Jahon | 12:42 / 10.01.2023
6910
3 daqiqa o‘qiladi

«Yedinaya Rossiya» o‘z tarafdorlari bazasidan urushga qarshilarni chiqarib tashlayapti

Foto: RIA Novosti

«Vedomosti»ning yozishicha, navbatdagi mintaqaviy saylovlar va 2024 yilgi prezidentlik saylovlari oldidan «Yedinaya Rossiya» ijtimoiy tarmoqlardagi faolligini tahlil qilib, o‘z tarafdorlari bazasini tozalamoqda.

Rossiya Federatsiyasida hokimiyat tepasida bo‘lgan «Yedinaya Rossiya» partiyasi 2023 yilgi bir qator mintaqaviy saylovlar va 2024 yilgi prezidentlik saylovlari oldidan Ukrainadagi urushga qarshi bo‘lgan fuqarolarni o‘z tarafdorlari bazasidan chiqarib tashlayapti. Ma’lumotlar bazasida ro‘yxatga olingan sodiq fuqarolar sun’iy intellekt va maxsus algoritmlar yordamida «Odnoklassniki» va «VKontakte» ijtimoiy tarmoqlaridagi faolligiga qarab baholanadi, deb xabar berdi «Vedomosti» gazetasi 9 yanvar, dushanba kuni partiyadagi ikki manbaga tayanib.

«Sun’iy intellekt ijtimoiy tarmoqlardagi partiya tarafdorlarini aniqlaydi, ularga ma’lum ball qo‘yiladi - layk ko‘rish, ma’lum guruhlarda bo‘lish va boshqa faollik uchun. Shundan so‘ng bu odamlar bizning tarafdorlar bazamizda bor-yo‘qligi tekshiriladi», - dedi nashr suhbatdoshlaridan biri. Uning so‘zlariga ko‘ra, natijada qo‘llab-quvvatlovchilarning aksariyati ro‘yxatdan o‘chirilgan va 25 million kishidan bor-yo‘g‘i 9 millioni qolgan, ammo hozir ular yangi odamlar bilan to‘ldirildi, ayni paytda ma’lumotlar bazasida 13 million kishi bor. 

Bu ma’lumotlarga ko‘ra, tekshirish asosan hududlarda o‘tkazilgan. Ulardan ba’zilarida «Yedinaya Rossiya» tarafdorlarining bazalari butunlay qayta shakllantirilmoqda, ular saylovlarda «Yedinaya Rossiya»ning yomon natijalari qayd etilgan yoki hokimiyatdagi muxolif partiyalar vakillari bo‘lgan mintaqalardir.

Xususan, Sibir shaharlaridan birida unda bo‘lgan barcha odamlar bazadan chiqarilib, u qayta tashkil qilina boshlangan. «Buning uchun shahar aholisining 670 ming akkaunti tahlil qilindi, «siyosiy ahamiyatga ega harakatlar» - layk va repostlar aniqlandi - ular 3000 dan ortiq ekani qayd etildi. Ular bo‘yicha ma’lumotlar boshlang‘ich bo‘lim kotiblari, uylar bo‘yicha mas’ullarga jo‘natildi, ular yuzma-yuz suhbatga chaqirila boshlandi», - deydi suhbatdoshlardan biri. Natijada, unga ko‘ra, 26 ming yangi tarafdor aniqlangan.

Mavzuga oid