Jahon | 09:02 / 20.07.2022
2285
2 daqiqa o‘qiladi

Belarus nodavlat kasaba uyushmalari faoliyatini taqiqladi

Belarus Oliy sudi Bosh prokuraturaning da’vosini qanoatlantirdi. Boshqalar qatori, «Belarus demokratik kasaba uyushmalari kongressi» kasaba uyushmalari birlashmasi faoliyati tugatildi.

Foto: Depositphotos

Belarus hukumati nodavlat kasaba uyushmalari faoliyatini taqiqladi. 19 iyul, seshanba kuni Bosh prokuraturaning Telegram-kanali xabariga ko‘ra, bunday qaror bosh prokurorning da’vosiga ko‘ra Oliy sud tomonidan qabul qilindi.

Ushbu ma’lumotlarga ko‘ra, gap Belarus erkin kasaba uyushmasi, Metallchilar erkin kasaba uyushmasi, Belarus konchilar, kimyogarlar, neftni qayta ishlovchilar, energetika xodimlari, transport xodimlari, quruvchilar mustaqil kasaba uyushmasi, Belarus radioelektron sanoati xodimlari kasaba uyushmasi, shuningdek «Belarus demokratik kasaba uyushmalari kongressi» kasaba uyushmalari birlashmasi va boshqalarni tugatish haqida ketmoqda.

Minskdagi mahkamaga ko‘ra, «kasaba uyushmalari a’zolarining mehnat va ijtimoiy-iqtisodiy huquqlarini himoya qilish, noqonuniy ish tashlashlar, ishlamay qolishlar, jamiyatda keskinlashuvning oldini olish» o‘rniga, ushbu tashkilotlar rahbariyati va a’zolari «jamoat tartibini buzuvchi buzg‘unchi harakatlarda, ommaviy tadbirlarda faol ishtirok etgan» hamda ekstremistik ma’lumotlarni tarqatgan. Shuningdek, Bosh prokuratura jinoiy ish qo‘zg‘atilgani va «ma’muriy choralar» ko‘rilgani haqida xabar berdi. 

2020 yil avgust oyida Aleksandr Lukashenko g‘olib deb e’lon qilingan Belarusdagi prezidentlik saylovlaridan so‘ng butun mamlakat bo‘ylab ovoz berishning rasmiy natijalariga, shuningdek, politsiya zo‘ravonligiga qarshi ommaviy norozilik namoyishlari boshlandi. Norozilik harakatida mustaqil kasaba uyushmalari ham faol ishtirok etdi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid