Jahon | 10:19 / 07.12.2022
8504
4 daqiqa o‘qiladi

AQSh Ukraina xavfsizligi uchun 800 million dollar ajratadi

AQSh Kongressining tegishli qo‘mitalari 2023 yil uchun Milliy mudofaa mablag‘lari to‘g‘risidagi qonunni kelishib oldi. Kiyevga yordam u yerda USAI liniyasi orqali ro‘yxatga olingan.

Foto: Getty Images

AQSh Kongressidagi tegishli qo‘mitalar 1 oktyabrda Qo‘shma Shtatlarda boshlangan 2023-moliya yili uchun Milliy mudofaa to‘g‘risidagi qonunni (National Defense Authorization Act, NDAA) kelishib oldi. 6 dekabr, seshanba kuni Vakillar palatasi Qurolli kuchlar qo‘mitasi raisi va a’zosi Adam Smit va Mayk Rojyers hamda Senat Qurolli kuchlar qo‘mitasi raisi va a’zosi Jyek Rid va Jim Inxof hujjat matnini e’lon qildi.

Unga ko‘ra, NDAA Ukraina Qurolli kuchlarini qo‘llab-quvvatlash hamda uning ta’minlanishi ustidan nazorat bo‘yicha Ukraina xavfsizligiga ko‘maklashish tashabbusi (Ukraine Security Assistance Initiative, USAI) doirasida 800 million dollar (746 million yevro) mablag‘ ajratadi.

Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, bu AQSh prezidenti Jo Bayden joriy yil boshida so‘raganidan 500 million dollar (478 million yevro)ga ko‘pdir.

USAI paketi «AQShning Ukrainani eng dolzarb ehtiyojlarini qondirish, shuningdek, uzoq muddatda uning suverenitetini himoya qilish uchun Ukraina Qurolli kuchlarining salohiyatini oshirish orqali uni qo‘llab-quvvatlashga sodiqligini tasdiqlaydi», deb ma’lum qildi Pentagon.

AQShning umumiy mudofaa budjeti 858 milliard dollarni (819 milliard yevro) tashkil qiladi. Shu bilan birga, Vashington Osiyo-Tinch okeani mintaqasida mudofaaviy tiyib turish, ittifoqchilar va sheriklarni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, ushbu mintaqada salohiyat va jangovar tayyorgarlikni rivojlantirish uchun 11,5 milliard dollar (10,9 milliard yevro) ajratish niyatida.

Hujjat, shuningdek, besh yil davomida Tayvan bilan xavfsizlik sohasida hamkorlikni 10 milliard dollargacha (9,56 milliard yevro) oshirishni nazarda tutuvchi 2022 yilgi Tayvanning barqarorligini oshirish to‘g‘risidagi qonun kuchga kirishiga ruxsat beradi.

Milliy mudofaa mablag‘lari to‘g‘risidagi qonunning murosali versiyasi AQSh Senati va Vakillar palatasida respublikachilar va demokratlar o‘rtasida bir necha oy davom etgan muzokaralar natijasiga aylandi.

Umuman olganda, qonun loyihasida mudofaa xarajatlari uchun Bayden so‘raganidan 45 milliard dollar (43 milliard yevro) ko‘proq talab qilinadi, chunki Kongressdagi muzokarachilar global inflatsiya va Kiyevga ko‘proq yordamni hisobga olgan.

NDAA 1961 yildan beri har yili qabul qilinadi. Unda AQSh harbiy xizmatchilarining ish haqini oshirish, kemalar va samolyotlar sotib olish, shuningdek, masalan, Xitoy va Rossiya bilan bog‘liq geosiyosiy jihatlar ko‘rsatilgan. AQSh qonun chiqaruvchilari NDAA'dan bir qator tashabbuslar uchun vosita sifatida foydalanadi.

2023-moliya yili uchun NDAA shu oy Senat va Vakillar palatasi tomonidan tasdiqlanishi va keyin Baydenga imzolash uchun Oq uyga yuborilishi kutilmoqda.

Avgust oyi oxirida Pentagon Ukrainaga urush boshlanganidan beri deyarli 3 milliard dollar (2,87 milliard yevro) miqdoridagi eng yirik harbiy yordam paketini e’lon qildi. Mablag‘lar USAI doirasida jo‘natildi, bu Bayden ma’muriyatiga qurollarni mavjud qurol zaxiralaridan olish o‘rniga harbiy sanoatdan sotib olish imkonini beradi.

10 noyabr holatiga ko‘ra, AQShning Ukrainaga umumiy harbiy yordami Bayden ma’muriyati ish boshlaganidan beri misli ko‘rilmagan darajaga yetdi - taxminan 19,3 milliard dollar (18,4 milliard yevro).

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid