O‘zbekiston | 10:52 / 26.07.2022
7564
8 daqiqa o‘qiladi

Aholini ijtimoiy himoya qilish strategiyasi tasdiqlandi. Nimalar o‘zgaradi?

Ijtimoiy himoya strategiyasi to‘rt yo‘nalishni qamrab olgan: ijtimoiy xizmatlar, ijtimoiy sug‘urta, ijtimoiy yordam va bandlikka ko‘maklashish. Moliya vazirligi bu bilan barcha ayollar va ehtiyojmand oilalarga qanday yordam berish mumkinligini tushuntirib berdi. 

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston aholisini ijtimoiy himoya qilish strategiyasini tasdiqladi.

Unda fuqarolar uchun minimal ijtimoiy himoya darajasini kafolatlash tizimini yaratish nazarda tutilgan, strategiya to‘rt yo‘nalishni qamrab oladi. Moliya vazirligi yangi tizim bilan nimalar o‘zgarishini tushuntirdi.

Ijtimoiy xizmatlar – oilalarning individual holatlariga qarab xizmatlar va yordam ko‘rsatiladi

Bu yo‘nalishda amalga oshiriladigan chora bu ijtimoiy xizmatlarni mahalla darajasiga tushirishdir. Ya’ni yaqindagina faoliyati joriy etilgan mahalladagi xotin-qizlar faollari zimmasiga ijtimoiy himoya dasturlariga ehtiyojmand oilalarni yo‘naltirish yuklatiladi.

2022-2023-yillar davomida ushbu xotin-qizlar faollari ehtiyojmand oilalar bilan ishlashga o‘rgatilib, ularning faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Bunda, xotin-qizlar faoli mahallalarda ehtiyojmand deb hisoblangan oilalarga tashrif buyurib ularning muammolarini o‘rganadi. Har bir faolning qo‘lida maxsus planshet bo‘ladi va ular oilada o‘tkazilgan suhbat va kuzatuvlarga asosan tegishli ma’lumotlarni planshetga kiritadi.

Misol uchun, chekka bir qishloqda bir oila yashaydi. Bu oiladagi ona ishlamaydi, negaki uning kasalmand bolasi bor. Ammo ular ushbu bolaga davlat tomonidan ko‘rsatiladigan yordam va xizmatlar mavjud ekanidan bexabar. Shunda, xotin-qizlar faoli bu oilaga tashrif buyurganda ularning muammolarini tinglab boradi va yashash sharoitini o‘rganadi. Bunda, u bolaning kasalligini bilgach, tegishlicha nogironlikni baholashga yo‘naltiradi. Bolaning nogironligi baholangach, xotin-qizlar faoli davlat tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar va yordamni olishga ariza berishga ko‘maklashadi. Ya’ni bola tegishli texnik reabilitatsiya moslamasi bilan ta’minlanadi, unga har oy to‘lanadigan nogironlik nafaqasi tayinlanadi, onasiga esa bolaning kasalligidan kelib chiqib nogiron bolani parvarish qilish nafaqasi tayinlanadi. Bundan tashqari, bola maktab yoshida bo‘lsa, xotin-qizlar faoli uni maktabga joylashtirishga yordam beradi. Shunday qilib, bu oilaning ijtimoiy himoyasi to‘liq ta’minlanadi.

Shu tarzda, har bir oilalarning individual holatidan kelib chiqib, tegishlicha davlat ijtimoiy yordam va xizmatlari ko‘rsatib boriladi.

infografika moliya vazirligi

Ijtimoiy sug‘urta tizimi – ayollarga homiladorlik va tug‘ish nafaqalarini to‘lash tartibi o‘zgaradi

Ijtimoiy sug‘urta tizimini isloh qilish sohasida, shu yilning avgust oyida Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi shakllantirilishi ko‘zda tutilgan. Ushbu jamg‘armaga mablag‘lar davlat budjetidan ajratiladi. Keyinchalik esa Moliya vazirligining hisob-kitoblariga asosan jamg‘armaning qo‘shimcha manbalari aniqlanadi. Bu tizimning afzalliklari nimada?

Dastlabki bosqichda, ya’ni sentabrdan boshlab barcha yuridik shaxslarda mehnat shartnomasi asosida va Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining mehnat tizimiga kiritilgan tarzda rasmiy ishlovchi ayollarga homiladorlik va tug‘ish nafaqasining bir qismi davlat tomonidan to‘lab beriladi. Nafaqaning bu qismi hozirgi vaqtda minimal iste’mol xarajatlaridan kelib chiqib to‘rt oyga 2 mln so‘m miqdorida belgilanmoqda. Ish beruvchi esa faqat nafaqaning Mehnat kodeksiga muvofiq qolgan qismini to‘lab beradi. Bu o‘z navbatida, ish beruvchilarni ijtimoiy to‘lovlarning bir qismidan ozod etib, ayollarni ishga olishga rag‘batlantiradi.

Norasmiy sektorda, ya’ni mehnat shartnomasi tuzmasdan, mehnat daftarchasi yuritmasdan ishlayotgan ayollarni esa mehnat faoliyatini rasmiylashtirishga rag‘batlantiradi. Negaki, ayol norasmiy tarzda ishlasa ish beruvchi ham davlat ham unga homiladorlik va tug‘ish nafaqasini to‘lab bera olmaydi. Bosqichma-bosqich homiladorlik va tug‘ish nafaqalari ish beruvchi zimmasidan olinadi.

Keyingi bosqichda, ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasining imkoniyatlaridan kelib chiqib, kasallik varaqalari (bolnichniy) asosida nafaqa to‘lab berish, ish beruvchi tugatilgan hollarda ishdan bo‘shatish nafaqasini to‘lab berish davlat tomonidan ijtimoiy sug‘urta orqali amalga oshiriladi.

infografika moliya vazirligi

 Ijtimoiy yordam – bolalar nafaqasini to‘lash tartibi o‘zgaradi

Kam ta’minlangan oilalarga to‘lab kelinayotgan bolalar nafaqasini ijtimoiy shartnoma tuzish orqali to‘lash tizimi yo‘lga qo‘yilishi ko‘zda tutilgan. Misol uchun, boshlang‘ich bosqichda ijtimoiy majburiyat sifatida oiladagi bolalarning maktabga doimiy tarzda qatnashi belgilanadi.

Nega bunday shart oilaga qo‘yilmoqda? Chunki, bolalarning ta’limi uning kelajagini aniqlaydi. Ta’lim olgan bolalar kelajakda ishga joylashishda qiynalmaydi va bu uning kelajakdagi oilasi kambag‘allik holatiga tushib qolmasligini anglatadi.

Yana bir ijtimoiy majburiyat sifatida oiladagi bolalarning barchasi tegishlicha har xil turdagi kasalliklarning oldini olishga qaratilgan vaksinalarni olishidir.

infografika moliya vazirligi

Bandlikka ko‘maklashish – kasb-hunarga o‘qitish kengaytiriladi, bandlik subsidiyalari ijtimoiy shartnoma orqali to‘lanadi

Bu yo‘nalishda asosiy maqsad aholini doimiy daromad manbayi bilan ta’minlashga qaratiladi. Hozirgi kunda mehnat organlariga murojaat qilgan ayrim shaxslar haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb qilinadi. Ammo bu choraning kamchiligi shundaki, u vaqtinchalik chora va aniq muddat o‘tganidan so‘ng jamoat ishlarida qatnashayotgan shaxs yana ishsiz bo‘lib qolaveradi.

Bunday holatlarni bartaraf etish uchun kasb-hunarga o‘qitish ishlari kengaytiriladi. Ya’ni ishsiz shaxs ma’lum bir kasb egasi bo‘lsa, u ishga joylashishi osonlashtiriladi. Ishga joylashganidan so‘ng bu odamning muhtojligi bartaraf etiladi va bunday yondashuv vaqtincha emas balki uzoq muddatga qaratilgandir.

Bugungi kunda hokim yordamchilari tomonidan aholiga tayinlab kelinayotgan tadbirkorlik va bandlik subsidiyalari esa ijtimoiy shartnoma orqali tayinlanadi. Misol uchun, ishsiz shaxsga subsidiya ma’lum bir mehnat qurollarini sotib olib, uy sharoitida ustaxonasini yuritishga ajratilishi mumkin. Ammo bu shaxs, mehnat qurollarini sotib olib, ustaxonasini yuritish fikridan qaytib qolishi yoki uzoqni o‘ylamasdan tez va oson yo‘li bilan biryo‘la yirikroq daromad olish uchun bu qurollarni sotib yuborishi mumkin.

Shunda bu shaxs yana ishsiz va daromadsiz qoladi. Bunday holatlarni bartaraf etish maqsadida subsidiya ajratilganida ijtimoiy shartnomada shaxs zimmasiga ijtimoiy mas’uliyat yuklanadi. Ya’ni mehnat qurollarini olganidan so‘ng u ustaxonasini yuritishi zarur. Hokim yordamchisi esa olti oy davomida subsidiya berilgan shaxsning ustaxonasiga borib, shartnoma shartlariga amal qilinayotganini monitoring qilib boradi.

Shunday qilib, shaxs yana bir bor ishsizlik holatiga tushib qolishining oldi olinadi. Agar ayrim muammolarga ko‘ra ustaxonaning ishi yurishmay qolsa, hokim yordamchilari bu shaxsga maslahat ham berishi imkoniyati yaratiladi.

infografika moliya vazirligi

 

Мадина Очилова
Muallif Мадина Очилова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid