Jahon | 08:33 / 31.05.2022
14047
3 daqiqa o‘qiladi

RFga qarshi sanksiyalar Rossiya kompaniyalarining 86 foizdan ortig‘iga ta’sir ko‘rsatdi 

Rossiyadagi kompaniyalarning 77,4 foizi sanksiyalarga moslashmoqda, 11,7 foizi biznesni to‘xtatmoqda, bu haqda biznes-ombudsman Boris Titovning apparati tomonidan tayyorlangan hisobotda aytiladi.

Foto: Getty Images

Rossiya prezidenti huzuridagi tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil Boris Titovning apparati tomonidan tayyorlangan hisobot - «Biznesdagi holat monitoringi»ga ko‘ra, Rossiyaga qarshi amaldagi sanksiyalar Rossiya kompaniyalarining 86,8 foiziga ta’sir ko‘rsatdi. Bu haqda «Interfaks» 31 may, seshanba kuni xabar berdi.

Hujjatga ko‘ra, joriy etilgan sanksiyalardan jabrlangan kompaniyalarning 77,4 foizi ularga moslasha olgan yoki shuni rejalashtirmoqda, «lekin 11,7 foizi buni amalga oshira olmadi va biznesni to‘liq yoki qisman to‘xtatdi». So‘rovda qatnashganlarning 67,1 foizi iqtisodiy tanazzul oqibatlarini his qilayotganini bildirgan.

Tadqiqot uchun so‘rovda qatnashgan tadbirkorlarning atigi 10,4 foizi o‘z biznesi hali ham barqaror va o‘sib borayotganini aytgan. Ishbilarmonlik bilan bog‘liq muammolar orasida respondentlarning 62,2 foizi talabning qisqarishini, «buning ortidan aylanma mablag‘lar va naqd pul yetishmovchiligi, yetkazib berish zanjirining uzilishi va import bo‘yicha qiyinchiliklar»ni tilga oldi.

50 foizdan ortiq tadbirkorlar Rossiya hukumati korxonalarning sanksiyalar ostida ishlashini ta’minlash uchun yetarli harakat qilmayapti, deb hisoblaydi, 35 foizi esa rasmiylarning harakatlarini «xotirjam va samarali» deb baholagan. «Monitoring so‘zsiz ko‘rsatmoqdaki, biznes aksariyat qismi hukumatning o‘zgarishlarga nisbatan hozirgi munosabatini yetarli emas deb hisoblaydi. Muammolarni faqat fundamental islohotlar orqali, rivojlanish modelining o‘zini o‘zgartirish orqali yengish mumkin», - dedi Boris Titov.

Avvalroq, 30 may kuni Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen Bryusselda boshlangan ikki kunlik YeI sammitida Rossiya neftiga nisbatan embargo bo‘yicha murosani kutmayotgani haqida ma’lum qildi. Biroq shu kuni Yevropa kengashi rahbari Sharl Mishel «Rossiya neftini Yevropa ittifoqiga eksport qilishni taqiqlash bo‘yicha kelishuvga erishilgani»ni bildirdi.

«Bu Rossiya neft importining uchdan ikki qismidan ko‘prog‘ini qoplaydi va bu uning urush mashinasini moliyalashtirishning katta manbasini to‘xtatadi», deb yozdi Mishel Twitter’da. Ma’lumki, Rossiya neftining uchdan ikki qismi YeIga tankerlar orqali, uchdan bir qismi esa «Drujba» quvuri orqali yetkaziladi. 

Mavzuga oid