AQSh federal zaxira tizimi bazaviy stavkani keskin oshirdi
1994 yildan beri birinchi marta AQSh Markaziy banki bazaviy stavkani keskin oshirdi. Bu Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi tufayli rekord darajaga yetgan inflatsiyani sekinlashtirish bilan bog‘liq.
AQSh Federal zaxira tizimi (FZT) bazaviy stavkani 0,75 foiz punktga oshirdi. Bu haqda 15 iyun, chorshanba kuni regulyator saytida e’lon qilingan xabarda aytilgan.
Bu 1994 yildan beri eng keskin o‘sish bo‘lib, hozir u 1,5-1,75 foiz oralig‘ida. Shu tariqa, FZT AQShda 1981 yil dekabridan beri eng yuqori daraja - 8,6 foizga yetgan inflatsiyani ushlab turishga harakat qilmoqda.
Rasmiylar tovarlar narxining bunday keskin oshishiga Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi va buning jahon iqtisodiyoti uchun oqibatlari, shuningdek, Xitoyda ta’minot zanjirlariga ta’sir ko‘rsatayotgan koronavirus cheklovlarini sabab sifatida keltirgan.
«FZT uzoq muddatda maksimal bandlik va inflatsiyani 2 foizga yetkazishni maqsad qilgan», - deyiladi regulyatorning bayonotida. U bundan keyin ham foiz stavkalari oshirilishini e’lon qildi.
FZT raisi Jyerom Pauell bugungi o‘sishni «g‘oyat katta» deb atadi va «bunday katta qadamlar odatiy holatga aylanishini kutmayotgani»ni aytdi. Keyingi yig‘ilishda regulyator stavkaning 0,5 foizga yoki yana 0,75 foiz punktiga ko‘tarilishini muhokama qiladi, dedi Pauell.
FZT, shuningdek, AQSh iqtisodiyoti uchun o‘sish prognozini pasaytirdi. Endi regulyator mamlakat yalpi ichki mahsuloti 2022 yilda mart oyida kutilganidek 2,8 foiz o‘rniga 1,7 foizga o‘sishini kutmoqda. FZT ma’lumotiga ko‘ra, ishsizlik darajasi 3,7 foizga ko‘tariladi, bu ham mart oyidagi prognozdan yomonroqdir, deya ta’kidlaydi CNN.
AQSh Mehnat vazirligining rekord darajadagi inflatsiya haqidagi hisobotini sharhlar ekan, prezident Jo Bayden buni «Putinning oziq-ovqat va gazga solig‘i» deb atadi. «Biz hech qachon bunday narsani ko‘rmaganmiz», dedi Bayden.
Koronavirus pandemiyasining iqtisodiy ta’siriga qarshi kurashish uchun FZT 2020 yil mart oyida asosiy stavkasini nolga tushirdi va qarz olishni deyarli bepul qildi. Ushbu «oson pul siyosati» uy xo‘jaliklari va korxonalarning xarajatlarini rag‘batlantirdi, lekin shu bilan birga, inflatsiyani kuchaytirdi va iqtisodiyotning haddan tashqari «qizib» ketishiga turtki berdi. Endi esa FZT hozir uning o‘sishini sekinlashtirishga harakat qilmoqda, deb ta’kidlaydi CNN telekanali.
Investorlar bunday harakatga tayyor edilar, deb yozadi Bloomberg so‘rovda qatnashgan tahlilchilarga tayanib. Dow Jones indeksi yangilikdan keyin 1 foizga, S&P 500 - 1,5 foizga, Nasdaq Composite 2,5 foizga ko‘tarildi. «Investorlar regulyatorning harakatini inflatsiyani pasaytirish bo‘yicha qat’iy majburiyat sifatida talqin qildi», deb tushuntirdi CNN.
Mavzuga oid
16:56
AQSh saylovlarida respublikachilar Kongressda ko‘pchilikni qo‘lga kiritdi
15:46
“Abadiy ximikatlar” yoshlarda buyrak shikastlanishiga olib kelishi mumkin - tadqiqot
15:42
Rossiyadan Venesuelagacha: tabiiy boyliklar bo‘yicha eng boy davlatlar
10:31