13:08 / 07.12.2022
36430

General Jo‘rabekning sirli o‘limi – Chor Rossiyasiga qarshi mardona jang qilgan Kitob begi aslida kim bo‘lgan?

General Jo‘rabekni ayrimlar Turkiston mustaqilligi uchun kurashgan shaxs deyishsa, boshqalar bekni chor Rossiyasiga «sadoqat bilan» xizmat qilgan xoin sifatida ta’riflashadi. Avvaliga Kitob bekligini boshqargan, so‘ng Rossiya armiyasi safida xizmat qilib, general unvonini olgan bu shaxsning hayoti oson kechmagan. General Jo‘rabek 65 yoshida Toshkentda sirli ravishda o‘ldirilgan. Kimdir uni ruslar, yana kimdir qasos olish maqsadida mahalliy aholi o‘ldirgan deydi.

Foto: Kun.uz

Manbalarga ko‘ra, Jo‘rabek 1840 yili Kitob bekligiga qarashli Gulgunpush qishlog‘ida Qalandarqori xonadonida tug‘ilgan. O‘sha paytlarda Buxoro amirligi Kitob va Shahrisabz bekliklarini hali to‘laqonli o‘ziga bo‘ysundira olmagan, ikki o‘rtada qurolli to‘qnashuvlar sodir bo‘lib turardi.

1852 yili Buxoro amiri Nasrullo Shahrisabzga bostirib kirib, shahar ahlidan o‘ziga qarshi chiqqanlarni qilichdan o‘tkazadi. Shuningdek, bir guruh o‘smir yoshdagi bolalarni keyinchalik sorboz qilib tarbiyalash maqsadida Buxoroga olib ketadi. Ular orasida 12 yoshli Jo‘rabek ham bor edi.

To‘rt yil amir xizmatida bo‘lgan Jo‘rabek, 16 yoshida uning ishonchini qozonadi va to‘qsabo unvonini olishga erishadi. Bu lavozim bir qism sarbozlarga lashkarboshilik qilish imkonini berardi. Keyinchalik, Jo‘rabek Kitob bekligining begi bo‘ladi.

Taniqli olim Sharif Yusupovning yozishicha, Jo‘rabek jasur, sherdek baquvvat, o‘tkir mergan, harbiy jang san’atini puxta o‘zlashtirgan shaxs bo‘lgan. Jo‘rabek har qanday murakkab ishlarni uddalashga qodirligi bilan nafaqat o‘z hamyurtlarini, hatto chet ellik ko‘pni ko‘rgan kishilarni ham hayratga solgan.

Jo‘rabek Kitob bekligining begi bo‘lgan davrda u bilan uchrashgan ingliz sayyohi Skayler bekning merganlik mahoratidan juda lol qolgan. Bu haqda Yu.Rassel 1878 yilda Peterburgda chop etgan «O‘rta Osiyo madaniyati va Sharqdagi siyosatimiz» kitobida keltirib o‘tgan.

Jo‘rabek Kitob bekligini boshqarar ekan, amir bilan bir necha marta turli ixtiloflarga boradi.

«Jo‘rabek tabiatan adolatparvar, insofli odam bo‘lganidan o‘zi hokimlik qilgan Shahrisabz-Kitob muzofoti aholisiga Buxoro amiri tomonidan solinadigan ko‘pdan ko‘p soliqlarga qarshi o‘qtin-o‘qtin norozilik bildirib turar, ularning ayrimlarining bekor qilinishiga muvaffaq bo‘lar edi. Amir isyonkor bekdan tezroq qutulishni istar, bek esa ha deganda bo‘y beravermas edi», deb yozgandi Sharif Yusupov «Shahzoda, General va Furqat» asarida.

Ana shunday vaziyatda 1865 yilda avvaliga Toshkentni egallagan Chor Rossiyasi armiyasi Buxoro amirligi uchun jiddiy xavf tug‘dira boshlaydi va uning hududiga bostirib kiradi.

Amir Muzaffar qo‘shinlari Rossiya harbiylari bilan bo‘lib o‘tgan janglarda yengiladi. Ruslar 1866 yilda Jizzaxni, 1868 yilda Samarqandni egallaydi. Amir Muzaffar ruslar bilan bitim tuzib, Rossiya vassalligini qabul qilishga majbur bo‘ladi.

Amirning ruslar bilan sharmandali bitim imzolagani Jo‘rabek va uning do‘sti Shahrisabz begi Bobobekka yoqmaydi. Ular amirning o‘g‘li Abdumalik bilan ittifoq tuzib, Samarqandga qo‘shin tortadi.

Ruslarga qarshi janglar va mag‘lubiyat

Jo‘rabek va Bobobek boshchiligidagi qo‘shin kelayotganini eshitgan Samarqand ahli ruslarga qarshi bosh ko‘taradi. Shahrisabzdan kelayotgan 20 ming kishilik qo‘shin Samarqandning ozodligi uchun kurashayotgan qo‘zg‘olonchilarga qo‘shiladi. Bo‘lib o‘tgan shiddatli janglardan keyin Samarqand qaytarib olinadi.

Shundan so‘ng Kaufman Toshkentdan katta qo‘shin jo‘natadi. Rossiya armiyasi to‘p, miltiq kabi o‘tochar qurollarga ega edi. Shu sababli ular qilich, nayza kabi ibtidoiy qurollar bilan o‘ziga qarshi chiqayotgan Jo‘rabek boshliq samarqandlik qo‘zg‘olonchilarning qo‘shinini osongina yengib qo‘yadi. Bek Samarqandni tashlab chiqib, chekinishga majbur bo‘ladi.

Shahrisabzga qaytgan Jo‘rabek o‘ziga qarshi chiqqan amir Muzaffar qo‘shinlariga qarshi jang qiladi va ularni yengib chiqadi. Shundan so‘ng amir Muzaffar Kaufmandan yordam so‘raydi.

Kaufmanning buyrug‘i bilan Samarqandga o‘rnashgan rus qo‘shini Kitobga bostirib boradi. Jo‘rabek o‘z sarbozlari bilan ruslarning kichik bo‘linmalarini bir necha marta yengadi.

Shundan so‘ng Kaufman Kitob va Shahrisabzni egallash uchun yirikroq harbiy bo‘linmalarni tashlaydi. O‘zaro teng bo‘lmagan janglarda Jo‘rabek va Bobobekning qo‘shinlari yengiladi. Shu tariqa, 1870 yilning kuziga kelib ruslar Kitob va Shahrisabz bekliklarini ham bosib oladi va ularni amir Muzaffarga qaytarib beradi.

Amir Muzaffarning xoinligi tufayli yengilgan Jo‘rabek va Bobobek tog‘lar orqali Qo‘qonga qochishadi. Ularning maqsadi Qoshg‘arga borib, qo‘shin to‘plab kelish edi.

Ammo ular Qo‘qon xonligi hududiga kirishgach, Xudoyorxon o‘z navkarlariga ularni tutib kelishni buyuradi. Navkarlar Jo‘rabek va Bobobekni tutib borishgach Xudoyorxon fon Kaufmanga o‘zining do‘stligini isbotlash ilinjida ularni avval Xo‘jandga, so‘ng Toshkentga yuboradi.

Jo‘rabek ruslar xizmatida

Fon Kaufman odamlar bilan muomala qilishda ustasi farang bo‘lgan. U Jo‘rabek va Bobobekni avvaliga bir muddat uy qamog‘iga tiqib qo‘yadi. Keyin esa ularni o‘ziga og‘dirib olish uchun ozod qiladi. Har ikki bekka sovg‘alar berib, ularni ziyofat qiladi.

Ruslar Qo‘qon xonligiga yurish qilishni boshlaganda Xudoyorxonning xiyonatida qattiq ranjib yurgan Jo‘rabek va Bobobek Kaufmandan bu urushda qatnashish uchun ruxsat so‘raydi.

Shundan so‘ng ikki bek Skobelev otryadiga qo‘shilishadi va Qo‘qon xonligining turli shaharlarini bosib olishda ishtirok etishadi.

Jo‘rabek Xudoyorxondan qasd olish uchun rus askarlari bilan Qo‘qon xonligini bosib olishda ishtirok etadi va bu uning sha’niga dog‘ tushiradi.

Sharif Yusupovning yozishicha, Jo‘rabekning rus armiyasi xizmatiga o‘tishi qay tariqa sodir bo‘lgani haqida Nikolay Ostroumov fon Kaufman haqidagi kitobida qisqacha keltirgan.

«Sobiq Shahrisabz begi, hozirda rus armiyasi polkovnigi Jo‘rabek fon Kaufman general-gubernator bo‘lgan vaqtda rus qo‘shinlari tomonidan yengilib, Toshkentga olib kelingan va ma’lum muhlat hibsda saqlangan edi. Shundan so‘ng general Kaufman uni o‘z bog‘iga taklif etadi va shunaqangi muomala topadiki, Jo‘rabek o‘zi uchun butunlay begona bo‘lgan yangicha hayot tarziga ko‘nib, rus armiyasi xizmatida qolishga majbur bo‘ladi», deb yozgan Ostroumov.

Keyinchalik, 1880 yilda Farg‘ona vodiysining turli hududlarida ruslarga qarshi isyonlar sodir bo‘lganda Jo‘rabek ularni bostirishda qatnashadi. Shundan so‘ng o‘sha yili unga polkovnik unvonini berishadi.

Ammo ko‘p o‘tmay Jo‘rabek chor Rossiyasining Turkiston xalqlariga nisbatan amalga oshirayotgan siyosatining asl mohiyatini tushunib yetadi va unda norozilik kayfiyati shakllana boshlaydi.

Ayniqsa, fon Kaufman vafot etib, uning o‘rniga 1882 yilda Turkiston general-gubernatori etib tayinlangan general-leytenant M.G.Chernyayev davrida bu yaqqol seziladi.

Jo‘rabek general Chernyayev faoliyatini ochiqcha tanqid qiladi, u tutgan yo‘l adolatsiz ekanini aytadi. Chernyayevga nisbatan Turkistonda kelib chiqqan noroziliklar tufayli 1884 yilda imperator uni Rossiyaga chaqirib oladi.

Chernyayevdan keyin Turkiston general-gubernatori bo‘lgan N.Rozenbax, A.Vrevskiy, S.Duxovskiy, N.Ivanov va N.Tevyashov Jo‘rabekning mahalliy aholi o‘rtasidagi obro‘-e’tiborini inobatga olib, u bilan yaxshi munosabatda bo‘lishga urinishadi.

1884 yili polkovnik Jo‘rabek 4-darajali muqaddas Vladimir ordeni bilan mukofotlanadi. 1901 yili unga «general» unvoni beriladi. 1904 yilda esa u 3-darajali muqaddas Vladimir ordeni bilan taqdirlanadi.

Xudoyorxonning xotiniga uylanmoqchi bo‘lgan Jo‘rabek

1879 yilda Qo‘qon xoni Xudoyorxon hajga borib qaytishda vafot etadi. Bu paytda uning xotini Og‘acha oyim ikki farzandi bilan Turkistonda yashayotgandi. Erining vafotini eshitgan ayol bolalarini olib Toshkentga qaytib keladi va shu yerda yashay boshlaydi.

O‘sha paytda Jo‘rabek ham Toshkentda yashardi. Sharif Yusupovning yozishicha, Og‘acha oyim Toshkentda yashar ekan, Jo‘rabek unga uylanishga qaror qiladi. Ammo ayol ko‘nmaydi.

Jo‘rabek Og‘acha oyimga do‘q-po‘pisa ham qilib ko‘radi. Shunda Og‘acha oyim unga «Men xon xotiniman, sallotning tengi emasman» deb javob beradi. Jo‘rabek shundan so‘ng ayolni tinch qo‘yadi.

Jo‘rabek nega Og‘acha oyimga uylanishga qaror qilgani haqida aniq gaplar yo‘q. Balki bek bir paytlar o‘zini fon Kaufmanga tutib bergan Xudoyorxondan, garchi Qo‘qonning sobiq xoni vafot etib ketgan bo‘lsa-da, shu taxlitda o‘ch olishga uringan bo‘lishi ham mumkin.

Oradan yillar o‘tib Xudoyorxonning kenja o‘g‘li Fansurullobek ulg‘aygach Jo‘rabek qizini unga berib, xonzodani kuyov qilish harakatiga tushadi. Og‘acha oyim uning bu taklifiga qarshilik bildirmaydi. Shu tariqa Jo‘rabek Og‘acha oyim bilan quda, Fansurullobekka esa qaynota bo‘ladi.

Turkiston ozodligi uchun targ‘ibotlar va suiqasd

1905 yilda Sankt-Peterburgda xalq qo‘zg‘olon ko‘taradi. Bu qo‘zg‘olon Rossiyada «Birinchi inqilob» deb ataladi. Poytaxtda qo‘zg‘olon boshlanganda vaziyatdan foydalangan Jo‘rabek do‘sti Bobobek bilan Toshkentda Turkiston ozodligi uchun targ‘ibotlarni boshlab yuboradi.

Jumladan, 1905 yili 16 noyabrdan 29 dekabrgacha general Jo‘rabek to‘rt marta ziyolilar majlisini o‘tkazadi. Bu majlislarda Turkiston xalqlariga siyosiy va iqtisodiy erkinliklar yaratilishi talab qilingandi.

Generalning o‘z dala hovlisiga ko‘plab millat fidoyilarini yig‘ib, Turkiston ozodligi uchun majlislar o‘tkazayotgani rus bosqinchilariga yoqmaydi.

1906 yil 24 yanvar kuni tunda Jo‘rabek Qorasuvdagi dala hovlisida sirli ravishda o‘ldirib ketiladi. O‘shanda bosqinchilar generalning uyiga qanday kirib olganini hech kim sezmay qoladi.

Jo‘rabekning o‘limi turlicha talqin qilinadi. Kimdir bu ishda Turkiston general-gubernatorining qo‘li borligini aytsa, ba’zilar bunga uning jadidlar otasi Ismoilbek Gaspirali bilan maxfiy uchrashuvlari sabab bo‘lgan, deyishadi.

Jo‘rabekning sirli o‘limi chor Rossiyasi hukumati tomonidan amalga oshirilgani haqiqatga yaqinroq. Chunki generalning rus bosqinchilaridan boshqa dushmanlari bo‘lgani haqida umuman ma’lumot yo‘q.

Jo‘rabek rus armiyasidan iste’foga chiqqach, jadid maktablarini faol targ‘ib qilgan. Uning bunday maorifparvarlik faoliyati haqida u bilan uchrashgan qrimtatar ma’rifatparvari Ismoilbey Gaspirali keyinroq uning fojiali o‘ldirilishi munosabati bilan yozgan ta’ziyanomasida shunday fikrlarni bildirgan:

«General Jo‘rabek avvallari Kitob shahrining mustaqil hukmdori bo‘lib, Rusiyaning dushmani sifatida asir tushgan va Turkiston ishlarida Rusiyaga sadoqat bilan xizmat qilgan. Marhum tug‘ma askar bo‘lish bilan barobar ilm va maorifni ham juda sevgan bir kishi edi. «Tarjimon»ni (gazeta nazarda tutilyapti) chiqqan kunidan beri doimiy o‘quvchilaridan edi. Olloh undan o‘z rahmatini darig‘ tutmasin».

Markaziy Osiyo tarixini o‘rgangan akademik V.V.Bartold Jo‘rabek bilan hamsuhbat bo‘lgan va uning juda keng bilimga egaligini o‘z asarlarida hayrat bilan yozgan edi.

Jumladan, Bartold «Turkistonning madaniy hayoti» asarida general Jo‘rabek bilan uchrashganda bo‘lib o‘tgan suhbat tafsilotlarini shunday tasvirlaydi: «Jo‘rabek shunday deydi: «Podsho (rus podshosi) hukmronligi xuddi mo‘g‘ul hukmronligiga o‘xshaydi. Ularda ham, ruslarda ham yuqori lavozimlarga yomon kishilar — xudbin, shaxsiyatparast va molparastlar tayinlangan».

Jo‘rabek o‘ldirilgandan bir necha kun o‘tib «Turkestanskaya vdomosti» gazetasida u haqda maqola beriladi. Maqolada general talonchilik qurboni bo‘lgani yozilgan edi:

«Marhumning dushmanlari yo‘q edi. Shubhasizki, qotillik talonchilik maqsadida sodir etilgan: general Jo‘rabek janobi oliylari Buxoro amiriga ajoyib bog‘ini ijaraga bergani uchun kuni kecha bir necha ming so‘m pul olgan edi. Jinoyatchilar javondagi barcha buyumlarni, yozuv stoli g‘aladonlarini, garderobni ag‘dar-to‘ntar qilib tashlashibdi, lekin chamasi, faqat pullarni o‘g‘irlab ketishibdi, xolos. Qimmatbaho buyumlarga, jumladan, javonda turgan o‘qlanmagan to‘pponchaga (hozirgi zamonda qimmatbaho hisoblanadigan buyum) qo‘l tekkizilmagan…» (Nabijon Boqiyning «General Jo‘rabekni kim o‘ldirgan?» maqolasidan)

Ruslar tomonidan chop etilgan gazetadagi xabardan ham uqish mumkinki, bosqinchilar ommaning ko‘tarilib ketishidan qo‘rqib uning o‘limini oddiy o‘g‘irlikka bog‘lashgan.

Taniqli yozuvchi Nabijon Boqiy 1988 yilda «Yoshlik» jurnalida e’lon qilingan «General Jo‘rabekni kim o‘ldirgan?» maqolasida shunday deydi:

«Rasmiy hujjatlarda generalni chakana o‘g‘rilar o‘ldirishdi deb qayd etilgan. Lekin o‘sha kezlardagi siyosiy vaziyatni nazarda tutsak, general Jo‘rabek tasodif tufayli halok bo‘lganiga ishonish qiyin; u milliy qasoskorlar tomonidan Inqilob nomi bilan qatl etilgan bo‘lishi mumkin. Chunki Jo‘rabek o‘z xalqiga xiyonat qilgan edi: u mustamlakachilarga sidqidildan xizmat qiladi, mustamlakachilik zulmiga qarshi kurashgan xalq qo‘zg‘olonchilarini qonga botiradi. Buning evaziga chor hukumatidan sadaqalar oladi».

Nabijon Boqiy o‘z maqolasida «Jo‘rabek milliy qasoskorlar tomonidan Inqilob nomi bilan qatl etilgan bo‘lishi mumkin», degan bo‘lsa ham bu talqin haqiqatdan ancha yiroq.

Chunki Jo‘rabek rus bosqinchilari bilan Qo‘qon xonligini bosib olish uchun olib borilgan urushlarda 1874-75 yillarda qatnashgan edi. Farg‘ona vodiysida ruslarga qarshi ko‘tarilgan qo‘zg‘olonlarni bostirish uchun olib borilgan janglarda 1880 yilda ishtirok etgan. Oradan ko‘p o‘tmay Jo‘rabek harbiy xizmatdan iste’foga chiqqan.

Jo‘rabek o‘ldirilgan vaqtda uning ruslar bilan birga qo‘zg‘olonchilarga qarshi olib borilgan janglarda ishtirok etganiga 20-25 yillar bo‘lgan, bu paytga kelib mahalliy aholi ruslar qo‘l ostida yashashga ko‘nikkan va ko‘p ishlar unutilib ketgandi.

Agar Jo‘rabekni Qo‘qon xonligiga qarshi urushgani yoki mahalliy aholining qo‘zg‘olonlarini bostirishda ishirok etgani uchun qasos olish sifatida o‘ldirmoqchi bo‘lishsa, hali izlar sovimasdan turib bunga imkoniyat bo‘lgan. Ammo unga hech kim tajovuz qilmagan.

Qolaversa, Jo‘rabek Chor Rossiyasi armiyasidan o‘ldirilishidan ancha yil avval iste’foga chiqqan va 1905 yilda sodir bo‘lgan birinchi inqilobgacha hamda undan keyin asosan Turkiston ozodligi uchun qayg‘urib kelgan.

Nabijon Boqiy o‘zining maqolasida uning ruslar tomonidan o‘ldirilgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi yana bir taxminni ilgari suradi:

«General Jo‘rabekning fojiali o‘limiga oid ikkinchi faraz ham mavjud: go‘yo u umrining oxirlarida progressiv rus ziyolilari bilan do‘stona munosabat o‘rnatgan emish va Turkiston general gubernatori ishtirok etgan ko‘pgina bazmi jamshidlarda chorizmning mustamlakachilik siyosatini qoralaganmish. Ehtimol, keyinchalik Jo‘rabekning vijdoni qiynalgandir; kech bo‘lsa-da ko‘zi ochilgandir — tiz cho‘kib yashashdan ko‘ra, tik turib o‘lmoqni afzal deb bilgandir. Balki birinchi rus burjua-demokratik inqilobi ta’sirida, «Xalqim!» deb jonlarini fido qilayotgan rus inqilobchilari ta’sirida Jo‘rabekning o‘ttiz-o‘ttiz besh yillik ko‘r-ko‘rona sadoqati puturdan ketgandir?.. Shuning uchun oq podsho ayg‘oqchilari tomonidan o‘ldirilgan bo‘lsa ham ajab emas».

Jo‘rabekning o‘ldrilishi bo‘yicha bildirilgan turli taxminlar orasida mana shunisi haqiqatga ancha yaqinroq. Chor Rossiyasiga jonini tikib xizmat qilganida avvaliga polkovnik, so‘ng general unvoni va ordenlar berilgan Jo‘rabek armiyadan iste’foga chiqqach Turkiston ozodligi haqida qayg‘urib, rus bosqinchilari uchun istalmagan shaxsga aylangandi. Shundan so‘ng unga suiqasd qilingan.

Jo‘rabekning boy kutubxonasi

General Jo‘rabek ilm ahllari, adiblar bilan do‘stona aloqada bo‘ladi. O‘zining Qorasuvdagi bog‘ida tez-tez ilm majlislari uyushtiradi. Shuningdek, Toshkentdagi madrasalarda ta’lim olayotgan talabalarning ta’minoti uchun mablag‘ ajratib turadi.

Bundan tashqari, uning o‘zi ham sharq olimlari merosini qunt bilan o‘rganadi umri davomida ilm-ma’rifatga katta ahamiyat beradi.

Jumladan, 1876 yilda Jo‘rabek Peterburgga sharqshunoslar kongressiga vakil qilib yuboriladi. Bu anjumanda u chiqish qiladi va o‘z bilimi bilan ko‘pchilik sharqshunoslarni lol qodiradi.

Ilm-fanga muhabbati tufayli uning ko‘plab nodir asarlarga boy kutubxonasi bo‘lgan. Kutubxona Qorasuvdagi dala hovlisidagi binoda joylashgan va Jo‘rabek ilm ahllari bilan asosan shu yerda majlislar tashkil etgan.

Jo‘rabek o‘ldirilgandan so‘ng uning Qorasuvdagi dala hovlisi farzandlari ixtiyorida qoladi. Oktyabr to‘ntarishidan so‘ng dala hovli va u yerda bo‘lgan kutubxona generalning bolalaridan tortib olinib, davlat ixtiyoriga o‘tib ketadi.

Sovetlar davrida dala hovlidan turli maqsadlarda foydalaniladi. Mustaqillikdan keyin dala hovli mahalla idorasi sifatida ishlab kelyapti. Hozirgi kunda Jo‘rabekning dala hovlisidagi binolar ko‘chmas madaniy obekt sifatida muhofazaga olingan.

Uning kutubxonasidagi turli kitoblar va qo‘lyozmalar avvaliga Sharqshunoslik institutida, so‘ngra Milliy universitetning asosiy kutubxonasiga o‘tkazilgan.

Jo‘rabek va shoir Furqatning do‘stligi

Jo‘rabek ko‘plab ilm ahllari va adiblar bilan, shu jumladan shoir Furqat bilan ham do‘st tutingan edi.

Furqat Toshkentdaligida Jo‘rabek bilan ko‘p martoba uchrashadi, uning kutubxonasidan ko‘p marotaba foydalanadi.

Sharif Yusupovning yozishicha, Shahrisabz begining ilm ahllariga va adiblarga bo‘lgan hurmati va boshqa fazilatlari shoir Furqatga manzur bo‘lgan. U Toshkentda yashagan vaqtida ko‘p vaqtini Jo‘rabekning kutubxonasida o‘tkazadi.

Qolaversa, Jo‘rabekning rus tilini, rus klassik adabiyotini yirik mutaxassislar darajasida bilishi ham Furqatni lol qoldirgan. Bundan tashqari, Furqatni Jo‘rabek bilan bog‘lab turgan rishtalar ko‘p bo‘lgan.

Ikki yil Toshkentda yashagan Furqat dunyo bo‘ylab sayohatga otlanadi va 1893 yilda sayohatning so‘ngida Sharqiy Turkistondagi Yorkent shahriga borib, shu yerda turg‘un yashab qoladi. Shundan so‘ng u ancha yil Jo‘rabek bilan o‘zaro maktub yozishib turadi.

«Furqat Yorkentga kelishi bilanoq yozilgan maktubida (u 1893 yil 15 noyabrda  «Turkiston viloyatining gazeti» gazetasida e’lon qilingan) «Janobi polkovnik Jo‘rabekka ko‘p salom» yo‘llashi, hatto Toshkentga yozilgan eng so‘nggi salomnomasida (u 1905 yil 15 da bitilgan) «Hurmatli Jo‘rabek dodxohga salomimiz bor» deya qayta-qayta ehtirom ko‘rsatgani bejiz emas», deb yozadi Sharif Yusupov.

Jo‘rabek qurdirgan masjid

General din ahllarini va olimlarini ham juda hurmat qilgan. Masjidlarga yordam bergan. Shuningdek, Toshkentda o‘z mablag‘lari hisobidan masjid qurdirgan.

Jo‘rabek qurdirgan masjid hozirgi «Islom ota» masjidi o‘rnida bo‘lgan va oktyabr to‘ntarishidan bir necha yil o‘tib, manfur tuzum tomonidan dinga hujumlar uyushtirilganda yopib qo‘yiladi.

Keyinchalik, 1941 yilda masjid qayta ochiladi va faoliyat ko‘rsata boshlaydi. O‘zbekiston mustaqillikka erishgach masjid binosi kengaytiriladi. Ammo 2015 yilda sodir bo‘lgan yong‘inda masjidning asosiy xonaqohiga jiddiy zarar yetadi.

Shundan so‘ng bu yerda yangi masjid qurilishi boshlanadi. 7 oy deganda zamonaviy, mahobatli yangi masjid qurib bitkaziladi. Hozirgi kunda ushbu masjid «Islom ota» nomi bilan namozxonlarga xizmat qilmoqda.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid
Top