14:15 / 18.06.2022
71048

O‘zbekiston tepasidan uchib o‘tgan Amerika razvedka samolyoti qanday urib tushirilgan edi?

1960 yil may oyida AQSh harbiy havo kuchlariga qarashli samolyot Afg‘oniston tomondan SSSR chegarasini buzib o‘tadi. So‘ng Tojikiston, O‘zbekiston va Qozog‘iston tepasidan uchib o‘tib, RSFSR hududiga kiradi. Sovet harbiylari samolyotni Sverdlovsk (hozirgi Yekaterinburg) shahri yaqinida urib tushirishadi.

1960 yil 1 may kuni Pokistonning Peshavor shahridan AQSh harbiy havo kuchlariga qarashli U-2 razvedka samolyoti harbiy uchuvchi Frensis Pauers boshqaruvida havoga ko‘tariladi. Samolyot SSSRda razvedka ma’lumotlarini olib so‘ng Norvegiyaning Budyo shahrida joylashgan AQSh harbiy bazasiga borishni rejalashtirgandi.

Mazkur samolyot maxsus tayyorlangan bo‘lib, avval ham bir necha marta SSSR chegaralarini buzib kirgandi. Ammo u 24 ming metr balandlikda uchgani sababli sovet harbiy samolyotlari uni tutolmagan, havo hujumidan mudofaa tizimlari hamda zenit raketalari urib tushira olmagan.

Samolyot SSSR chegarasini tongda, soat 5:36 da Tojikiston janubidagi Kirovobod (hozirgi Panj) shahri yaqinidan buzib o‘tadi. So‘ng Stalinobod (Tojikiston poytaxti o‘sha paytda shunday atalgan) ustidan o‘tib O‘zbekiston hududiga kiradi.

Frensis Pauers parvoz qilgan samolyot
Foto: Alamy

Harbiy uchuvchi Frensis Pauers tomonidan boshqarilgan samolyot Surxondaryo, Qashqadaryo, Samarqand, Buxoro, Navoiy viloyatlari va Qoraqalpog‘iston tepasidan uchib o‘tib, O‘zbekistondagi shaharlar va boshqa muhim obektlarning fotosuratlarini oladi. So‘ng Orol dengizi ustidan o‘tib, Qozog‘iston hududiga kiradi.

Frensisga SSSRdagi shaharlar va harbiy obektlar qatori Boyqo‘ng‘ir kosmodromi hamda Semipalitinsk yadro sinovlari poligonining fotosuratlarini olish topshirig‘i berilgan edi. U Qozog‘istondagi ishini bajargach avval Chelyabinsk viloyati hududiga o‘tadi, so‘ng Sverdlovsk (hozirgi Yekaterinburg) shahri tepasida ucha boshlaydi.

Josus samolyot bu hududda Ozyorsk shahrida joylashgan, yadro qurollari uchun plutoniy ishlab chiqaruvchi Mayak zavodining fotosuratlarini olishi lozim edi. Zavod tepasiga yaqinlashgan Frensisning samolyotini tutish uchun havoga ikkita harbiy samolyot ko‘tariladi. Ammo ular yerdan 24 ming metr balandlikka chiqa olmaydi.

Frensis Pauers
Foto: stiintasitehnica.com

Ana shu joyda Frensis xotirjamlikka beriladi va samolyot 14 ming metrgacha pastlaydi. Vaziyatdan foydalangan sovet harbiylari uni «Yer-havo» rusumli raketa bilan urib tushirishadi. Birinchi va ikkinchi raketalar mo‘ljalga to‘g‘ri bormaydi. Uchinchisi esa samolyotning dum qismiga tegadi.

Frensis samolyot qulayotganda o‘zini xotirjam tutadi. Yerga 10 ming metrdan kam qolganda u samolyotni tark etadi. Yerga 5 ming metr qolganda parashyutni ochadi. Samolyot Sverdlovskdan 30 kilometr nariga qulaydi. Frensis esa sal nariroqqa tushadi. O‘sha zahoti uni mahalliy aholi vakillari qo‘lga olishadi.

Uning yonidan to‘pponcha, pichoq, yig‘ma qutqaruv qayig‘i, suv, kompas, sovet pullari va plakat topiladi. Plakatda 14 ta tilda «Sizga dushman emasman. Menga yordam bersangiz mukofotlanasiz» degan so‘zlar yozilgandi. Frensisni o‘sha zahoti Moskvaga jo‘natishadi.

Frensis Pauersning yonidan chiqqan narsalar
Foto: Alamy

Rasmiy Vashingtonning bayonoti

Frensis Pauersning samolyoti urib tushirilgani oshkor bo‘lgach, 1960 yil 3 may kuni AQSh davlat departamenti maxsus bayonot bilan chiqadi. Bayonotda aytilishicha, Frensis josuslik bilan shug‘ullanmagan. U Turkiya osmonida ob-havo tadqiqotlari bilan shug‘ullangan. Atmosferaning yuqori qatlamidan havo namunalari olgan. So‘ng kislorod yetishmovchiligi oqibatida hushini yo‘qotgan va samolyot SSSR hududiga o‘tib ketgan.

1960 yil 7 may kuni SSSR rahbari Nikita Xrushyov AQShning urib tushirilgan samolyoti haqida alohida nutq so‘zlaydi. U josus uchuvchining tirikligini va ko‘rsatma berayotganini, samolyot SSSR hududiga razvedka ma’lumotlari olish uchun kirganini gapiradi.

1960 yil 11 may kuni AQSh prezidenti Eyzenxauer ham hodisa yuzasidan matbuot anjumani o‘tkazadi. U samolyot josuslik maqsadida uchmagani, u asosan meteorologik tadqiqotlar uchun parvoz qilganini aytib chiqadi.

Ammo SSSR bosh prokurori uning gaplarini rad etib, samolyot ichiga o‘rnatilgan maxsus uskunalarning fotosuratlarini e’lon qiladi. Amerika samolyoti haqiqatan ham razvedka ma’lumotlarini olish uchun jihozlangandi.

Samolyot urib tushirilgandan bir oy o‘tib, 1960 yil 31 may kuni SSSR rahbari Nikita Xrushyov Frensisning otasi Oliver Pauersga telegramma yo‘llaydi.

«Men Frensisning onasi yozgan xatni unga yetkazish haqida iltimos qilib yozgan maktubingizni oldim. Ammo undan negadir Frensisga yozilgan xat chiqmadi. Sizga shuni ma’lum qilamanki, o‘g‘lingiz Sovet Ittifoqi qonunlari doirasida sud qilinadi. Men sudga ta’sir ko‘rsata olmayman, qonun bunga yo‘l qo‘ymaydi. Agar siz o‘g‘lingizni ko‘rish uchun SSSRga kelmoqchi bo‘lsangiz, yordamga tayyorman», deyilgandi Xrushyovning telegrammasida.

Frensis Pauers parvoz qilgan yo‘nalish

Hodisaning AQSh-SSSR munosabatlariga ta’siri

Frensisning SSSRga parvozidan biroz avval Parijda ikkita davlatga bo‘lingan Germaniya masalasida xalqaro sammit o‘tkazish rejalashtirilgandi. Shuningdek, sammitdan so‘ng AQSh prezidenti Eyzenxauer davlat tashrifi bilan Moskvaga kelishi va yadro qurollarini qisqartirish masalalari bo‘yicha kelishuvlar imzolanishi lozim edi.

Frensisning SSSR hududiga kirishi va samolyotning urib tushirilishi  har ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarning sovishiga sabab bo‘ladi. Parij sammiti ham faqat bir kun o‘tkaziladi va unda asosiy masalalar muhokamasi ikkinchi darajaga tushib, har ikki davlat rahbarlari bir-birini ayblaydi. Oxir-oqibat Xrushyov Eyzenxauerning Moskvaga taklif etilganini bekor qiladi.

Shundan so‘ng har ikki davlat harbiy tayyorgarlikning eng yuqori darajasini e’lon qiladi va «sovuq urush» holati yanada avj oladi.

Hukm

Frensisni bir necha oy davomida tergov qilishadi va undan SSSRdagi AQSh josuslari haqida ma’lumot olmoqchi bo‘lishadi. Ammo u Amerikaning SSSRdagi josuslari bilan aloqada bo‘lmagani uchun KGB xodimlari undan o‘zlari xohlagan ma’lumotlarni ololmaydi.

Frensis Pauers sud zalida
Foto: rferl.org

Tergovlar tugagach, 1960 yil 17-19 avgust kunlarida sud bo‘lib o‘tadi. 19 avgust kuni SSSR Oliy sudi harbiy kollegiyasi tomonidan Frensis Pauersga 10 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi beriladi.

Ayirboshlash

1962 yil 10 fevral kuni Berlindagi Gliniks ko‘prigi ustida AQSh va SSSR o‘rtasida ayirboshlov bo‘lib o‘tadi. AQSh SSSRga Amerikada qo‘lga tushgan sovet josusi Rudolf Abelni (haqiqiy ism-sharifi Vilyam Fisher bo‘lgan) topshiradi va o‘rniga Frensis Pauersni oladi.

Frensis Pauers va Rudolf Abel

AQShga qaytgan Frensisni avvaliga ayblab chiqishadi. Ammo Senat uni oqlaydi va u yana harbiy xizmatga qaytadi. Keyinchalik harbiy aviatsiya korxonalarida sinovchi uchuvchi bo‘lib ishlaydi.

1970 yilda SSSRda sodir bo‘lgan voqealar haqida kitob yozadi. Keyinroq AQSh telekanallaridan biriga ishga kiradi va maxsus vertolyotni boshqara boshlaydi. 1977 yilda Santa-Barbaradagi yong‘in haqida reportaj tayyorlab ortga qaytishayotganda Frensis boshqarib ketayotgan vertolyot halokatga uchraydi. Oqibatda u va telekanal operatori halok bo‘ladi.

Frensisga ayirboshlangan Rudolf Abel kim edi?

Haqiqiy ism-sharifi Vilyam Fisher bo‘lgan bu odam sovet josusi edi. Uning oilasi oktyabr to‘ntarishidan keyin Buyuk Britaniyadan Rossiyaga ko‘chib kelgan edi.

Vilyam yoshligida radiotexnikaga qiziqadi va harbiy o‘quv yurtida radistlikka o‘qiydi. 1927 yilda u NKVD tarkibidagi davlat xavfsizlik boshqarmasiga ishga kiradi. 1930 yildan boshlab Yevropaning turli davlatlarida josuslik qila boshlaydi.

Rudolf Abel
Foto: lenta.ru

Ikkinchi jahon urushidan keyin davlat xavfsizlik qo‘mitasi uni noqonuniy mehnat muhojiri sifatida AQShga kiritishadi. U asosan AQShdagi yadro qurollari tadqiqotlari haqida ma’lumot yig‘ishi lozim edi.

Vilyam 1948 yilda litvalik Endryu Kayotisa nomiga olingan pasport bilan AQShga jo‘nab ketadi. Oradan biroz o‘tib u Nyu-Yorkka ko‘chib o‘tadi va nomini Emil Robert deb o‘zgartiradi. Vilyam ingliz bo‘lgani uchun AQShda uncha shubha uyg‘otmaydi va u ancha xotirjam faoliyat olib boradi.

Vilyam Bruklinda fotostudiya ochib shu yerda ishlaydi va AQShdagi sovet josuslari tarmog‘iga rahbarlik qiladi. Uning shartli nomi Mark bo‘lgan.

Vilyam AQShda muvaffaqiyatli ishlaydi va bu davlatga borganiga bir yil bo‘lganda Qizil Bayroq ordeni bilan mukofotlanadi.

Vilyamning qo‘lga tushishi

1952 yilda Vilyamga Moskvadan yangi yordamchi jo‘natiladi. Vik laqabli bu josus o‘ziga topshirilgan vazifalarni eplay olmaydi. Oradan to‘rt yil o‘tib, 1956 yilda ortga qaytarishmoqchi bo‘lishganda Vik kutilmaganda AQSh maxsus xizmatlariga sovet josuslari haqidagi barcha ma’lumotlarni sotib qo‘yadi.

Shundan so‘ng Moskvadagilar Vilyamga AQShdan chiqib ketishga tayyorgarlik ko‘rish haqida buyruq berishadi. Ammo Vilyamga yangi pasport tayyor bo‘lguncha u AQShda qolishga majbur edi.

1957 yilda Nyu-Yorkdagi mehmonxonada yashirinib yotgan Vilyamni FQB agentlari qo‘lga oladi. Dastlabki tergovda u o‘zini marhum do‘stining nomi bilan atab Rudolf Abel deb tanishtiradi. Rudolf Abel ham KGB (bu paytda NKVD tarkibidagi xavfsizlik boshqarmasi alohida qo‘mita qilingandi) podpolkovnigi bo‘lib, 1955 yilda vafot etgandi. Vilyam AQShda sud qilinadi va unga 32 yil qamoq jazosini berishadi.

Oradan 5 yil o‘tib, 1962 yilda SSSR va AQSh sovet josusi Vilyam Fisher hamda AQShlik uchuvchi Frensis Pauersni ayirboshlash haqida kelishuvga erishadi. 1962 yil 10 fevral kuni Podstam va G‘arbiy Berlin o‘rtasidagi Glinsk ko‘prigi ustida ayirboshlash amalga oshiriladi. Shu tariqa Vilyam va Frensis qamoqdan ozod bo‘lib o‘z mamlakatlariga qaytishadi.

Shundan so‘ng Vilyam KGBda ishini davom ettiradi va josuslikka tayyorlanayotgan yosh KGB xodimlariga dars beradi. U 1971 yilda 69 yoshida saraton xastaligidan vafot etadi.

Frensis Pauers hodisasi o‘z davrida juda katta shov-shuvlarga sabab bo‘lgandi. Shu sababli, mazkur hodisa haqida ko‘plab maqolalar, hujjatli filmlar, shuningdek, AQSh, Germaniya, SSSR va Rossiya kinoijodkorlari tomonidan turli yillarda beshta badiiy film suratga olingan.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Top