O‘zbekiston | 11:22 / 23.06.2023
24067
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston hududiga nisbatan salqin va nam havo kirib keladi 

Ushbu haftaning boshida, sinoptiklar va’da qilganidek, O‘zbekiston bo‘yicha issiq biroz pasaydi. Harorat +33...+38 darajagacha tushdi. Faqat respublikaning eng janubiy hududlari juda issiq havo massalari ta’siri ostida bo‘ldi. Surxondaryo viloyatida havo +40...+44 darajagacha isidi.

Foto: Kun.uz

“O‘zgidromet” xabariga ko‘ra, bugun va ertaga respublika bo‘yicha asosan kam bulutli va o‘rtacha issiq ob-havo saqlanib turadi. Havo harorati +33...+38 daraja, Surxondaryo viloyatida ba’zi joylarda +42...+44 daraja atrofida bo‘ladi.

Yakshanba kuni O‘zbekiston hududiga Kavkaz hududlaridan nisbatan salqin va nam havoning yana bir qismi kirib keladi. Respublika bo‘yicha bulutlilik kuchayadi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro, Navoiy viloyatlarida ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Harorat yana +2...+4 darajaga, yoz fasli uchun qulay bo‘lgan +31...+34 darajagacha, janubda ba’zi joylarda +38...+40 darajagacha pasayadi. Salqin havo kechasi va ertalab seziladi, kechasi harorat +15...+18 darajagacha pasayadi.

Bugun janubda va cho‘l hududlarda, 24-25 iyun kunlari respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol tezligi 13-18 m/s gacha, ayrim joylarda 20-23 m/s gacha kuchayishi, chang-to‘zon bilan kuzatilishi kutilmoqda.

Tog‘oldi va tog‘li hududlarda 24-25 iyun kunlari ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.

Poytaxtda havo biroz bulutli bo‘ladi, vaqti-vaqti bilan o‘zgarib turadi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Sharqiy shamol yo‘nalishini o‘zgartirib, g‘arbdan 3-8 m/s tezlikda esadi, shanba kuni kechga tomon va yakshanba kuni shamol tezligi 12-15 m/s gacha kuchayishi mumkin. Havo harorati 23-24 iyunda +34...+36 daraja, 25 iyunda +31...+33 daraja bo‘ladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid