilar o‘quv jarayonida asosan nazariy ta'lim bilan chegaralanib, nazariya va amaliyotning uyg‘unligi ta'minlanmaganligi oqibatida akademiya bitiruvchilarining amaliyotga moslashib ketishi uchun salkam ikki yilgacha vaqt talab etilmoqda.

«Kafedralarda faoliyat yuritayotgan ko‘p yillik pedagogik stajga ega ayrim o‘qituvchilar hanuzgacha ilmiy-tadqiqot ishlari bilan jiddiy shug‘ullanmagan. Qolaversa, kursantlarni ilmiy-tadqiqot faoliyatiga keng jalb etish, ular bilan olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlarini jadallashtirish va fanlarga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish maqsadida tashkil etilgan kursantlar ilmiy to‘garaklari faoliyatini ham qoniqarli deb bo‘lmaydi. Natijada kursantlarimizning respublika fan olimpiadalaridagi yutuqlari salmog‘i yildan yilga tushib ketmoqda», – deya Rustam Hotamovdan iqtibos keltirmoqda akademiya axborot xizmati.

Ta'kidlanishicha, hozir akademiyada yettita mutaxassislik bo‘yicha kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, kunduzgi ta'limda o‘qish muddati uch yil etib belgilangan. Ta'lim jarayonida nazariya va amaliyot uyg‘unligini ta'minlash maqsadida malakaviy amaliyot muddati 1,5 oydan 4 oyga uzaytirilib, Toshkent shahridagi hududiy ichki ishlar organlarida 17 ta kafedra filiallari tashkil etilgan. Biroq nazariy bilimlarni amaliy ko‘nikmalar orqali mustahkamlashda ushbu filiallar imkoniyatlaridan oqilona foydalanilmagani kursantlarning yetarli ish o‘rganish ko‘nikmalariga ega bo‘lmasdan xizmat faoliyatiga yo‘l olishi, ishga moslashuvchanligining sekin kechishiga sabab bo‘lmoqda.

Akademiya yigirmadan ortiq xalqaro tashkilotlar hamda xorijning yetakchi oliy ta'lim muassasalari bilan o‘zaro kelishuvlar asosida hamkorlik qilib kelayotgan bo‘lsa-da, tahlillar mazkur sohada ham tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmagani, xorijning ilg‘or tajribalarini o‘rganish va ta'lim jarayoniga samarali tatbiq etish borasida yetarli darajada foydalanilmagani, professor-o‘qituvchilar va kursantlarning yetakchi xorijiy davlatlarning turdosh o‘quv maskanlarida malaka oshirishlari tizimli yo‘lga qo‘yilmaganini ko‘rsatmoqda. Shu bois Rustam Hotamov xalqaro tajriba almashinuvini rivojlantirish asnosida professor-o‘qituvchilar, xodimlar, tinglovchi va kursantlarning pedagogik mahorati, malakasi muntazam oshirib, maqsadli o‘qitib borilishini ma'lum qilgan.

Akademiya axborot xizmatining ma'lum qilishicha, o‘quv muassasasida ta'lim zamonaviy standartlarga muvofiq, ikki bosqichda – bakalavriat va magistratura asosida yo‘lga qo‘yilishi, tinglovchi va kursantlarga ta'lim berish jarayoni tubdan isloh etilishi, nazariya va amaliyot uyg‘unligi kuchaytirilishi, mutaxassislik kafedralari professor-o‘qituvchilari va tinglovchi-kursantlar tarkibidan tezkor-tergov guruhlari shakllantirilib, Toshkent shahrida sodir bo‘lgan og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar bo‘yicha hodisa sodir bo‘lgan joyda amaliyot xodimlari bilan birgalikda ishlash tizimi yo‘lga qo‘yilishi kutilmoqda.

Дилшод Абдуқодиров
Tayyorlagan Дилшод Абдуқодиров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid