Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Shavkat Mirziyoyev 65 yoshda. Uning siyosat olamidagi qadamlariga nazar
Shavkat Mirziyoyev prezidentlikka kelgach, mamlakatdagi vaziyatni yumshatish, bozor iqtisodiyotini rag‘batlantirish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, qo‘shni mamlakatlar bilan aloqalarini qayta tiklash kabi bir qator islohotlarni amalga oshirdi.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 65 yoshni qarshi oldi. U o‘tgan vaqt ichida mamlakat rahbarligida qanday o‘zgarishlar amalga oshirdi?
Shavkat Miromonovich Mirziyoyev 1957 yil 24 iyulda Jizzax viloyatining Zomin tumanida shifokor oilasida tug‘ilgan. 1981 yili Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutini tugatgan. Muhandis-mexanik mutaxassisligiga ega. Texnika fanlari nomzodi, dotsent.
Mehnat faoliyatini 1981 yilda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida boshlab, o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor lavozimigacha bo‘lgan lavozimlarda ishlaydi. 1990 yili Respublika Oliy Soveti deputatligiga saylanib, ayni vaqtda Mandat komissiyasining raisi sifatida ham faoliyat ko‘rsatdi.
Amal pillapoyalari bo‘ylab
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston siyosatida prezidentlikkacha bo‘lgan barcha pog‘onalarni bosib o‘tgan. Ya’ni, siyosatda «qaynagan» odam. Avvaliga, 1992 yilda Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi lavozimiga tayinlangan. 1996-2001 yillarda Jizzax viloyati hokimi, 2001-2003 yillar mobaynida Samarqand viloyati hokimi lavozimlarida ishlab, mazkur tuman va viloyatlarni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirishga katta hissa qo‘shadi.
2003 yildan bosh vazir bo‘ladi. Ya’ni, uning faoliyatida faqat o‘sish kuzatilgan: avval tuman hokimi, keyin viloyat hokimi va 2003 yil mamlakat siyosatidagi ikkinchi odamga aylanish. Jizzaxdan Samarqandga o‘tishi ham aslida shunchaki bir viloyatdan boshqasiga o‘tish deb qaralmaydi, Samarqandga ishga o‘tish har qanaqasiga «ko‘tarilish» hisoblanardi.
Mirziyoyev bosh vazirlikka o‘tishida aynan Samarqanddagi faoliyati asosiy omil bo‘lgan. Birinchi prezident Islom Karimov Samarqandda tug‘ilgani uchun bu viloyatga rahbar qo‘yishda ayniqsa yetti o‘lchab bir kesgan. Katta ehtimol bilan, Shavkat Mirziyoyevda yetakchilik xususiyatlarini ko‘rgan Karimov uni oxirgi hal qiluvchi sinov sifatida Samarqandga rahbar qilgandi.
Mirziyoyevning ko‘hna shahardagi faoliyatini esa samarqandliklar juda yaxshi eslaydi. Hozir ham shaharda ko‘zga ko‘ringan binolar, xiyobonlar, stadionlar o‘sha vaqtda qad rostlagan. Karimov Samarqandga har kelganida yaxshi o‘zgarishlarni ko‘rgani sabab ikkilanmay O‘tkir Sultonov o‘rniga 46 yoshli Shavkat Mirziyoyevni bosh vazir lavozimiga taklif qilgandi.
Hozir qaysidir hokim bosh vazir bo‘lishini tasavvur qilish qiyindir, lekin Samarqanddagi faoliyati sabab Mirziyoyev bu lavozimni egallashi ajablanarli holat bo‘lmagandi. Ha, Samarqand bu borada katta imkoniyatlar yurti va hozirgi prezident o‘ziga berilgan imkoniyatdan o‘rinli foydalangandi. U ushbu lavozimga yana uch marta – 2005, 2010, 2015 yillarda Oliy Majlis palatalari tomonidan qayta tasdiqlanadi.
Prezidentlikka kelish
Shavkat Mirziyoyev 2016 yil oxirida O‘zbekiston prezidenti bo‘ldi. Karimov vafot etgach, mamlakat siyosiy elitasida kimdir ajralib chiqishi kutilgandi va bosh vazir Mirziyoyev ilk kunlardanoq murakkab vaziyatda qolgan mamlakatdagi siyosiy nazoratni o‘z qo‘liga oladi va o‘shandanoq mamlakatni boshqarishga munosib nomzod ekanini ko‘rsatadi.
Saylovgacha bo‘lgan uch oy muddatda juda faol saylov kampaniyasi olib borgan Mirziyoyev yakunda katta ustunlik bilan g‘alaba qozonadi (88,61 foiz). Aynan saylov kampaniyasi davomida u chinakamiga odamlar orasida mashhur bo‘la bordi.
Prezidentlikka kirishganining ilk kunlaridanoq Shavkat Mirziyoyev tanqidiy chiqishlari bilan yodda qolgandi. Ayniqsa, huquq-tartibot organi xodimlari keskin tanqidga uchraydi. Prokuratura tizimidagi kadrlarning 80 foizi yangilanadi. Yuqori doiralarda ham katta «tozalash» o‘tkaziladi. Vazirlar Mahkamasida deyarli barcha vazirliklar rahbari o‘zgaradi.
Islohotlar boshlanishi
Mirziyoyev prezidentlikka ham katta energiya bilan kirib keladi. Bir yerda qotib qolish, erishilgan kam sonli yutuqlar bilan, tarix bilan maqtanish yaramasligi, tinmay harakat qilish kerakligini aytadi. Uning yutuqlaridan biri – odamlarni biz dunyo rivojidan ancha ortda qolib ketganimizga ishontirganida bo‘lgandi, u bu haqda qo‘rqmay gapirish kerak ekanini aytadi.
Ilk kunlardanoq aholi murojaatlari bilan ishlash va davlat organlarining ochiqligi bo‘yicha yangi tizim joriy etildi.
Shuningdek, davlat xizmatlari tizimi rivojlantirilishi, davlat xizmatlari markazlari ishga tushirilishi, ortiqcha byurokratiyaga barham berilishi, inson huquqlari kafolatlari kuchaytirilishi, majburiy mehnat, shu jumladan bolalar mehnatining tugatilishini alohida e’tirof etish mumkin.
Bundan tashqari, yoshlarni qo‘llab-quvvatlashning yangi tizimi joriy etildi, oliy ta’lim tizimi rivojlantirildi, universitetlarga qabul kvotalari oshirildi, milliy va xorijiy OTMlar filiallari ochildi. Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida huquqiy va institutsional o‘zgarishlar amalga oshirildi.

Jamiyat hayotida OAVning roli oshishi
Yangi epoxada OAV mustaqilligi uchun yo‘l ochildi. Media muhit kengaytirildi, nashrlarning jamiyatdagi, muhim hukumat qarorlar qabul qilinishidagi roli oshirildi.
O‘z navbatida oddiy odamlar bugun hokimlardan muammolarni hal qilishni talab qila olyapti. Xalq davlat budjeti o‘zi to‘layotgan soliqlardan to‘lishini asta-sekin tushunib yetmoqda, odamlar davlatning puli qayerga sarflanayotganini hisoblaydigan, kerak bo‘lsa hisob so‘raydigan bo‘ldi, jamoatchilik nazorati yuzaga kela boshladi.
Mirziyoyev taklif qilgan ochiqlik siyosati hukumatning eng yuqori qatlamidagi siyosatchilar ham xalqning, jurnalistlarning, faol fuqarolarning tanqidlariga uchrashiga olib keldi, hukumat va fuqarolar o‘rtasidagi jarlik yo‘qoldi, hokimlar qishloqlargacha borib qabul o‘tkazib, oddiy odamlarning holini so‘rashni o‘rgandi.
Iqtisodiy islohotlar
Iqtisodiy sohada ham ko‘plab islohotlar o‘tkazildi. Eng asosiysi, valuta bozori erkinlashtirildi, naqd pul bilan bog‘liq muammolar bartaraf etildi. Dollarning ikki xil kursi bekor bo‘ldi. Hozir ham mavjud «qorbozor» kursi banklardagidan farq qilmaydigan bo‘lib qoldi. Bu esa barcha eksport yoki importchilar uchun teng bozor sharoiti yaratdi.
Kambag‘allik rasmiy darajada tan olindi va uni qisqartirish bo‘yicha kompleks yondashuv shakllandi.
Tadbirkorlik muhiti yaxshilandi, xususan biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish va uni yuritish bo‘yicha jarayonlar soddalashtirildi.
O‘zbekiston iqtisodiyoti uzoq yil bozor tamoyillari yo‘qligi sabab rivojlanish sur’atlarini oshira olmayotgandi. Bugun esa nihoyat bozor iqtisodiyotiga chinakamiga o‘tish haqida gapirilmoqda. Odamlar narx-navo biz uzoq yillar qilganimiz kabi richag yordamida ushlab turiladigan narsa emasligi, iqtisodiy ko‘rsatkichlar bilan baravar o‘zgarishini tushunib yetdi.
Xalqning eng og‘riqli muammosi bo‘lmish energetika masalasida keskin o‘sishga erishildi. Avval svet o‘chmaydigan joy deyilganda faqat Toshkent tushunilardi, bugungi kunda esa qishloqlarda bir muddat svet o‘chsa, odamlar e’tiroz qiladigan bo‘ldi. Shuncha yil odamlar elektr uchun kimga pul to‘layotganini bilmay yurdi, uydan svetga deb pul olib ketishar, orqasidan falon million qarz deb qog‘oz kelardi. Aslida juda oddiy bo‘lgan kommunal muammo hal qilindi.
Xalqaro munosabatlar

Markaziy Osiyoda yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari o‘rnatilgani, chegaralar ochilgani va nazorat punktlari tashkil etilgani, Markaziy Osiyo davlatlari bilan barcha masalalar bo‘yicha konstruktiv muloqot yo‘lga qo‘yilgani – Shavkat Mirziyoyevning e’tirof etish zarur bo‘lgan yana bir to‘g‘ri siyosatidir. U «okopga tushib olib hammaga dushmanday qarash» siyosati to‘g‘ri emasligini aytdi va shu yo‘lda harakat qildi. Ming yillik qo‘shnilarimiz bilan o‘rtadagi to‘siqlar olib tashlandi, atrofdagilarga qo‘l uzata boshladik va ular ham buni xursand bo‘lib qabul qildi.
Turizmni rivojlantirish doirasida 90 mamlakat uchun vizasiz rejim, 48 mamlakat fuqarolari uchun vizasiz tranzit rejimi joriy etildi.
Davlat ichida o‘z imijini yarata olgan Mirziyoyev xalqaro maydonda ham do‘stlikni targ‘ib qiluvchi siyosatchi ekanini ko‘rsatdi. Markaziy Osiyo yetakchilariga «Keling, birlashaylik» dedi va mintaqa liderlari maslahatlashuv uchun yig‘ilishni odat qilishdi.
Uning ayniqsa Tojikistonga tashrifi tarixiy bo‘lgandi. Tashrif davomida qo‘shni Tojikiston bilan aloqalar yangi bosqichga ko‘tarildi. Shavkat Mirziyoyev martda Dushanbega borgan bo‘lsa, avgustda Imomali Rahmon 20 yil ichida ilk marta O‘zbekistonga keldi. Mirziyoyevning ilk davlat tashrifi Turkmanistonga bo‘lgani ham u xalqaro munosabatlarda qo‘shni davlatlar bilan aloqalarni birinchi planga qo‘yishini ko‘rsatardi.
Xalqaro munosabatlar haqida gapirganda qayd etish kerakki, Mirziyoyev vaqtida chetga chiqish osonlashdi. Chetga chiqishni istaganlar uchun stiker olish tartibi bekor qilinib, buning uchun «qizil pasport» joriy qilindi.
Umidli istiqbol

Albatta, oldinda hali qilinishi kerak bo‘lgan ishlar bor. Lekin asosiysi – mamlakatda o‘sish sur’ati paydo bo‘lgan, davlat narvonning qaysi pog‘onasida ekanini aldamay aytyapti, hukumat odamlarga qo‘l uzatishga harakat qilmoqda, jamiyat va hokimiyat orasidagi bo‘shliq qisqarmoqda.
Rivojlanishda esa eng muhimi – to‘g‘risini tan olish hisoblanadi. Odamlarga iqtisodiy ko‘rsatkichlarni soxta qilib ko‘rsatishdan, biz eng zo‘r davlatmiz deb aytishdan osoni yo‘q, lekin hozir davlat xato bo‘lsa, ayting deyapti, davlatning egasi bo‘lmish xalq bilan hisoblashilyapti. Shavkat Mirziyoyev siyosatchi sifatida erishgan eng katta yutug‘i shu aslida.
Shavkat Mirziyoyev prezidentlik faoliyati davomida demokratiya prinsiplaridan borishini aytib keladi. Bugun 65 yoshini nishonlayotgan prezidentni tabriklaymiz va u faoliyatining oxiriga qadar xalqni farovonlikka yetaklash uchun demokratiya yo‘lidan borishda davom etishiga tilakdoshmiz. Axir zamonaviy dunyo farovonlikka erishish uchun bundan boshqa yo‘l yo‘q ekanini ko‘rsatib qo‘ygan.
O‘tkir Jalolxonov
Mavzuga oid
19:17 / 26.08.2025
Iordaniya podshohining O‘zbekistonga davlat tashrifi yakunlandi
14:58 / 26.08.2025
O‘zbekiston va Iordaniya hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga kelishib oldi
17:38 / 25.12.2024
Mirziyoyev MDH davlatlari rahbarlarining norasmiy uchrashuvida ishtirok etdi
15:59 / 25.12.2024