O‘zbekiston | 12:53 / 02.11.2022
6884
2 daqiqa o‘qiladi

Kuchli yomg‘irlar tufayli Qashqadaryoning tog‘li tumanlarida sel keldi

Kitob, Shahrisabz, Qamashi, Dehqonobod tumanlarining tog‘li hududlarida joylashgan daryo va soylarda sel oqqan.

Foto: Videodan kadr

Bugun, 2022 yil 2 noyabr kuni tunda va tongda yog‘gan kuchli yomg‘irlar tufayli Qashqadaryo viloyatining tog‘li tumanlarida sel kelgan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarga ko‘ra, Dehqonobod tumani Shakarbuloq qishlog‘i, Kitob tumani Jovuz qishlog‘i, shuningdek, Qamashi, Shahrisabz tumanlaridagi soy va daryolarda sel kelgani aytilmoqda.

Bundan tashqari, «Hisor» davlat qo‘riqxonasi xodimlari qo‘riqxona hududida joylashgan bir qancha daryolar va soylarda sellar oqayotganini xabar qilishdi.

Videotasvirlarda sel suvlari soy va sel o‘zani ichida oqib o‘tayotgani, talafot darajasi yuqori xavfga ega emasligini ko‘rish mumkin.

Kecha Iqlimshunos Erkin Abdulahatov Turkmanistondan shakllangan nam havo oqimi O‘zbekistonga kirib kelayotganini, shu tufayli 2 noyabr kuni Surxondaryo, Qashqadaryo, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo hamda Toshkent viloyatlarida «yaxshigina» yog‘ingarchilik bo‘lishini, tog‘larda yog‘inlar jadal va ko‘p miqdorda yog‘ishi kutilayotganini ma’lum qilgandi.

Ғайрат Йўлдошев
Tayyorlagan Ғайрат Йўлдошев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid