O‘zbekiston | 09:52 / 18.07.2022
4082
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Tojikiston chegara bo‘yicha muzokaralar bosqichini yakunladi

Muzokaralar olti kun davom etdi.

Foto: Tojikiston TIV

11—16 iyul kunlari Farg‘onada O‘zbekiston-Tojikiston qo‘shma demarkatsiya komissiyasi ishchi guruhlarining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deya xabar bermoqda Tojikiston TIV axborot departamenti.

Yig‘ilishda demarkatsiya ishlari muhokama qilindi va umumiy chegaraning demarkatsiya chizig‘i loyihasi bo‘yicha takliflar tayyorlandi. 

Delegatsiyalarga O‘zbekiston Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi direktori o‘rinbosari To‘lqin Abdullayev va Tojikiston Yer tuzish va geodeziya davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Azimahmad Karimzoda boshchilik qildi. 

Tadbir yakunida tegishli bayonnoma imzolandi. Keyingi uchrashuv Tojikiston hududida bo‘lib o‘tishiga qaror qilindi. Departament aniq sanani e’lon qilmagan. 

Ikki davlat o‘rtasidagi davlat chegarasini to‘liq delimitatsiya qilish 2019 yilda yakunlangan edi. 

O‘shanda tomonlar chegara chizig‘i bo‘yicha yozma ravishda kelishib olgan bo‘lsa, endilikda davlat chegarasini belgilash natijasida ikki davlat chegarasining aniq chizig‘i xaritalarda ko‘rsatiladi. 

O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida O‘zbekiston-Tojikiston davlat chegarasining ayrim uchastkalari to‘g‘risidagi bitim 2018 yil 9-10 mart kunlari O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Dushanbega davlat tashrifi doirasida imzolangan edi. 

Tojikiston parlamenti ushbu shartnomani 2018 yil 19 aprelda ratifikatsiya qilgan. 

Tojikiston Yer tuzish va geodeziya davlat qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston-Tojikiston chegarasining uzunligi 1332 kilometrni tashkil qiladi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid