O‘zbekiston | 11:03 / 08.10.2022
6285
3 daqiqa o‘qiladi

Qarshi xalqaro tibbiyot universiteti tashkil etiladi

Vazirlar Mahkamasining «Qarshi xalqaro tibbiyot universiteti»ni tashkil etish to‘g‘risida»gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi, Qashqadaryo viloyati hokimligi hamda DR BOBOEV HEALH CENTER MChJ (O‘zbekiston) va Neo Institute of Medical Sciences and Technology (Hindiston), Istanbul Sog‘lik bilimlari universiteti (Turkiya)ning Qarshi shahrida nodavlat ta’lim xizmatlarini ko‘rsatuvchi Qarshi xalqaro tibbiyot universitetini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullanadi.

Quyidagilar universitet faoliyati asosiy yo‘nalishlari etib belgilanadi:

  • uzluksiz tibbiy-kasbiy ta’lim tizimida yuqori malakali tibbiyot kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish;
  • o‘quv jarayonini amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishga yo‘naltirish, xalqaro ta’lim standartlariga asoslangan ilg‘or pedagogik texnologiyalar, o‘quv dasturlari va innovatsion o‘quv-uslubiy materiallarni keng joriy etish, o‘quv bazasi va klinika faoliyatida nazariy bilim hamda amaliyot uyg‘unligini ta’minlash uchun zarur sharoitlar yaratish;
  • universitet ilmiy salohiyatini muntazam ravishda oshirib borish;
  • universitet professor-o‘qituvchilari xorijda stajirovka o‘tashini va malaka oshirishini tashkil etish;
  • o‘quv jarayoniga xorijiy mutaxassislarni taklif etish;
  • xorijiy tibbiyot oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik doirasida talabalar, professor-o‘qituvchilar va ilmiy izlanuvchilar akademik mobilligi dasturlari hamda qo‘shma ta’lim dasturlarini rivojlantirish;
  • ta’lim jarayonida nazariy va amaliy ko‘nikmalar uzviyligini ta’minlash hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, masofadan o‘qitish va telemeditsina uslublarini keng tatbiq etish;
  • moddiy-texnik bazani mustahkamlash, o‘quv va ilmiy-tadqiqot laboratoriyalarini zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlash;
  • Qashqadaryo viloyati hamda qo‘shni hududlar sog‘liqni saqlash tizimi ehtiyojlarini va muammolarini muntazam o‘rganib borish, ularni vakolati doirasida bartaraf etish maqsadida sog‘liqni saqlash tizimi hamda nodavlat notijorat tashkilotlari o‘rtasida uzviy hamkorlikdagi faoliyatni yo‘lga qo‘yish.

Universitetda ta’lim faoliyati 2022/2023 o‘quv yilidan boshlanadi. 2022/2023 o‘quv yili uchun universitetga bakalavriat dasturi bo‘yicha «Davolash ishi», «Pediatriya ishi», «Stomatologiya», «Farmatsiya ishi» ta’lim yo‘nalishlariga to‘lov-shartnoma asosida 400 kishi qabul qilinadi, bakalavriatni tamomlagan talabalar Qashqadaryo viloyatidagi tibbiyot kadrlari tanqis bo‘lgan tibbiyot muassasalarida besh yil ishlab berishi majburiy hisoblanadi. 

Universitet o‘z imkoniyatlaridan kelib chiqib, belgilanadigan tartibda o‘tkaziladigan suhbat natijasiga ko‘ra mahalliy va xorijiy fuqarolarni to‘lov-shartnoma shartlari asosida o‘qishga qabul qilishi mumkin. Universitet bitiruvchilariga O‘zbekistonda oliy ma’lumot to‘g‘risidagi hujjat sifatida tan olinadigan universitet diplomi beriladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid