Jamiyat | 11:19 / 08.06.2022
35465
2 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryoda mashinadan pul o‘g‘irlagan farg‘onalik shaxs «samosud» qilindi

Dehqon bozorida turgan mashinadan 650 ming so‘m pulni o‘g‘irlagan shaxsni bir necha kishi samosud qilib, do‘pposlagan.

Foto: Videodan kadr

Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyatining Ko‘kdala tumanida joylashgan bozorda yoshi keksa odam bir guruh fuqarolar tomonidan kaltaklangani tasvirlangan video tarqaldi. Holatga Qashqadaryo viloyati IIB munosabat bildirdi.

Munosabatda ma’lum qilinishicha, ijtimoiy tarmoqlarda odamlar tomonidan do‘pposlangan shaxs Farg‘ona viloyati Buvayda tumanida yashovchi, muqaddam sudlangan R.Sh. ekani aniqlangan.

Unga nisbatan joriy yil 6 iyun kuni Chiroqchi tuman IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Ko‘kdala tumani “Kattaqishloq oziq-ovqat dehqon” bozorida turgan Cobalt mashinasidan 650 ming so‘m pul o‘g‘irlangani holati bo‘yicha Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Gumonlanuvchiga qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

«Hozirda samosud holati bo‘yicha ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda», deyiladi munosabatda.

Avvalroq Jizzaxda fuqaroni «samosud» qilib yechintirgan va holatni videoga olgan shaxslar ushlangandi.

Ғайрат Йўлдошев
Tayyorlagan Ғайрат Йўлдошев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid