O‘zbekiston | 16:05 / 02.11.2022
6397
2 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryoda oqqan sellar aholi va xonadonlarga ziyon yetkazmagani ma’lum qilindi

Avvalroq, Kun.uz’da bugun, 2 noyabr kuni yog‘gan kuchli yomg‘irlar natijasida Qashqadaryo viloyatining tog‘li hududlarida daryo va soylarda sel oqqani haqida xabar berilgandi. Viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi sellar aholi va xonadonlarga ziyon yetkazmagani haqida xabar berdi.

Foto: Videodan kadr

Ma’lum qilinishicha, Kitob, Qamashi, Shahrisabz, G‘uzor va Dehqonobod tumanlaridagi ariqlar, lotoklar va boshqa suv o‘tkazish inshootlaridan yig‘ilgan yomg‘ir suvlarining toshib chiqishi bilan bog‘liq hodisalar yuzaga kelgan.

Xususan, Kitob tumani “Ko‘xsor” MFY hududida adirliklarda kuchli yomg‘irlar yog‘ishi tufayli to‘plangan suvlar Jovuz qishlog‘idan o‘tuvchi sel yo‘lidan o‘z oqimi bo‘ylab oqib o‘tgan. Aholi va xonadonlarga ziyon yetmagan.

“Ayni paytda sel oqayotgan tumanlarda viloyat FVB ham favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bunday vaziyatlarda harakat qilish davlat tizimi (FVDT) organlari kuch va vositalari tomonidan yog‘ingarchilik oqibatlarini bartaraf etish chora-tadbirlari ko‘rilmoqda”, deyiladi xabarda.

Kun.uz manbasining xabar berishicha, ayni damda Qashqadaryo viloyatining tog‘li hududlarida qor yog‘moqda. Jumladan, Shahrisabz tumanida joylashgan Ko‘l qishlog‘ida laylakqor yog‘ayotgani aytilmoqda.

Ғайрат Йўлдошев
Tayyorlagan Ғайрат Йўлдошев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid