Jahon | 23:27 / 26.08.2021
4693
2 daqiqa o‘qiladi

Fransiya elchixonasining barcha xodimlari yaqin kunlarda Kobulni tark etishadi

Foto: Reuters

Afg‘onistondagi keskin vaziyat Fransiya elchixonasining barcha xodimlarini tez kunlarda Kobuldan evakuatsiya qilishni talab qiladi, dedi Fransiya prezidenti Emmanuel Makron 26 avgustda Dublinda Irlandiyaga tashrifi vaqtida bosh vazir Mixol Martin bilan qo‘shma matbuot anjumanida.

“Kelgusi soatlar, Kobul aeroportida va yaqinida bo‘lganlar uchun xavflidir. Hozirda Fransiya elchisi, elchixona xodimlari, boshqa fransuzlar, shuningdek, maxsus kuchlarning fransuz harbiylari aeroport hududidalar. Ular AQSh tomonidan taqdim etiladigan va Fransiya tomonidan amalga oshiriladigan oxirgi reyslar bilan Afg‘onistonni tark etishadi”, dedi Fransiya rahbari.

Fransiya prezidentining qo‘shimcha qilishicha, Fransiya hali ham “yuzlab afg‘onlarni” evakuatsiya qilishga harakat qiladi.

Matbuot anjumanida u elchixonaning bo‘lajak faoliyati haqida fikr bildirdi. “Fransiya elchisi Afg‘onistonda qolmaydi. U o‘z jamoasi bilan Parijdan turib ishlaydi”, dedi Makron. Uning ta'kidlashicha, Fransiyaning Afg‘onistondagi elchixonasi “amalda” o‘z ishini davom ettiradi.

“Buning sababi, biz hozirgi hukmronlik qilayotgan tizimni tan olmaymiz, lekin biz mamlakatni tan olamiz va u bilan ishlashda davom etamiz. Elchi o‘z vazifalarini saqlab qoladi, lekin xavfsizlik nuqtayi nazaridan u Parijdan harakat qiladi”, deya tushuntirdi Makron. U “bu holat kerak bo‘lguncha davom etadi”, deb qo‘shimcha qildi.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid