Jahon | 20:20 / 21.02.2023
13667
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiyadagi zilzilalar yana bir yarim yil davom etishi mumkin - seysmolog

Istanbulga ham kuchli zilzila xavf solmoqda. 

Foto: Ronen Zvulun / Reuters

Turkiyaning janubiy viloyatlari va Suriya shimoli-g‘arbida yuz bergan kuchli zilzilalar yana 1,5 yil davomida takrorlanishi mumkin. Bu haqda fizika-matematika fanlari nomzodi, geofizik va seysmolog Anna Lyusina The Insider nashriga aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu bashorat empirik ma’lumotlarga asoslangan. 

«Turkiyada ikkita yoriq bor, Shimoliy Anadolu va Sharqiy Anadolu. Bu hududlarda har doim zilzila yuz beradi. Odatda 2-3 magnitudali. Magnitudalar shu darajaga pasaymaguncha zilzilalar davom etaveradi», dedi u. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, Turkiyaning eng yirik shahri Istanbul (15 milliondan ortiq aholi) ham xavf ostida. 

«Istanbul Shimoliy Anadolu yorig‘i yaqinida joylashgan, shuning uchun u yerda ham vayronkor zilzilalar bo‘lishi mumkin», deb tushuntirdi Lyusina. 

6 fevral kuni Turkiyada 7,7 magnitudali kuchli zilzila sodir bo‘ldi. 21 fevral holatiga 47 mingdan ortiq odam halok bo‘ldi. Yetkazilgan moddiy zarar 70 milliard dollarga baholangan. 20 fevral kuni xuddi shu mintaqada 6,3 magnitudali yangi zilzila sodir bo‘lib, yana vayronagarchilik va qurbonlarga olib keldi. 

 

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid