Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Xotirasini yo‘qotib, besh oy og‘ir ahvolda yotgan ayol sog‘aya boshladi
Inson salomatligi aziz. Bir kishining og‘ir dardi butun oilani tashvishga solib qo‘yadi. Oqqo‘rg‘onlik Umida Ortiqova 34 yoshida murakkab kasallikka mubtalo bo‘ldi va olti oyga yaqin muddat o‘tibgina uning sog‘ayishiga umid uyg‘ondi.
Ikki farzandini sog‘-salomat dunyoga keltirgan Umida uchinchi farzandiga homilador bo‘lganda organizmida muammolar ko‘zga tashlana boshladi. Gestatsion gipertenziya, surunkali piyelonefrit va kamqonlik kabi dardlar tufayli ayol bir necha marta tuman shifoxonalarida davolandi.
Uchinchi farzandi – o‘g‘li tug‘ilishi bilan Umidada atonik qon ketishi kuzatildi va u qisqa vaqt ichida 2,5 litr atrofida qon yo‘qotdi. Shifokorlar turli usullar bilan qonni to‘xtatishga urindilar, naf bermagach, bachadonni olib tashlash (bachadon ekstirpatsiyasi) amaliyoti o‘tkazishga majbur bo‘lindi. Ammo bu operatsiya ham kerakli natijani bermay, bir necha marta konsiliumlar o‘tkazildi, qayta operatsiyalar qilindi. Bemorda oshqozon-ichak tizimida ham kasalliklar, qon ketishi kuzatildi.
Zudlik bilan Toshkentga olib kelingan va jonlantirish bo‘limida 54 kun davolangan Umida Ortiqovaning hayoti saqlab qolingan bo‘lsa-da, unda uzoq vaqt koma holati va qon ketishning asorati sifatida xotiraning yo‘qolishi kuzatilgan. Bemor davolanishni davom ettirish tavsiyasi bilan uyiga jo‘natilgan.
Davlat rahbarining ko‘rsatmasiga binoan 2022 yil 28 noyabr kuni Sog‘liqni saqlash vazirligi mas’ullari tomonidan Oqqo‘rg‘on tumanida o‘tkazilgan uyma-uy xatlov paytida Umida Ortiqovaning xonadoniga ham kirilgan. Bemorning onasi oila og‘ir vaziyatga tushib qolganidan shikoyat qiladi. Ayolning umumiy ahvoli qoniqarsiz, xotirasi zaif - xotiraning pasayishi, ya’ni - ismini, bolalarining va oila a’zolarini ismlarini hamda avval bo‘lib o‘tgan voqealarni eslay olmasligi - tez unutishi (retrograd amneziya), birovning yordamisiz yura olmasligi, harakatlanganda butun badanida og‘riq bezovta qilishi o‘rganildi.

Shundan so‘ng bemor Toshkent viloyati perinatal markaziga tashxislash hamda davolash maqsadida o‘tkazildi. Markazda tekshiruvlar asosida davo muolajalari boshlandi va hozirgi vaqtgacha davom etmoqda.
Ayni kunga kelib bemor holati yaxshilangan, umumiy holsizlik, bel sohasidagi og‘riq, uzoq masofaga yura olmaslik kabi belgilar yo‘qolgan, xotirasi tiklana boshlangan.

Uyma-uy xatlovlarning natijasi, muammolarni aholi orasiga kirib borib o‘rganish samarasi bilan bir oilaning farzandi, uch bolaning onasi sog‘aya boshladi.
Mavzuga oid
10:14 / 21.05.2026
Farg‘onada ayol erini urgani uchun oilaviy zo‘ravonlikda ayblandi
09:58 / 08.04.2026
Xorazmda haykalni o‘pgan ayol jarimaga tortildi
12:41 / 16.03.2026
O‘zbekistonda 12 mingdan ortiq ayol 40 yoshdan keyin ona bo‘lgan
12:01 / 06.03.2026