Jahon | 09:22 / 07.12.2022
9674
3 daqiqa o‘qiladi

Estoniya endi Ukrainadan kelgan qochqinlarni qabul qila olmaydi

Bosh vazir Kaya Kallasning so‘zlariga ko‘ra, Estoniya Ukrainadan yangi kelgan qochqinlarga avvalgidek yordam bera olmayapti va Finlandiyadan qabulni oshirishni so‘ramoqda.

Foto: Ken Mürk/ERR

Estoniya Ukrainadan yangi kelgan qochqinlarga avvalgidek yordam bera olmayapti va Finlandiyadan qabulni oshirishni so‘raydi. Bu haqda Estoniya bosh vaziri Kaya Kallas 6 dekabr, seshanba kuni chop etilgan rus tilida ishlovchi mahalliy Radio 4 (Raadio 4)ga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

«Agar Rossiya qanday qilib fuqarolik infratuzilmasini, energetika infratuzilmasini bombardimon qilayotganiga va Ukrainada hayotni mutlaqo imkonsiz qilishga urinayotganiga qarasangiz, qochqinlarning navbatdagi to‘lqini yuzaga kelishiga ishonch hosil qilasiz», dedi Kallas va statistikaga ko‘ra hozircha yangi qochqinlar oqimi kuzatilmayotganini qo‘shimcha qildi.

Avvalroq Estoniya tashqi ishlar vaziri Urmas Reynsalu ukrainalik qochqinlarning yangi to‘lqinidan xavotirlanib, Shengen hududining ichki chegaralarida nazoratni tiklashga chaqirgan edi. Vaziyatni sharhlar ekan, Kaya Kallas, mamlakatda uy-joy va ish o‘rinlari tanqisligi sezilayotgani, bu qochqinlarni qabul qilishni qiyinlashtirayotganiga e’tibor qaratdi.

«Biz Finlandiya bilan haqiqatan ham Ukrainadan kelgan qochqinlarga endi bu tarzda yordam bera olmasligimiz haqida gaplashdik, finlar ko‘proq qabul qilishlari mumkinligini aytishdi», dedi Estoniya bosh vaziri.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Tallin Ukrainaga joylardagi energetika infratuzilmasini tiklash, aholining ko‘chib ketmasligiga ishonch hosil qilish uchun yordam yubormoqda.

Estoniya milliy radioeshittirish xizmati (ERR) 30 sentabr kuni xabar berishicha, fevral oyi oxiridan beri Ukrainadan jami 104 856 nafar qochqin Estoniyaga kirib kelgan. Ulardan 58 225 nafari mamlakatda qolgan. Statistika departamenti ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yil 1 yanvar holatiga Estoniya aholisi 1 331 796 kishini tashkil etdi.

Germaniyaning Buyuk Britaniyadagi elchisi Migel Berger ham 4 dekabr kuni Sky News telekanaliga bergan intervyusida federal hukumat yaqin haftalarda Ukrainadan Germaniyaga kelayotgan qochqinlar soni oshishini kutayotganini aytdi.

Germaniya Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, urush boshlanganidan beri Germaniyaga bir milliondan ortiq ukrainalik kelgan — bu Yevropadagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan biridir. Bild am Sonntag ma’lumotlariga ko‘ra, faqat Polsha ko‘proq qochqinlarni qabul qilgan (1,5 million kishi).

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid